Logo

«Solfy» kompaniyasi rahbari O‘zbekiston so‘rovi bilan Moskvada ushlandi

Бугун 16:123 дақиқа

Bu voqea yirik investitsiya mojarosi fonida yuz berdi. Ayni paytda «Sabzi» nomi bilan ish yuritayotgan «Solfy» kompaniyasining O‘zbekiston Milliy banki bilan hamkorligi keyinchalik bir qator sud nizolariga aylanib ketgan.

«Solfy» kompaniyasi rahbari O‘zbekiston so‘rovi bilan Moskvada ushlandi

«Halva» muddatli to‘lov kartasi asoschilaridan biri va «Solfy» fintex platformasi rahbari Andrey Basuyev Moskvadagi Sheremetevo aeroportida ushlandi. Bu haqda «Mash» xabar berdi.

Rossiya nashrlarining yozishicha, u O‘zbekiston tashabbusi bilan xalqaro qidiruvga berilgani sababli qo‘lga olingan. Bu holat yirik xalqaro arbitraj mojarosi fonida yuz berdi.

Belarus fuqarosi Basuyev Moskvaga Qirg‘izistondan uchib borganida qo‘lga olingan.

1

Bu voqea yirik investitsiya mojarosi fonida sodir bo‘ldi. Basuyevga tegishli «Solfy RUS LLC» kompaniyasi va investor Maksim Poletayev O‘zbekiston ustidan Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro arbitrajga da’vo kiritgan. 23-sentabr kuni ro‘yxatga olingan da’vo summasi qariyb 8,3 milliard rublni, ya’ni taxminan 100 million dollarni tashkil etadi.

Da’vogarlar Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi investitsiyalarni himoya qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga tayanmoqda.

«Solfy» kompaniyasining O‘zbekiston Milliy banki bilan hamkorligi keyinchalik bir qator sud nizolariga aylanib ketgan. 2024–2025-yillarda Toshkent sudlari Basuyevga aloqador tuzilmaga Milliy bankka qarzlar va neustoykalar (shartnoma majburiyatlari bajarilmagani uchun to‘lanadigan jarima) sifatida 21 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ to‘lash majburiyatini yuklagan.

Vaziyat 2026-yilning martida O‘zbekistonda «Solfy» kompaniyasining mahalliy bo‘linmasi rahbari O‘ktam Hasanov hibsga olinganidan keyin yanada keskinlashgan. Investorlar bu holatni biznesga bosim o‘tkazish maqsadidagi jinoiy ta’qib sifatida baholab, yuqori lavozimli rahbarni ozod qilishni talab etish uchun xalqaro arbitrajga murojaat qilgan.

Hozircha O‘zbekiston Milliy banki vakillari yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha rasmiy izoh bermagan.

2026-yilning 24-fevralida Londonda joylashgan «Amsterdam & Partners» LLP «Milliy bank» va «Solfy» platformasi o‘rtasida yuzaga kelgan shartnomaviy nizoda «Solfy» platformasi hamda uning asosiy investori Maksim Poletayev manfaatlarini himoya qilishini ma’lum qilgandi. Ikki tomon o‘rtasidagi biznes munosabatlarining buzilishi ortidan Poletayev va uning sheriklari «Milliy bank» vakillari tomonidan jiddiy tahdidlarga duch kelgani aytilgandi.

«Milliy bank» tomonidan London va Vashingtonda joylashgan, siyosiy va xalqaro himoya ishlariga ixtisoslashgan yuridik firma bo‘lmish «Amsterdam & Partners» LLP bayonotiga rasmiy munosabat berilmagandi. Bundan tashqari, ushbu yuridik firma O‘zbekiston hukumati va O‘zbekiston Milliy banki («O‘zmilliybank») tomonidan amalga oshirilgan harakatlarni «insofsizlik» deb atagandi.

«Solfy» advokatlari xorijiy investorlarni O‘zbekistondagi muhitdan ogohlantirgandi. Yuristlar ushbu ish aslida «Solfy» va davlat banki o‘rtasidagi fuqarolik-huquqiy tijoriy nizosi ekanini va Hasanovni hibsga olish uchun qonuniy asoslar yo‘qligiga qaramay, e’tirozlar hisobga olinmaganini da’vo qilgandi.

«Solfy» ushbu jinoiy ishni «Solfy Uzbekistan»ga davlat banki uchun qulay shartlarda murosa qilish bo‘yicha bosim o‘tkazish vositasi sifatida baholagandi. «Milliy bank» esa barcha ayblovlarni rad etib, ularni asossiz deb atagan.

Shuningdek, «Milliy bank» «Solfy» bilan sudlashish uchun yuridik xizmatlarga qariyb 1 million dollar sarflamoqda. Bank «CENTIL» advokatlik firmasi bilan 12 milliard so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzgan.

Ma’lumot uchun, «Milliy bank» va «Solfy» ma’lum davr mobaynida hamkorlik qilib, «Solfy» sodiqlik dasturini joriy etgan edi. Ikki tomon o‘rtasidagi sheriklik 2021-yilda boshlangan bo‘lib, uning asosiy maqsadi O‘zbekiston bozori uchun innovatsion bo‘lib-bo‘lib to‘lash kartasini ishga tushirishdan iborat edi.

Loyiha o‘zaro manfaatli, «win-win» tamoyili asosida qurilgan hamkorlik sifatida baholangan.

Rejaga ko‘ra, «Solfy» zamonaviy texnologik yechimlar va xalqaro tajribani taqdim etishi, «Milliy bank» esa mahalliy infratuzilma, bozor sharoiti va tartibga solish masalalarida amaliy ko‘mak ko‘rsatishi kutilgan. Ayni vaqtda platforma nomi «Sabzi»ga o‘zgartirilgan holda ishlamoqda.

Теглар

Мавзуга оид