Logo

Putindan Ukraina urushi haqida yangi bayonot: «Rossiya Ukraina bilan urushishni istamaydi, muzokaralarga tayyor»

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSH vositachiligida o‘tkaziladigan uch tomonlama muzokaralarni noyabr oyida qayta boshlashga tayyorligini bildirdi.

Putindan Ukraina urushi haqida yangi bayonot: «Rossiya Ukraina bilan urushishni istamaydi, muzokaralarga tayyor» © 78.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina bilan urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga tayyorligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi uch tomonlama muloqotda Rossiya va Ukraina xavfsizligini ta’minlash masalalari, shuningdek, Yevropa xavfsizligining kelajakdagi arxitekturasi atroflicha muhokama qilinishi kerak.

Putin bu haqda 2026 yil 22-oktabr kuni «Vesti» jurnalisti Pavel Zarubinga bergan intervyusida gapirib o‘tdi. Mazkur intervyu Rossiya prezidentining AQSH prezidenti maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan 21-oktabr kuni Sankt-Peterburgda o‘tkazgan uchrashuvidan so‘ng yozib olingan.

Ukraina bilan munosabatlar haqida fikr bildirar ekan, Putin: «Rossiya Ukraina bilan urushishni istamaydi», deya ta’kidladi. Shu bilan birga, agar Ukraina rahbariyati urushni davom ettirishni istasa, Rossiya ham jangni davom ettirishini qo‘shimcha qildi.

Muzokaralar noyabr oyida qayta boshlanishi mumkin

Putinning aytishicha, Rossiya AQSH vositachiligida Ukraina bilan uch tomonlama muzokaralarni qayta boshlashga prinsipial jihatdan tayyor. Uning yordamchisi Yuriy Ushakov 21-oktabr kuni Stiv Uitkoff bilan uchrashuvdan keyin muzokaralar taxminan 10-noyabr atrofida o‘tkazilishi mumkinligini bildirgan.

Putin kelgusi muloqotning asosiy maqsadi faqatgina qisqa muddatli o‘t ochishni to‘xtatish emas, balki tinchlik kelishuvidan so‘ng Rossiya va Ukraina xavfsizligini ta’minlash bo‘lishi kerakligini aytdi. Uning fikricha, yakuniy kelishuvlar albatta uzoq muddatli xarakterga ega bo‘lishi lozim.

Shuningdek, Rossiya prezidenti AQSH maxsus vakili bilan suhbat chog‘ida Ukraina va Rossiya xavfsizligi muhokama qilinsa, albatta, Yevropa xavfsizligining umumiy tizimi masalasini ham ko‘tarish kerakligiga rozi bo‘lgan.

Zelenskiy ham uch tomonlama muzokaralarni qo‘llab-quvvatlamoqda

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 21-oktabr kuni AQSH tomonidan taklif qilingan uch tomonlama muzokaralarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. «Reuters» agentligi xabariga ko‘ra, Zelenskiy mazkur uchrashuvni imkon qadar tezroq, kechi bilan noyabr oyining boshida o‘tkazish tarafdori ekanini aytgan.

Uning ta’kidlashicha, Kiyev ayni paytda AQSH bilan doimiy aloqada va Rossiya, Ukraina hamda AQSH muzokara guruhlari darajasida uchrashuv tashkil etish taklifini ma’qullagan. Shuningdek, Zelenskiy o‘t ochishni to‘xtatish, energetika obyektlariga qilinayotgan hujumlarni to‘xtatish va gumanitar tashabbuslarga oid takliflarni ham qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

  Putin: «Ruslar va ukrainlar — amalda bir xalq»

Putin o‘z intervyusida Rossiya va Ukraina xalqlari o‘rtasidagi tarixiy hamda madaniy aloqalar haqida ham gapirdi. U ruslar va ukrainlarni «amalda bir xalq» deb atadi va ikki davlat o‘rtasida kelishuvga erishish mumkinligini ta’kidladi.

«Mana, shu mavzuga qaytar ekanman, shuni aytmoqchimanki, biz hozir ham kelishishga, ushbu og‘ir va murakkab vaziyatga yechim izlashga tayyormiz, negaki bu bizga juda yaqin xalq, tushunyapsizmi? Xo‘sh, nima desam ekan? Mana, so‘nggi genetik tadqiqotlar ruslar va ukrainlar aslida bitta xalq ekanligini ko‘rsatmoqda», — dedi Putin

Ukraina hududlari bo‘yicha pozitsiyalar hanuz farq qiladi

Intervyuning eng bahsli va munozarali qismlaridan biri Rossiya nazoratidagi Ukraina hududlari haqidagi fikrlar bo‘ldi.

Putin Ukraina prezidentining hududiy yo‘qotishlar masalasi bo‘yicha bayonotlariga izoh berar ekan, bahs ostidagi hududlarni «tarixiy Rossiya hududlari» deb atadi. Uning iddaosicha, bu hududlarda yashovchilar dastlab mustaqillikni, keyin esa Rossiya bilan birlashishni qo‘llab-quvvatlab ovoz bergan.

Rossiya 2022 yilning sentabrida Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlarida maxsus «referendumlar» o‘tkazilganini e’lon qilgan hamda shu yilning kuzida bu hududlarni o‘z tarkibiga qo‘shib olganini bildirgan edi.

Biroq mazkur ovoz berish jarayonlari xalqaro miqyosda tan olinmagan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2022 yil 12-oktabrda 143 davlat yoqlab, besh davlat qarshi ovoz bergan va 35 davlat betaraf qolgan rezolyutsiyani qabul qildi. Ushbu hujjatda Rossiyaning to‘rtta Ukraina viloyatini anneksiya qilishga urinishi xalqaro huquqqa zid deb keskin qoralangan hamda davlatlardan Ukrainaning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralarini hurmat qilish talab qilingan.

Muzokaralar uchun asosiy to‘siqlar nimalar?

Rossiya va Ukraina muzokaralarga tayyor ekanini bildirgan bo‘lsa-da, tomonlar o‘rtasida hanuz jiddiy kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda.

«Reuters» agentligiga ko‘ra, hududlar masalasi tinchlik muzokaralarining eng murakkab jihatlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Rossiya Donbass ustidan to‘liq nazoratni talab qilayotgan bo‘lsa, Ukraina o‘z hududlari bo‘yicha huquqiy pozitsiyasidan aslo voz kechmoqchi emas.

Xavfsizlik kafolatlari masalasida ham tomonlarning yondashuvlari turlicha. Putin Rossiya va Ukraina xavfsizligini uzoq muddatli kelishuv orqali ta’minlash zarurligini aytmoqda. Ukraina esa o‘zining va Yevropa hamkorlarining xavfsizlik kafolatlarini muzokaralarning eng muhim sharti sifatida ko‘rmoqda.

Putin Rossiyaning harbiy maqsadlari albatta bajarilishini aytdi

Putin intervyusida Rossiya o‘z maqsadlariga erishishini va Ukrainadagi urush davomida belgilagan barcha vazifalarini bajarishini yana bir bor ta’kidladi. U Yevropa davlatlarining Rossiyadan harbiy tahdid borligi haqidagi xavotirlarini keskin tanqid qildi.

«Nima uchun Ukrainaning hozirgi rahbariyati butun dunyo ularga pul to‘lashi, ular uchun jang qilishi, qurol-yarog‘, o‘q-dori, texnika va hokazolarni yetkazib berishi shart deb o‘ylayapti? Mana shuni tushunib bo‘lmaydi. Xo‘sh, urishmoqchimilar? Biz Ukraina bilan urishishni xohlamaymiz. Ammo Ukrainaning hozirgi rahbariyati urishmoqchi bo‘lsa, mayli, urishaversin. Lekin nima sababdan ular buning uchun hamma pul to‘lashi va ularga qurol-yarog‘ yetkazib berishi shart, deb hisoblashadi? Ehtimol, buning uchun asoslar bordir. Kimdir qachonlardir: “Biz sizga yordam beramiz”, deb va’da berganini nazarda tutsak, buni tushunishim mumkin. Biroq ular so‘nggi ukrainalik qolgunga qadar yordam berishmoqchi edi-ku. Bu ham mana shu ulkan muammo va fojianing bir qirrasidir. Aytaylik, Yevropaning yoki dunyoning boshqa mintaqalaridagi ayrim mamlakatlar Rossiyani zaiflashtirish maqsadida u bilan urushishni xohlaydi», — dedi Putin.

Теглар

Мавзуга оид

Putindan Ukraina urushi haqida yangi bayonot: «Rossiya Ukraina bilan urushishni istamaydi, muzokaralarga tayyor» | Vaqt.uz