Logo

Tarixiy debyutga oz qolmoqda: O‘zbekiston tarkibi 4 baravar qimmat raqibga qarshi

Бугун 03:283 дақиқа

Sakkizinchi urinishda Jahon chempionatiga chiqqan «oq bo‘rilar» turnirni Kolumbiya bilan o‘yin orqali boshlaydi.

Tarixiy debyutga oz qolmoqda: O‘zbekiston tarkibi 4 baravar qimmat raqibga qarshi

O‘zbekiston milliy jamoasi Jahon chempionatidagi ishtirokini boshlamoqda. 35 yillik orzu ro‘yobini 18-iyun tongida ko‘ramiz. Sakkizinchi urinishda mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan «oq bo‘rilar» turnirni Kolumbiyaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi.

Tarkib

O‘zbekiston milliy jamoasi o‘zidan 4 baravar qimmat tarkibga ega raqibga qarshi o‘ynaydi. Ammo bu turnirda raqibidan nisbatan kuchli sanalgan jamoalar qiyinchilikka duch kelmoqda. Har qanaqasiga o‘yin 0:0dan boshlanadi.

Avvalroq milliy jamoa tarkibidagi yo‘qotishlarga to‘xtalgandik. E’tiborlisi, o‘yindan 1,5 kun avval ham qaydnomaga o‘zgarish kiritildi. Jarohatidan tiklana olmagan yetakchilardan biri Jaloliddin Masharipov tarkibdan chiqarilib, uning o‘rnini Ruslanbek Jiyanov egalladi.

Yaxshi yangiliklar ham bor, albatta. Startdagi o‘yindan avval o‘ng qanot himoyachisi Hojiakbar Alijonov umumiy guruh mashg‘uotlariga qaytdi, ammo futbolchi birdan asosiy tarkibda maydonga tushirilmasa kerak. Jarohatdan tiklangan yarimhimoyachilar Odil Hamrobekov va Aziz G‘aniyev ham katta ehtimol bilan birinchi turni zaxiradan boshlashadi. Umuman olganda, Kolumbiyaga qarshi boshlang‘ich tarkib qanday bo‘lishi qiziq. Buni o‘yindan 1 soat avval bilib olamiz.

Raqib haqida

Kolumbiya FIFA reytingida 13-o‘rinni egallab turibdi (Taqqoslash uchun, O‘zbekiston 50-pog‘onada). Jamoani argentinalik Nestor Lorenso boshqarmoqda.

«Qahvachilar» 7- bor Jahon chempionatida ishtirok etmoqda. Jamoa mundiallarda 1962 yili debyut qilgan, eng yaxshi natijasi esa 2014 yili Braziliya yashil maydonlarida o‘tgan turnirga to‘g‘ri keladi va o‘shanda chorakfinalgacha yetib borgan.

JCHdagi natijalari:
1962 — guruh bosqichi
1990 — 1/8 final
1994 — guruh bosqichi
1998 — guruh bosqichi
2014 — 1/4 final
2018 — 1/8 final

Shuningdek, Kolumbiya bir bor Amerika kubogida zafar quchgan, ya’ni 2001 yili o‘z qit’asida tengsiz bo‘lgan. Ikki bor kumush, besh marta esa bronza medallarini qo‘lga kiritgan. Taqqoslash uchun, O‘zbekistonning Osiyo kubogidagi eng yaxshi natijasi — 4-o‘rin, 2011 yili.

Kolumbiya 2024 yili o‘tkazilgan so‘nggi Amerika kubogida finalgacha yetib borib, amaldagi jahon chempioni Argentinaga (0:1) imkoniyatni boy bergan.

Raqib safida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi David Ospina (129) sanaladi. 37 yoshli darvozabon bu safar ham tarkibda bor. Eng yaxshi to‘purar Radamel Falkao (36) esa milliy jamoadagi faoliyatini yakunlagan.

O‘yin vaqti va efir haqida

O‘zbekiston — Kolumbiya o‘yini Toshkent vaqti bilan 18-iyun kuni soat 07:00 da start oladi. Bellashuv ZoʼrTV telekanali orqali efirga uzatiladi.

E’tiborlisi, o‘yinni tomosha qilish uchun davlat tashkiloti xodimlariga ham yengillik berildi. O‘yin vaqtini inobatga olgan holda mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan O‘zbekistonda ish vaqti 10:00 dan boshlanadigan bo‘ldi.

Bu haqda prezidet matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi: «Prezidentimiz ertangi matchni uyda — oila davrasida, nabiralari bilan tomosha qiladilar. 18-iyun kuni barcha davlat tashkilotlarida ish vaqtini soat 10 da boshlanishini belgilab berdilar».

Hayajonli debyutga, bir necha avlod kutgan, kimlar yetgan-u kimlar yetmagan o‘yinga sanoqli soatlar qolmoqda. Natija o‘z yo‘liga, yigitlardan maydonda ishtiyoq va «jang» kutib qolamiz. Shu mundial orqali Yevropada — top ligalarda o‘ynaydigan futbolchilarimiz soni bir necha baravarga oshsin. Olg‘a, O‘zbekiston!!!

Мавзуга оид