Logo

Suv omborlari atrofida turizm xizmatlarini tashkil etgan tadbirkorlarga imtiyozlar beriladi

Бугун 15:122 дақиқа

Imtiyozlar qatorida ularga bir nechta majburiy talablar ham qo‘yiladi.

Suv omborlari atrofida turizm xizmatlarini tashkil etgan tadbirkorlarga imtiyozlar beriladi © Wikipedia

Suv omborlari va ularga tutash hududlarda turizm xizmatlarini tashkil etgan tadbirkorlarga imtiyozlar beriladi. Bu bo‘yicha 27-oktabr kuni prezident qarori imzolandi.

Qarorga ko‘ra, suv omborlari va ularga tutash hududlarda turizm xizmatlarini tashkil etgan tadbirkorlarga 2029-yil 1-oktabrga qadar bir nechta imtiyozlar beriladi. Ya’ni yuridik shaxslar uchun yer solig‘i va mol-mulk solig‘i stavkalari belgilangan stavkalarning 50 foizi miqdorida qo‘llanadi.

Suvda foydalanishga mo‘ljallangan GPS qurilmalari, qutqaruv va xavfsizlik anjomlari, zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalarini O‘zbekiston hududiga olib kirishda bojxona to‘lovlarini 120 kun muddatga kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.

Suv omborlari va ularga tutash hududlarda tashkil etilgan turizm obyektlarida faoliyat olib boruvchi tadbirkorlar tashrif buyuruvchilarning xavfsizligini ta’minlash, ularning sog‘lig‘ini muhofaza qilish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida turizm obyektlarini xavfsizlik vositalari bilan jihozlashi lozim.

Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda zudlik bilan qutqaruv ishlarini amalga oshirish maqsadida qutqaruv xizmati tashkil etilishi yoki shartnoma asosida professional qutqaruv tuzilmalari bilan navbatchilik xizmati yo‘lga qo‘yilishi, kichik hajmli kemalar va ular turadigan inshootlar (bazalar)dan xavfsiz foydalanish bo‘yicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etilishi shart.

Bundan tashqari, tadbirkorlar tomonidan suvni muhofaza qilish zonalari va sohilbo‘yi mintaqalari uchun belgilangan talablarga rioya qilish, oqova suvlarning suv obyektlariga tashlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ichki kanalizatsiya tarmoqlari hamda lokal oqova suvlarni tozalash inshootlari bilan ta’minlanishi, turizm obyektlarida hosil bo‘ladigan maishiy chiqindilar belgilangan tartibda utilizatsiya qilinishi majburiy hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq chet elda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorlarga xarajatlarining yarmi qaytarilishi haqida yozgan edik.

Теглар

Мавзуга оид