Logo

Prezident administratsiyasi to‘g‘risida konstitutsiyaviy qonun qabul qilinishi mumkin

Бугун 12:252 дақиқа

Qonun loyihasi Prezident administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni, huquqiy maqomi va faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilashga qaratilgan.

Prezident administratsiyasi to‘g‘risida konstitutsiyaviy qonun qabul qilinishi mumkin © Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 4-avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda parlamentning quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston konstitutsiyasi talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, Prezident administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni, huquqiy maqomi va faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilashga qaratilgan. Loyihada administratsiya O‘zbekiston prezidenti tomonidan shakllantirilishi, shuningdek administratsiyaga prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan administratsiya rahbari boshchilik qilishi belgilanmoqda.

Administratsiyaning maqomi, faoliyatining asosiy prinsiplari, tarkibiy tuzilishi va faoliyatini tashkil etish tartibi, uning davlat hokimiyati organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro aloqalari, administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari faoliyatining kafolatlari aniq belgilab berilmoqda.

Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan administratsiyaning davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari bilan aloqalari ochib berilgan.

Ma’lumot uchun, respublika konstitutsiyasining 109-moddasiga muvofiq O‘zbekiston prezidenti o‘z vakolatlarini amalga oshirishni tashkiliy, huquqiy, tahliliy jihatdan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasini shakllantiradi hamda uning rahbarini tayinlaydi. Prezident administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolatlari qonun bilan belgilanishi nazarda tutilgan.

Muhokamalar yakuniga ko‘ra, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qonunchilik palatasi kapital bozorini isloh qilishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qullagandi.

Теглар

Мавзуга оид