Logo

«Qandaydir g‘alaba kerak»: Putin maslahatchilariga dakki berdi

Ukraina va uning ittifoqchilari Rossiya energetika infratuzilmasiga zarbalar Kremlni urushni to‘xtatishga majbur qilishi mumkin deb hisoblagan. Biroq, bu hujumlar Putinning urushni davom ettirish va qasos olish istagini kuchaytirgan.

«Qandaydir g‘alaba kerak»: Putin maslahatchilariga dakki berdi

Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga dronlar orqali uyushtirilayotgan muntazam hujumlar va Ukraina Qurolli kuchlarining boshqa muvaffaqiyatlari Rossiya yetakchisi Vladimir Putinni darg‘azab qilgan.

«Reuters» agentligining Rossiya prezidenti bilan muntazam muloqot qiladigan manbalariga tayanib xabar berishicha, Putin Ukrainaga «qattiq javob» qaytarishga qaror qilgan.

Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, Ukraina va uning ittifoqchilari Rossiya energetika infratuzilmasiga zarbalar Moskvaga bosimni kuchaytirishi va Kremlni urushni to‘xtatishga majbur qilishi mumkin deb hisoblagan.

Biroq, «Reuters» manbalarining ta’kidlashicha, bu hujumlar Putinning urushni davom ettirish va qasos olish istagini kuchaytirgan.

Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga qilingan qator hujumlardan so‘ng, rus armiyasining Kiyevga bir necha bor yoppasiga zarba berishi oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘lgan.

Kreml g‘alaba xohlaydi

«Reuters» manbalariga ko‘ra, Putin Donbassni to‘liq egallash rejasidan voz kechish niyatida emas.

U mojaroni hozirgi front chizig‘i bo‘ylab to‘xtatib turishni taklif qilgan bir guruh maslahatchilariga dakki bergan va Kremlga «qandaydir g‘alaba kerakligini» uqtirgan.

Agentlik manbalarining bildirishicha, Putin Rossiya armiyasi yaqin orada butun Donbass hududi ustidan nazorat o‘rnata olishiga hamon ishonmoqda.

Urush kuchayishi mumkin

Agentlik suhbatdoshlari Putin vaziyatni yanada keskinlashtirishga tayyor ekanini bildirmoqda.

Ulardan biri bunday jarayon yaqin oylar ichida boshlanishi mumkinligini aytgan,

Ammo agentlik suhbatdoshlari mazkur keskinlashuv aynan qanday ko‘rinishda bo‘lishiga aniqlik kiritmagan.

Теглар

Мавзуга оид

«Qandaydir g‘alaba kerak»: Putin maslahatchilariga dakki berdi | Vaqt.uz