Rossiya bosqiniga 4 yil: O‘zbekiston iqtisodiyoti urush sabab qanchalik o‘zgardi?
Rossiya-Ukraina urushi boshlanganiga roppa-rosa 4 yil bo‘ldi. Bu vaqt ichida O‘zbekiston iqtisodiyoti Rossiyaga qaramlikdan qutulish yo‘lida jiddiy qadamlar tashladi. Vaqt.uz urushning mamlakat iqtisodiyotiga ta’siri haqida so‘z yuritadi.

2022 yilning 24-fevralida Rossiya Ukrainaga urush ochdi. Putin tomonidan bir necha kunga cho‘zilishi va’da qilingan «maxsus harbiy amaliyot» mana, naqd 4 yildan buyon davom etmoqda.
Rossiya-Ukraina urushi nafaqat global iqtisodiyotni uzoq yillik tizginidan chiqarib, yangi tizim yaratishga majbur qildi, O‘zbekiston iqtisodiyotini ham sezilarli o‘zgartirdi. Vaqt.uz urushning mamlakatga iqtisodiy ta’siri qanday bo‘lgani haqida ma’lumot beradi.
Tashqi savdoda Xitoy asosiy o‘yinchiga aylandi
Rossiya 2021 yili O‘zbekiston tashqi savdosida Xitoyni ortda qoldirib birinchi o‘ringa chiqib olgandi. Ko‘rinishidan o‘sha paytdagi bu yetakchilik yaqin yillarda mustahkamlanib, iqtisodiy hamkorlik kuchayishda davom etadigandek edi.
Rossiya yetakchilikni O‘zbekistonning eksporti oshishi hisobiga 2022 yilda ham saqlab qoldi. Ammo, 2023 yildan boshlab Xitoy tashqi savdoda Rossiyadan sezilarli o‘tib ketdi.

2025 yilga kelib, Xitoy bilan Rossiyaga qaraganda 4,2 mlrd dollarga yoki uchdan birga ko‘proq tashqi savdo amalga oshirildi.
Shunga qaramay, O‘zbekistonning Xitoy bilan tashqi savdo aylanmasining 86 foizi import hisoblanadi. Bu anchagina sezilarli ko‘rsatkich.
Taqqoslash uchun 2022 yilda bu ko‘rsatkich nisbati 72 foiz edi. O‘sha yili asosiy savdo hamkor Rossiya bo‘lgan va tashqi savdoning anchagina ko‘proq qismi — uchdan biri eksport hisobiga shakllangan.
Ma’lumotlar ko‘rsatib turibdiki, O‘zbekiston tashqi savdoda nisbatan balansga ega asosiy hamkor — Rossiya o‘rniga «ko‘proq sotib, kamroq oladigan» Xitoy bilan hamkorlik qilishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Bundan tashqari, so‘nggi 4 yil ichida O‘zbekistondan Rossiyaga reeksport (qayta eksport) masalasi ham bor. Biroq, bu sanksiyalar bilan qat’iy nazorat qilinmoqda.
Xorijiy kompaniyalar
2021 yilda O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokida 2 309 ta kompaniya faoliyat yuritayotgan edi. Bu borada Rossiya mamlakatda yetakchi o‘rinni egallardi. Keyingi o‘rindagi Xitoyda o‘sha payti 1 927 ta kompaniya bor edi.

2025 yilga kelib Xitoy ishtirokidagi xorijiy kompaniyalar soni keskin o‘sib, 5 044 taga yetdi. Rossiya bilan esa bu ko‘rsatkich 3 181 tani tashkil qildi.
Urush ta’siri ostida Rossiya kapitali ishtirokidagi kompaniyalar o‘sish sur’ati ancha sekinlashdi. 2021 yilgacha O‘zbekistonda 400 ga yaqin yangi Rossiya kompaniyalari ochilgan bo‘lsa, 2025 yilda bu raqam 250 ta atrofida bo‘ldi.
Investitsiyalar — Xitoy keskin o‘tib ketdi
Rossiya-Ukraina urushi 4 yil davomida O‘zbekistonga kirib kelayotgan xorijiy investitsiyalar geografiyasiga ham ta’sir qilmay qolmadi. Bu yerda ham Rossiya o‘rnini Xitoy egalladi.
2022 yil davomida O‘zbekistonga kiritilgan xorijiy investitsiya va kreditlar hajmida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan davlatlar quyidagicha edi:
Rossiya — 21 foiz;
Xitoy — 19,9 foiz.
2025 yilga kelib bu borada Xitoyning ulushi qariyb 40 foizgacha o‘sgan bo‘lsa, Rossiyaning ulushi 7,8 foizgacha pasayib ketdi.
Rossiyadan investitsiyalar pasayishiga bir tomondan urushning Rossiya iqtisodiyotiga ta’siri sabab bo‘lgan bo‘lsa, boshqa tomonda sanksiyalar xavfi sabab O‘zbekiston tomoni Rossiyadan avvalgidek tempda sarmoya jalb qila olmadi.
Buning oqibatida investitsiyalar bo‘yicha Xitoyning ulushi sezilarli oshib, salmoqli darajaga kelib qoldi.
Ko‘chmas mulk bozorida narx pufagi
Urush oqibatida rossiyalik relokantlarning Markaziy Osiyoga ko‘chib kelishi ko‘chmas mulk bozorida qo‘shimcha bosimni paydo qildi. Bosim asosan Qozog‘iston va O‘zbekistonda sezilarli kuzatildi.
Ma’lumotlarga qaraganda, birgina 2022 yilning 9 oyi davomida 318 mingdan oshiq rossiyalik relokantlar O‘zbekistonga ko‘chib kelgan. Bu qisqa vaqt uchun ancha sezilarli raqam.
Ko‘chib kelishlarning asosiy qismi tabiiyki poytaxt — Toshkent shahriga bo‘ldi. Natijada ko‘chmas mulk bozorida narxlar keskin oshib ketdi. Bu esa narx pufagi xavfini keltirib chiqardi.
Uy-joy bozoridagi narx pufagi — uylar narxining fundamental omillarga bog‘liq bo‘lmagan holda doimiy oshishi hisobiga yuzaga keladi. Bunda uy-joy uchun talab taklifdan keskin oshib ketdi.
Bu 2008 yilgi global moliyaviy inqirozga sabab bo‘lgan hodisani eslatib yuborardi. O‘shanda uylar narxi sezilarli oshishi oqibatida amerikaliklar o‘zlari to‘lay olmaydigan ipoteka kreditlarini olgandi.
Bu muammoli kreditlar keyinchalik banklarning birin-ketin bankrot bo‘lishiga sabab bo‘lgan va global inqirozga ulanib ketgandi.
Rossiyalik yuz minglab relokantlarning O‘zbekistonga ko‘chib kelishi ana shunday xavfni paydo qilgandi.

2022 yil so‘ngida poytaxtda uylarning haqiqiy narxi va bozor narxi o‘rtasidagi farq 210 mln so‘mga yetdi. Holat 2023 yilda yanada yomonlashdi.
Vaziyat shu darajaga keldiki, 2022 yil birinchi yarmidan 2023 yil birinchi yarmigacha Toshkentda yangi uylar narxi 44 foizga, eskilari esa 33 foizga qimmatladi.
Ta’sir uylarning ijara narxlarida ham darhol namoyon bo‘ldi. O‘shanda Toshkentda uylarning ijara narxlari bir yilda 25 foizga oshib ketgandi.
Xavf bo‘lishiga qaramasdan ko‘chmas mulk bozori keyinchalik sovudi. Ammo uylar narxi ham, ijarasi ham 2021 yilga nisbatan ancha yuqoriligicha qolmoqda.
Mehnat bozori
Urush ta’sirida mehnat bozori ham o‘zgardi. Toshkentda qo‘nim topgan rossiyaliklarning aksariyati oliy ma’lumotli edi. Bu esa mahalliy bozorda raqobatni kuchaytirib, yirik brendlarga tajribali mutaxassislarni ishga olish imkoniyatini taqdim qildi.
2022 yil sentabrda Toshkentga kelgan Svyatoslav Kutsenkoning ma’lum qilishicha, u bozorda ish topishga qiynalgani yo‘q. Unda kompaniyalar malakali mutaxassislar bazasi yo‘qligi sababli rossiyaliklarga ish taklif qilishdan mamnun degan his paydo bo‘lgan.
Rossiyalik mutaxassislarning ko‘p qismi Toshkentda Rossiyadagidek ish haqi kutayotgan edi. Bu kabi kutilmalar o‘zini oqlamagach, keyinchalik relokantlarning bir qismi o‘z uyiga qaytib ketishga ham ulgurdi.
Tajribali rossiyaliklarning bir qismi IT mutaxassislari edi. O‘zbekiston hukumati bundan unumli foydalanib, 2022 yilda TashRush dasturini ishga tushirgandi.

Dastur doirasida IT Park xorijiy IT-kompaniyalarga o‘z bizneslarini O‘zbekistonga ko‘chirishda yordam berdi. Bu IT sohasini mamlakatda rivojlanishiga qisman turtki berganini inkor qilib bo‘lmaydi.
Shundan so‘ng bozorda animatsiyadan, grafik dizayngacha bo‘lgan sohalarda rossiyaliklarning ishtiroki ko‘paya boshladi.
Migrantlar — Rossiyada ishlovchi o‘zbekistonliklar ulushi qisqardi
Rossiyadagi urush o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qildi. Urushgacha chet elda ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolarining 75 foizdan ortig‘i Rossiyada faoliyat olib borardi.

Biroq, urush oqibatida hukumat uzoq vaqtdan beri o‘ylab kelingan migrantlar geografiyasini tezroq o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. G‘arb davlatlari, Turkiya va Koreya kabi mamlakatlar bilan hamkorlik kuchaytirildi.
Natijada 2025 yil holatiga ko‘ra, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari sonida Rossiyaning ulushi 53 foizgacha kamaydi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mehnat muhojirlari hududlar kesimida:
Rossiyada — 1 163,8 ming (53 foiz);
Qozog‘istonda — 522,5 ming (24 foiz);
Turkiyada — 168,3 ming (8 foiz);
Koreyada — 74,5 ming (3,4 foiz);
Va boshqa davlatlarda — 182,6 ming (8,4 foiz).
So‘mga bosim va pul o‘tkazmalari
2022 yil 24-fevraldan so‘ng urush tufayli o‘zbek so‘miga qisqa bosim kuzatilgandi. 24-fevralda 1 dollar 10 840 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 18-martda bu ko‘rsatkich 11 572 so‘mgacha ko‘tarilgandi.

Biroq, keyinchalik yil oxirigacha kurs pasayishni boshladi va valuta kursiga bosimlar kamaydi.
Pul o‘tkazmalarida esa sezilarli o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Urush boshlangan 2022 yilda O‘zbekistonga xorijiy pul o‘tkazmalari 16,9 mlrd dollarni tashkil qildi va rekord darajaga yetdi.
Taqqoslash uchun 2021 yilda mamlakatga ancha kamroq — 8,1 mlrd dollarlik pul o‘tkazmalari kirib kelgandi.
2022 yilgi xorijiy pul o‘tkazmalarining 85 foizi yoki 14,5 mlrd dollari Rossiya hisobiga to‘g‘ri keldi. Bu 2021 yilga nisbatan 2,6 barobarga ko‘p edi.
O‘sha yili kuzatilgan rekord ko‘rsatkich 2025 yilga kelibgina yangilandi. O‘tgan yili O‘zbekistonga kirib kelgan xorijiy pul o‘tkazmalari 18,9 mlrd dollarni tashkil qildi. Biroq, bunda Rossiyadan pul o‘tkazmalari ulushi ancha pastroq bo‘ldi.
Endi nima bo‘ladi?
O‘zbekiston oxirgi 4 yilda Rossiyadan iqtisodiy jihatdan ancha uzoqlashishga erishdi. Rossiya-Ukraina urushi tugab, sanksiya va boshqa cheklovlar bekor bo‘lmas ekan bu jarayon tabiiyki davom etadi.
2026 yilda amalga oshishi kutilayotgan Jahon savdo tashkilotiga a’zolik ham O‘zbekiston iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir qilishi, yangi bozorlarni ochishi mumkin.
Hozircha Xitoy bilan iqtisodiy aloqalar keskin kuchaygan, Rossiyaning o‘rni ko‘p jabhalarda aynan shu mamlakat tomonidan egallanmoqda.
Ammo O‘zbekistondek rivojlanayotgan davlat uchun iqtisodiy jihatdan bitta hamkorga qattiq bog‘lanib qolish, salbiy oqibatlarga olib kelishi xavfi bor.
Shunga qaramay, 4 yillik urush vaqtida O‘zbekiston iqtisodiyoti ko‘proq foyda oldi deyish mumkin. Bu uzoq yillik Rossiyaga iqtisodiy qaramlikdan qutulish uchun zamin yaratdi.
Теглар






