Ramazon oldidan «Vaqf» fondiga 1,05 trln so‘m mablag‘ ajratiladi

Prezident Ramazon oyida ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 1 trln so‘mdan ko‘proq mablag‘ yo‘naltirishni belgiladi.

Ramazon oldidan «Vaqf» fondiga 1,05 trln so‘m mablag‘ ajratiladi

16-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Ramazon oyida ehtiyojmand aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari muhokama qilindi. Yig‘ilishda inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy himoya qilish va adolatli jamiyat barpo etish davlat siyosati ustuvor yo‘nalishi ekani yana bir bor ta’kidlandi.

Mazkur tamoyillar ayniqsa Ramazon oyida amaliy ishlar bilan mustahkamlanishi qayd etildi. Davlat rahbari nuroniylar, yolg‘iz va og‘ir ahvoldagi fuqarolar holidan xabar olish, ehtiyojmand oilalarga amaliy ko‘mak berish ezgu an’ana ekanini bildirdi.

Yig‘ilishda «Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» shiori ostidagi kompleks chora-tadbirlar taqdim etildi. Ularni amalga oshirish uchun «Vaqf» xayriya jamoat fondiga 750 mlrd so‘m, Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali esa yana 300 mlrd so‘m ajratilishi belgilandi.

Ijtimoiy yordam yo‘nalishlari

Ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlarini qoplash nazarda tutilgan.

Prezident joriy yil yanvardagi videoselektor yig‘ilishida yoshlar ongiga axborot texnologiyalari orqali radikal va ekstremistik g‘oyalar singdirishga urinishlar kuchayganini qayd etgan edi. Faqat jazo va taqiq bilan bu muammoni hal etib bo‘lmasligi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan xotin-qizlarni buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan asrash, ularni ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan shaxslarni ijtimoiylashtirish, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish, kasb-hunarga o‘rgatish orqali bandligini ta’minlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shaffoflik va nazorat

Davlat rahbari har bir mahallada ehtiyojmand oilalarning aniq va shaffof ro‘yxatini shakllantirish shartligini ta’kidladi. Yordamlar fuqarolarning dini, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, teng va adolatli taqsimlanishi kerakligi qayd etildi.

Mas’ul idoralarga mablag‘lardan samarali foydalanish va taqsimot jarayoni ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.

Теглар

Мавзуга оид