Qozog‘istonda neft kompaniyasi yarim milliardga jarimaga tortildi

Nazorat organi ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy kompaniyasi burg‘ilash chiqindilarini belgilangan me’yordan 513 tonnadan ortiq ko‘p to‘plagan.

Qozog‘istonda neft kompaniyasi yarim milliardga jarimaga tortildi © Pixabay.com

Qozog‘istonning Mangistau viloyatida neft kompaniyasi qariyb yarim milliard tengega (taxminan 1 mln 60 ming dollar) jarimaga tortildi, deb xabar berdi «Tengrinews.kz».

Nazorat organi ma’lumotiga ko‘ra, «Buzachi Operating Ltd» filiali burg‘ilash ishlarini olib borish chog‘ida xavfli chiqindilarni to‘plash bo‘yicha belgilangan limitni sezilarli darajada oshirib yuborgan. Burg‘ilash chiqindilari hajmi 513,2 tonnaga ortiq bo‘lgan.

«Prokuratura akti asosida ushbu kompaniya Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksning 328-moddasi 6-qismiga muvofiq 474 million tenge miqdorida jarima ko‘rinishida ma’muriy javobgarlikka tortildi», – deyiladi xabarda.

Bu «Buzachi Operating Ltd» bilan birinchi holat emas

«Buzachi Operating Ltd» – Shimoliy Buzachi konini o‘zlashtirayotgan operator kompaniya hisoblanadi. U 2004-yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda va uni Xitoyning «Sinopec» hamda CNPC nazorat qiladi. Aqtaudagi filialga xitoylik bosh direktor Chju Ayszyun rahbarlik qiladi.

Mangistau prokuraturasining ushbu kompaniyaga nisbatan e’tirozlari birinchi marta emas. 2025-yil mart oyida ham idora «Buzachi Operating Ltd»dan 8,4 milliard tenge zararni qoplashni talab qilgan edi. O‘shanda prokurorlar neft qazib chiqaruvchi korxona olti yil davomida ruxsatsiz ravishda hamroh gazni yoqib kelgani va xomashyo yo‘qotishlari bilan ishlaganini aniqlagan. Kompaniya ushbu mablag‘ni to‘liq budjetga o‘tkazgan.
 
Qashagan konidagi oltingugurt keysi

Avvalroq Qozog‘iston yirik arbitraj va sud nizolarida ishtirok etayotgani, ularning ayrimlari yopiq rejimda ko‘rilayotgani haqida xabar berilgan edi. Eng yirik ishlardan biri – «North Caspian Operating Company» bilan 2,3 trillion tengelik nizo haqida adliya vaziri o‘rinbosari Daniyel Vaisov ma’lum qilgan.
Gap Qashagan konida oltingugurtni saqlash limitlarini oshirish bilan bog‘liq ekologik da’volar haqida bormoqda. Tekshiruvlar ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya me’yordan ortiq ravishda taxminan 1,2 million tonna oltingugurt saqlagan.

Qozog‘istondagi birinchi instansiya sudi davlat pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagan, ammo keyinchalik qaror bir necha bor qayta ko‘rib chiqilgan. Hozirda ish apellyatsiya instansiyasida ko‘rilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид