Prezident Qoraqalpog‘istondagi intensiv bog‘ ishi bilan tanishdi
Ushbu sanoatlashgan intensiv bog‘ga 55 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Bog‘ning umumiy maydoni 330 gektarni tashkil etadi. Loyiha doirasida yetishtirilgan tayyor mahsulotlarni Xitoy, Koreya va Rossiyaga ekport qilish uchun shartnomalar imzolangan.
© Foto: president.uzPrezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanidagi «ADM Agro» korxonasining sanoatlashgan intensiv bog‘ida yo‘lga qo‘yilgan zamonaviy agrar tajribani ko‘zdan kechirdi.
Jahon tajribasida avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar boshqa tarmoqlarni ham rivojlantirib, ko‘p tarmoqli faoliyat yuritishi keng tarqalgan. Jizzax viloyatida avtomobil ishlab chiqarayotgan «ADM Group» kompaniyasi ham shu yondashuv asosida faoliyatini kengaytirmoqda. Orolbo‘yida intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish uning yangi yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.
Prezident matbuot xizmatining yozishicha, Orolbo‘yining og‘ir iqlimida, sho‘r tuprog‘ida bog‘dorchilik o‘zini oqlamaydi. 55 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan mazkur loyiha esa bu qarashlarni butkul o‘zgartirmoqda.
Bog‘ning umumiy maydoni 330 gektarni tashkil etadi.
«Eng muhimi, mahalliy aholi uchun 100 ta muqim ish o‘rni yaratildi. Ilgari doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan qishloq aholisi endi o‘z hududida ishlab, oilasiga baraka kiritmoqda», — deyiladi xabarda.
Hozirda 69 gektar maydonga AQSHda seleksiya qilingan 250 ming tub qora olxo‘ri ko‘chati ekilgan. Bu nav sho‘r yerlarga juda chidamli hisoblanadi. U ekilganidan so‘ng atigi 2 yilda hosilga kiradi. Bir tup daraxt 50-60 kilogrammgacha hosil beradi. Mevaning yirikligi va danakning oson ajralishi qayta ishlash uchun juda qulay sanaladi.
Yerdan unumli foydalanish va daromadni ko‘paytirish maqsadida daraxtlar orasiga hosildor pomidor navi ekildi. Ekin maydonining har bir gektaridan o‘rtacha 40-45 tonna hosil olish mumkin.
Qayd etilishicha, bog‘da qo‘llangan zamonaviy texnologiyalar suv tanqisligi bilan bog‘liq muammoga samarali yechim bergan. Maydonda yopiq drenaj va tomchilatib sug‘orish tizimlari joriy qilingan. Oddiy sug‘orishda bir gektar yerga 12 ming litr suv ketadi. Yangi tizim orqali esa bu sarf bor-yo‘g‘i 5 ming litrni tashkil etmoqda. Natijada suv 60 foizgacha tejaladi.
Suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri daraxt ildiziga boradi va behuda sarf bo‘lmaydi. Suv bilan birga berilgan mineral o‘g‘itlar 90 foizgacha o‘simlik tomonidan o‘zlashtiriladi. Namlikning bir maromda saqlanishi hosildorlikni yanada oshiradi. Tizim to‘liq avtomatlashtirilgani sababli yuzlab gektar maydonni birgina operator bemalol boshqara oladi.
Loyiha doirasida tayyor mahsulotlarni Xitoy, Koreya va Rossiyaga ekport qilish uchun shartnomalar imzolab bo‘lingan.
Aytilishicha, Kegeylidagi mazkur muvaffaqiyatli tajriba butun Qoraqalpog‘iston bo‘ylab kengaytiriladi. Intensiv bog‘lar maydonini 10 ming gektarga yetkazib, 40 mingta doimiy va mavsumiy ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgan.





