Qirg‘iziston chorva eksportida O‘zbekiston yetakchi bozor bo‘lib qolmoqda
Import qisqarganiga qaramay, Qirg‘iziston chorva eksportida asosiy ulushni O‘zbekiston bozori tashkil etmoqda.
© googleapis2026-yil yanvar–fevral oylarida Qirg‘izistonda tirik hayvonlar tashqi savdosida yirik chorva importi keskin kamaydi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Import: chorvaga talab pasaydi
Yilning ilk ikki oyida yirik shoxli mol importi 2 902 boshni tashkil etdi – bu 2025-yilning shu davriga nisbatan atigi 25,8 foiz. Barcha import Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelib, umumiy qiymati 70,2 mln somni (taxminan 803 ming dollar) tashkil etgan.
Otlar, eshaklar va xachirlar importi ham qisqarib, 651 boshga tushdi (51,9 foizgacha kamayish). Bu segmentda asosiy hamkorlar:
Rossiya – 306 bosh
Polsha – 129 bosh
Latviya – 30 bosh
Parrandachilik barqaror
Parranda importi esa barqaror saqlandi: mamlakatga 261 800 bosh olib kirildi, umumiy qiymati 17,7 mln (202 400 dollar) som. Yetkazib beruvchilar:
Rossiya – 141 300 dona
O‘zbekiston – 120 500 dona
Umuman olganda, chorva importi pasayganiga qaramay, parrandachilik segmenti nisbatan barqaror qolmoqda.
Eksport: O‘zbekiston yo‘nalishi ustunlik qilmoqda
Qirg‘izistonda tirik chorva eksportida asosiy yo‘nalish sifatida O‘zbekiston bozoriga tayanishda davom etmoqda. Yilning ilk ikki oyida u yerga 6 588 bosh yirik shoxli mol eksport qilingan. Fizik hajm o‘tgan yilga nisbatan 58,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, yetkazib berishlar qiymati 134 mln somga (taxminan 1,5 mln dollar) yetgan.
Shuningdek, O‘zbekistonga 165 bosh ot ham eksport qilingan. Bu segmentda qiziq holat kuzatilgan: boshlar soni 2,1 baravarga oshganiga qaramay, eksport qiymati o‘tgan yilga nisbatan atigi 11,4 foizni tashkil etib, 5,5 mln somga tushib ketgan.
Boshqa hayvonlar toifasida esa 700 dona Kuvaytga va 15 dona AQSHga yuborilgan. Qo‘y va echki eksportiga kelsak, 2025-yil boshida 10 ming boshdan oshgan bo‘lsa, joriy davrda rasman umuman amalga oshirilmagan.
Chorva bo‘yicha cheklovlar
Qirg‘izistonda 2025-yil avgustidan buyon chorvani xorijga olib chiqishga taqiq amal qilmoqda. Ushbu chora ichki bozorda go‘sht narxlarini barqarorlashtirish maqsadida joriy etilgan. Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi uni 2026-yil mart oyi boshida yana uzaytirgan.
Hozirda chorvani eksport qilish faqat kvotalar asosida amalga oshiriladi, ularni Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va sanoat ishlab chiqarishi vazirligi taqdim etadi.
Bundan tashqari, mart oyida Qirg‘iziston hayvonlar va hayvonot mahsulotlari importi ustidan veterinariya nazoratini kuchaytirdi. Bu infeksion kasalliklarning kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan. Shuningdek, kasalliklar kuzatilayotgan davlatlarda epizootik vaziyat monitoringi ham kuchaytirildi — jumladan, Rossiya va Xitoyda.
O‘zbekistonda esa 18-apreldan 18-maygacha chorvachilik sohasida maxsus nazorat rejimi joriy etildi. Bu qaror O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi va fermerlar kengashi tomonidan qabul qilingan. Bunday choralar yangi SAT serotipli yashur tarqalish xavfi bilan bog‘liq. Mutaxassislarga ko‘ra, amaldagi vaksinalar ushbu virus turidan to‘liq himoyani ta’minlamaydi.





