Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi OTB yig‘inida ishtirok etadi

Бугун 20:502 дақиқа

O‘zbekiston ikkinchi bor Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi yillik yig‘ilishiga mezbonlik qiladi. 3–4-may kunlari Samarqandda o‘tadigan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etadi.

Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi OTB yig‘inida ishtirok etadi © Foto: president.uz

Shavkat Mirziyoyev 3–4-may kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59 yillik yig‘ilishi tadbirlarida ishtirok etadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Davlat rahbari tadbirning ochilish marosimida nutq so‘zlashi rejalashtirilgan. Shuningdek, forum doirasida u qator xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

Yig‘ilishning bosh mavzusi “Taraqqiyot chorrahalari: mintaqaning o‘zaro bog‘liq kelajagini ilgari surish” deb belgilangan. Mazkur anjuman global va mintaqaviy iqtisodiyot rivojiga doir ustuvor yo‘nalishlarni muhokama qilish uchun muhim xalqaro platforma vazifasini bajaradi.

Forum kun tartibidan “yashil” transformatsiya, energetik o‘tish, raqamlashtirish, investitsiyalarni jalb qilish, oziq-ovqat xavfsizligi hamda sanoatda yetkazib berish zanjirlarining barqarorligi kabi dolzarb masalalar o‘rin olgan.

Sammit doirasida ushbu sohalar bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va zamonaviy rivojlanish mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgan muhokamalar o‘tkazilishi kutilmoqda.

Besh kunlik tadbirda 100 dan ortiq mamlakat delegatsiyalari ishtirok etadi. Unda Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kabi xalqaro moliya institutlari rahbarlari, shuningdek, hukumat vakillari, yetakchi kompaniyalar va ekspertlar qatnashadi. Jami 4 mingdan ortiq delegat kelishi kutilmoqda.

O‘zbekiston 1995 yildan buyon Osiyo taraqqiyot banki a’zosi hisoblanadi. Hozirgi kunda ikki tomon o‘rtasidagi loyihalar portfeli qariyb 16 milliard dollarga teng. Samarqanddagi yig‘ilish O‘zbekiston mezbonligida o‘tayotgan ushbu bankning ikkinchi yirik anjumani bo‘ladi.

Теглар

Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi OTB yig‘inida ishtirok etadi | Vaqt.uz