Logo

Qozog‘istonda xorijiy valutadagi depozitlar bo‘yicha maksimal stavka 2,5 foizga oshiriladi

Бугун 15:422 дақиқа

O‘zgarish faqat muddati 12 oydan ortiq bo‘lgan jamg‘arma depozitlariga taalluqli bo‘ladi. Qaror mamlakatda depozitlar bozoridagi dollarlashuv darajasi 80 foizdan 19,2 foizgacha pasaygani ortidan qabul qilindi.

Qozog‘istonda xorijiy valutadagi depozitlar bo‘yicha maksimal stavka 2,5 foizga oshiriladi © inbusiness.kz

Qozog‘iston 2026-yil 1-oktabrdan ayrim xorijiy valutadagi jamg‘arma depozitlari bo‘yicha maksimal foiz stavkasini yillik 1 foizdan 2,5 foizga oshiradi. Bu depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarini tartibga solishni bosqichma-bosqich erkinlashtirish doirasida amalga oshiriladi. Bu haqda Qozog‘iston Depozitlarni kafolatlash jamg‘armasi (KDIF) xabar berdi.

O‘zgarish faqat muddati 12 oydan ortiq bo‘lgan jamg‘arma depozitlariga taalluqli bo‘ladi. Yangi maksimal stavka 2026-yil 1-oktabrdan keyin ochilgan yoki muddati uzaytirilgan depozitlarga nisbatan qo‘llanadi.

«Maksimal stavkalar xorijiy valutadagi depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarini belgilashda tavsiya etiladigan yuqori chegara vazifasini bajaradi. Banklar esa depozit mahsulotlari bo‘yicha taklif qilinadigan foiz stavkalarini mustaqil ravishda belgilaydi», — deya ma’lum qildi KDIF.

Muddatli depozitlar, istalgan muddatga ochiladigan talab qilib olinguncha depozitlari hamda 12 oygacha bo‘lgan jamg‘arma depozitlari uchun maksimal stavka o‘zgarishsiz — 1 foiz miqdorida qoladi.

Qaror Qozog‘istonda depozitlar bozoridagi dollarlashuv darajasi 2015-yildagi 80 foizdan 2026-yil 1-sentabr holatiga 19,2 foizgacha pasaygani ortidan qabul qilindi.

Jamg‘armaning ma’lum qilishicha, ijobiy makroiqtisodiy sharoit va qariyb bir yil davomida kuzatilayotgan tengening mustahkamlanish tendensiyasi Qozog‘iston Milliy banki va KDIF’ga valuta bozoridagi islohotlarni davom ettirish hamda xorijiy valutadagi depozitlarning foiz stavkalarini tartibga solishdagi amaldagi yondashuvlarni bosqichma-bosqich erkinlashtirish imkonini bergan.

Jismoniy shaxslarning xorijiy valutadagi depozitlari bo‘yicha KDIF kafolatining maksimal miqdori o‘zgarishsiz qoladi — hisoblangan foizlar bilan birga 5 million tenge (taxminan 11 ming 317 dollar).

KDIF tizimda ishtirok etuvchi har bir bankda jismoniy shaxslarning depozitlarini quyidagi miqdorlarda kafolatlaydi:

hisoblangan foizlar bilan birga tengedagi jamg‘arma depozitlari uchun 20 million tengegacha (taxminan 45 ming 260 dollar);
boshqa tenge depozitlari, shu jumladan hisoblangan foizlar, shuningdek, tengedagi joriy hisob raqamlari va to‘lov kartalari uchun 10 million tengegacha (taxminan 22 ming 630 dollar);
AQSH dollari, yevro yoki boshqa xorijiy valutalardagi depozitlar, kartalar va hisob raqamlari uchun esa hisoblangan foizlar bilan birga 5 million tengegacha (taxminan 11 ming 317 dollar).

KDIF banklar o‘rtasida raqobatni rag‘batlantirish, bank sektorida tizimli xatarlar to‘planishining oldini olish va moliyaviy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida jismoniy shaxslar depozitlari bo‘yicha foiz stavkalarini tartibga soladi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Qozog‘istonda depozitlarni kafolatlash tizimida 20 ta bank ishtirok etadi.

Теглар

Мавзуга оид

Qozog‘istonda xorijiy valutadagi depozitlar bo‘yicha maksimal stavka 2,5 foizga oshiriladi | Vaqt.uz