«Temir birodarlar»: Xitoy va Pokiston ittifoqining 75 yillik tarixi

Maxfiy yadroviy almashinuvlardan tortib muhim diplomatik kelishuvlargacha — Pokiston va Xitoy uzoq vaqtdan buyon bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Xo‘sh, bu munosabatlarning kelajagi qanday?

«Temir birodarlar»: Xitoy va Pokiston ittifoqining 75 yillik tarixi © news.cgtn.com

Asrlar davomida millat va imperiyalar hudud talashib, o‘zaro kurashib kelgan. Biroq 1963 yilning mart oyida Pokiston tarixda kam uchraydigan qadam tashladi: u Gonkongdan besh baravar katta hududni boshqa bir davlatga — Xitoyga ixtiyoriy ravishda topshirdi.

Pekin bilan tuzilgan chegara bitimiga muvofiq, Pokiston Qoraqurum tog‘ tizmasida joylashgan, maydoni taxminan 5 180 kvadrat kilometrni tashkil etuvchi Shaksgam vodiysi nazoratini Xitoyga berdi. Vaholanki, Hindiston bu yerlarni bahsli Kashmirning bir qismi deb hisoblar edi.

Bu kelishuvning o‘ziga xos strategik mantig‘i bor edi. O‘sha vaqtda Pokiston mazkur hudud ustidan to‘laqonli suverenitetga ega emasdi va bu bahs bugungi kunga qadar o‘z yechimini topmagan. Bundan tashqari, Xitoy bu voqeadan roppa-rosa uch oy oldin — 1962 yildagi chegara urushida Hindistonni mag‘lub etgan edi. Pokiston rahbariyati bahsli tog‘larni Hindiston da’volaridan yolg‘iz o‘zi himoya qilishga uringandan ko‘ra, uni Xitoy nazoratiga topshirishni mantiqliroq deb topdi.

21-may kuni Pokiston va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 75 yil to‘ldi. Oltmish yildan ortiq vaqt muqaddam sodir bo‘lgan bu voqea asosan Hindistonga nisbatan umumiy dushmanlik kayfiyati ustiga qurilgandi. Bu holat ikki g‘ayrioddiy sherikni — bir tomondan kommunistik va dunyoviy davlatni, ikkinchi tomondan esa din asosida yaratilgan mamlakatni birlashtira olgan noyob ishonchning dastlabki belgisi edi.

Shu hafta boshida Pokiston parlamenti a’zolarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bosh vazir o‘rinbosari va Tashqi ishlar vaziri Is’hoq Dar Senatning mehmonlar galereyasida o‘tirgan Xitoy delegatsiyasiga murojaat qildi. Dar ikki davlat o‘rtasidagi «mushtarak qarashlar», «Pokiston bo‘ylab tarqalgan» do‘stlik ramzlari va «kundan-kunga mustahkamlanib borayotgan» munosabatlar haqida so‘z yuritdi. Shundan so‘ng, Senat diplomatik aloqalarning 75 yilligiga bag‘ishlangan «Xitoy-Pokiston do‘stligi va birodarligini qayta tasdiqlash to‘g‘risida»gi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi.

23-may kuni esa Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif yuqori martabali hukumat va harbiy mulozimlar hamrohligida to‘rt kunlik davlat tashrifi bilan Pekinga jo‘nab ketadi.

Yubileyga bag‘ishlangan qo‘shma bayonotlar, kommyunike va ommaviy chiqishlarda har ikki hukumat o‘nlab yillar davomida ishlatib kelayotgan odatiy iboralardan yana foydalanishi kutilmoqda: «Temir birodarlar», «Har qanday sharoitda ham sinalgan do‘stlik», «Tog‘lardan baland, ummonlardan teran».

Biroq bayram tantanalarida qo‘shnilar o‘rtasidagi munosabatlarning asl tarixi to‘liqligicha ochiqlanmaydi. Aslida, bu tarix bahsli hududlarning Xitoyga topshirilishini, hech bir tomon rasman tan olmagan yadroviy kelishuvlarni, shuningdek, 1971 yilda aynan Pokiston vositachiligida erishilgan, biroq Islomobodga deyarli hech qanday rasmiy e’tirof keltirmagan diplomatik yaqinlashuvlarni o‘z ichiga oladi.

Tahlilchilarning fikricha, bugungi kunda ushbu aloqalar rasmiy bayonotlarda tasvirlanganidan ko‘ra ko‘proq o‘zaro pragmatik manfaatlarga asoslangan va ayni paytda ancha barqaror ko‘rinishga ega.

«Aslida bu ittifoqni shunchaki o‘zaro yaqinlik emas, balki har ikki tomonning bir-birini to‘ldirib turish omili ushlab turibdi. 75 yillik tarix — bu o‘zgaruvchan sharoitlarda ikki davlatning bir-biri uchun qayta-qayta kerakli va foydali bo‘lib kelgani tarixidir», — deydi Oksford universiteti dotsenti Mariya Adele Karray «Al Jazeera» telekanaliga bergan intervyusida.

Umumiy dushman sabab yaralgan ittifoq

1942 yilning fevral oyida Pokiston davlatining asoschisi Muhammad Ali Jinna Dehlida Xitoyning o‘sha vaqtdagi millat yetakchisi Chan Kayshi bilan uchrashgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Chan Kayshi keyinchalik mustaqil Hindistonning birinchi bosh vaziriga aylangan Javaharlal Neru bilan juda iliq munosabatda bo‘lgan. Biroq Butun Hindiston Musulmonlar ligasi yetakchisi Jinna unda yaxshi taassurot qoldirmagan. Chan Kayshi o‘z kundaligida uni «g‘irrom» deb atab, «inglizlar aynan shunday odamlardan foydalanishini» yozib qoldirgan.

1

Tarixchi Rana Mitter o‘zining «Unutilgan ittifoqchi: Xitoyning 1937–1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida ishtiroki» nomli asarida qayd etishicha, Chan Kayshi separatistik siyosatga mutlaqo toqat qila olmasdi.

Ammo oradan to‘qqiz yil o‘tib, Jinna asos solgan mamlakat materikda Chan Kayshi hukumatini siqib chiqargan kommunistik Xitoyni rasman tan oldi. Shu tariqa, 1950 yilning yanvar oyida — Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganidan so‘ng olti oy ham o‘tmay, Pokiston Pekinni tan olgan birinchi musulmon davlati va ilk nokommunistik mamlakatlardan biriga aylandi.

Mazkur qadam ko‘pincha dadil va ilg‘or harakat sifatida baholansa-da, uning negizida strategik zarurat yotar edi. 1947 yilning avgustida Britaniya hukmronligidan mustaqillikka erishgan Pokiston davlat sifatida to‘liq shakllanib ulgurmasidanoq Hindistonga qarshi muvozanatni ta’minlovchi kuchga muhtoj bo‘lib qoldi. Bu o‘rinda geografiya va xavf-xatarlarni real baholash ideologiyadan ko‘ra muhimroq ahamiyat kasb etgan.

Garchi Pokiston diplomatlari Pekin bilan aloqalarni zimdan rivojlantirib borayotgan bo‘lsa-da, Islomobod Osiyo va Yaqin Sharqda kommunizm ekspansiyasini jilovlash maqsadida tuzilgan AQSH boshchiligidagi ittifoqlarga — 1954 yilda Janubi-Sharqiy Osiyo Shartnomasi Tashkiloti (SEATO) va 1955 yilda Markaziy Shartnoma Tashkilotiga (CENTO) rasman a’zo bo‘ldi.

Pokiston armiyasining sobiq brigada generali, hozirda Kaliforniyadagi Harbiy-dengiz aspiranturasi olimi Feroz Hasan Xon ham ushbu munosabatlar mantig‘ini aynan o‘sha dastlabki yillar bilan bog‘laydi:

«Xitoy bilan munosabatlar har doim uzoqni ko‘zlab olib borilgan o‘yin bo‘lgan. Pokiston o‘z qo‘shnilari bilan doimiy strategik dushmanlik holatida yashay olmasligini yaxshi tushunardi. G‘arb uzoq, qudratli va pragmatik edi, lekin u qo‘shni emasdi», — deydi u.

Pekinda bunday dunyoqarashning mustahkamlanishida Xitoyning birinchi bosh vaziri Chjou Enlay asosiy rol o‘ynagan. 1955 yilning aprelida Indoneziyada bo‘lib o‘tgan Bandung konferensiyasida Pokiston G‘arbga moyil sanoqli ishtirokchi davlatlardan biri edi. Xitoy yetakchilari Pokistonni o‘zlari uchun dushman emas, degan xulosaga kelishdi. Ularning fikricha, Pokistonning asosiy tashvishi 1948 yildayoq urush qilishga ulgurgan Hindiston edi. Bu vaqtda Pekinning o‘zida ham Dehliga nisbatan ishonchsizlik tobora ortib borayotgandi.

«Agar o‘rtada umumiy tahdid sifatida Hindiston bo‘lmaganida, Pokiston va Xitoy munosabatlari butunlay boshqacha manzara kasb etgan bo‘lardi. Mazkur geosiyosiy mantiq o‘nlab yillar davomida o‘z kuchini yo‘qotmay kelmoqda», — deydi Xavfsizlik masalalari bo‘yicha tahlilchi Muhammad Faysal «Al Jazeera»ga.

Yashirin asoslar

Pokiston va Xitoy munosabatlarining asl poydevorini, ta’bir joiz bo‘lsa, asosiy ikkita voqea tashkil etadi. Biroq ularning hech biri yubiley tantanalarida eslab o‘tilmasligi aniq.

Birinchisi — Shaksgam vodiysining Xitoyga topshirilishi.

2

O‘sha vaqtda Pokiston Tashqi ishlar vaziri bo‘lgan Zulfiqor Ali Bxutto mazkur hududiy kelishuv muzokaralariga boshchilik qilgan. Bu bitim uni Chjou Enlayning eng ishonchli kishilaridan biriga aylantirdi.

«Bu diplomatik mahoratning ajoyib namunasi edi», — deydi sobiq brigada generali Xon.

Pokiston SEATO a’zosi bo‘la turib, rasman o‘ziga qarshi bo‘lgan kommunistik davlat bilan aloqalarni mustahkamlashda Himolaydagi chegara nizosidan ustalik bilan foydalana oldi.

Ikkinchi voqeani esa har ikki hukumat hanuzgacha ochiq muhokama qilishdan qochadi: bu — yadroviy masala.

Xitoy 1964 yilning oktabrida Lop Nurda o‘zining birinchi yadroviy qurilmasini sinovdan o‘tkazib, bunday natijaga erishgan ilk rivojlanayotgan davlatga aylandi.

Oradan o‘n yil o‘tib, 1974 yilda Hindiston Poxronda yadro sinovini o‘tkazgach, o‘sha paytda bosh vazir bo‘lgan Bxutto bunga qat’iy munosabat bildirdi: «Pokiston har qanday qiymat evaziga bo‘lsa-da, bunday salohiyatga ega bo‘lishi shart».

Bundan bor-yo‘g‘i uch yil oldin, 1971 yilning dekabrida Pokiston Hindistondan qaqshatqich zarba yegan, oqibatda Bangladesh davlati tashkil topib, qariyb 93 ming pokistonlik askar taslim bo‘lgan edi. Bu Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik harbiy taslim bo‘lish holati sanalardi. Faysalning ta’kidlashicha, aynan shu voqea Pokistonning yadroviy dasturini tezlashtirish uchun «kuchli turtki» bo‘lgan.

«Sanoqli haftalar ichida Bxutto yadroviy dasturni boshlash uchun ilmiy doiralarni birlashtirdi. Hindistonning 1974 yildagi sinovi esa bu ishning naqadar kechiktirib bo‘lmas darajada ekanini yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi», — deydi u.

Ikki yil o‘tgach, 1976 yilda Xitoy va Pokiston hukumatlari shu vaqtgacha norasmiy bo‘lib kelgan kelishuvni rasmiylashtirdi. Ular ikki tomonlama yadroviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi va bu hujjat keyingi o‘n yillikda Xitoy tomonidan ko‘rsatiladigan yordamning huquqiy asosiga aylandi.

AQSH razvedka xizmatlarining xulosalari va aksariyat mustaqil tahlilchilarning ta’kidlashicha, o‘sha hal qiluvchi bosqichda (taxminan 1980-yillarda) Xitoy katta yordam ko‘rsatgan. Jumladan, qurol chizmalariga oid ma’lumotlar hamda kamida ikkita yadroviy qurilma uchun yetarli miqdorda boyitilgan uran taqdim etgan.

Rasman har ikki hukumat buni inkor etadi. Sababi, buni oshkora tan olish — Xitoyning yadro qurolini tarqatishdagi ishtirokini tan olishini anglatar edi. Biroq Xonning so‘zlariga ko‘ra: «Pokiston qayerda qiyinchilikka duch kelmasin, Xitoy ehtiyot qismlar, bilim va hamkorlik orqali bu bo‘shliqni to‘ldirib kelgan».

Ta’kidlash joizki, almashinuv ikki tomonlama olib borilgan. Pokistonning sentrifuga dasturi Yevropa tarmoqlari orqali texnologiyalarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Xitoy olimlari ham Pokistonning yutuqlaridan o‘zlashtirgan. Bu o‘zaro manfaatli almashinuv edi.

1998 yilning may oyida Pokiston Hindistonning ikki hafta oldingi sinovlariga javoban Balujistonning Chag‘ay hududida o‘zining yadroviy sinovlarini o‘tkazdi. Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashining ushbu sinovlarni qoralovchi rezolyutsiyasiga to‘sqinlik qildi.

Keyinchalik Pokistonning BMTdagi vakili Hindistonning provokatsiyasi va Pokistonning bunga qaytargan javobi o‘rtasidagi «farqni to‘g‘ri tushungani» uchun o‘z mamlakati nomidan Xitoyga minnatdorlik bildirdi.

Maxfiy aloqa kanali

1970-yillarning o‘rtalariga kelib, Pokiston ham Xitoy uchun strategik sherik sifatida qanchalik qadrli ekanini amalda isbotlab ulgurgan edi.

1971 yilning iyul oyida AQSH prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Genri Kissinjer Islomobodda «Pakistan International Airlines» samolyotiga o‘tirdi-yu, to‘satdan ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Buning rasmiy sababi sifatida uning tobi qochgani ro‘kach qilingan bo‘lsa-da, aslida u Pekinga yo‘l olgan edi.

Shu tariqa boshlangan va 1972 yilning fevralida prezident Richard Niksonning Xitoyga tashrifi bilan o‘z cho‘qqisiga chiqqan mazkur maxfiy aloqalar XX asrning eng muhim diplomatik burilishlaridan biri sifatida tarixga kirdi.

3

«Yirik qudratli davlatlarning yaqinlashuviga zamin yaratgan mamlakatlar o‘z xizmatlariga munosib rag‘bat olishi tarixda kamdan-kam kuzatiladigan holat. Ular yaratib bergan vositachilik kanali ishga tushishi bilan, ularning o‘rni va ahamiyati darhol unutiladi», — deydi Karray.

1971 yilda Sharqiy Pokistonda mahalliy armiya tomonidan sodir etilgan shafqatsizliklarga Nikson ma’muriyatining ko‘z yumishi — o‘sha paytda Pekin bilan aloqa kanalini saqlab qolish uchun tashlangan majburiy qadam sifatida qabul qilingan.

Yuz minglab insonlar halok bo‘layotgan bir vaqtda Vashington asosan sukut saqlashni ma’qul ko‘rdi. Shunday bo‘lsa-da, Sovuq urush davrining eng hal qiluvchi diplomatik aloqalaridan birini o‘rnatishga katta hissa qo‘shgani uchun Pokiston deyarli hech qanday rasmiy minnatdorlik ko‘rmadi.

«Pokiston shunchaki manfaatparast vositachi emasdi. Pekin yillar davomida Pokistonning rolini e’tirof etib kelayotgan bo‘lsa, Vashingtonning maqtovlari keyingi ma’muriyatlar davridayoq unutilib ketdi», — deydi Pokistonning Xitoydagi sobiq elchisi Sardor Mas’ud Xon.

Elchining fikricha, Xitoyni Pokistonning Gvadar porti bilan bog‘lovchi 3000 kilometrlik infratuzilma tarmog‘ini o‘z ichiga olgan «Xitoy-Pokiston iqtisodiy yo‘lagi» (CPEC) loyihasi, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi bugungi mudofaa hamkorligining ko‘lami — aynan «1970-yillarda shakllangan strategik ishonchning yuksak cho‘qqisi» hisoblanadi.

Iste’fodagi diplomatning ta’kidlashicha, Xitoyning Pokistonga nisbatan ko‘rsatgan «xayrixohligi» hech qachon «javobsiz qolmagan».

Aslida Xitoy va Pokiston bundan avval ham o‘zaro transport yo‘lagi barpo etgan edi.

1960-yillarning boshlarida start olgan Qoraqurum avtomobil yo‘li qurilishi dunyodagi eng o‘tib bo‘lmas tog‘li hududlar bo‘ylab 1300 kilometrlik masofada yo‘l tortishni talab qilgan. Bu ulkan loyihani yakunlash uchun qariyb yigirma yil vaqt sarflandi.

Qurilish jarayonlarida 810 nafarga yaqin pokistonlik ishchi va 200 nafar xitoylik muhandis halok bo‘lgan. Ularning aksariyati tog‘ ko‘chkilari va jarlikka qulash oqibatida qurbon bo‘lgan edi. Halok bo‘lgan 140 dan ortiq xitoylik ishchilar Gilgitdagi xotira qabristoniga dafn etilgan.

Ushbu avtomobil yo‘li Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur mintaqasidagi Qashqar shahrini Arab dengizi bilan bog‘lab, Pekinga Hind okeaniga chiquvchi ilk quruqlik yo‘nalishini ochib berdi.

Sobiq brigada generali Xon bu yo‘lni 2015 yilda ishga tushirilgan infratuzilma dasturining debochasi, ya’ni «asl CPEC» (Xitoy-Pokiston iqtisodiy yo‘lagi) deb ataydi.

«Chjou Enlay Xitoyning g‘arbiy viloyatlari dengizga chiqish imkoniyatidan mahrum ekanini va ularga albatta shunday yo‘l kerakligini yaxshi tushunar edi. Xitoy buni o‘nlab yillar oldindan ko‘ra olgan», — dedi Xon.

2015 yilning aprelida Si Jinping Islomobodga tashrif buyurib, keyinchalik 62 milliard dollarlik infratuzilma va energetika sarmoyasiga aylangan loyihani e’lon qilganida, Pokiston rasmiylari CPEC'ni mamlakat hayotida haqiqiy tub burilish yasovchi kuch sifatida katta quvonch bilan kutib olishgan edi.

Xitoyning Janubiy Osiyodagi iqtisodiy ishtirokini o‘rganuvchi Indiana universiteti dotsenti Stella Xong Chjangning ta’kidlashicha, bu umidlar boshdanoq reallikdan yiroq bo‘lgan.

«Pokiston kabi yirik va murakkab mamlakat uchun tashqaridan moliyalashtiriladigan hech qanday yagona dastur sanoqli yillar ichida tub o‘zgarishlarni amalga oshirishi mumkin emasdi», — deydi tahlilchi.

Yo‘lakdagi ziddiyatlar

CPEC (Xitoy-Pokiston iqtisodiy yo‘lagi) Pokistonning elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirdi, ammo 1990-yillardan buyon ushbu sohani qiynab kelayotgan uzluksiz qarz inqirozini hal qila olmadi. Aksincha, ba’zi jihatdan bu muammoni yanada chuqurlashtirdi. Shuningdek, Gvadardagi kichik baliqchilar shaharchasini yirik dengiz markaziga (xabiga) aylantirish rejalari mahalliy reallikka borib urildi.

4

«Bu loyiha barchani qamrab olish o‘rniga, aksincha, ajratib qo‘yuvchi xususiyat kasb etdi. Mahalliy aholiga bu loyihada deyarli hech qanday egalik huquqi berilmadi, bu esa barqaror rivojlanish uchun o‘ta zarur bo‘lgan quyidan yuqoriga yo‘naltirilgan tashabbuslarni yo‘qqa chiqardi» — deydi tahlilchi Chjang.

Pokiston rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, bunday tarkibiy kamchiliklar mamlakatdagi xavfsizlik vaziyati yomonlashishidan ancha oldin to‘planib qolgan edi.

«Burilish nuqtasi taxminan 2016 yilning oxirlariga to‘g‘ri keldi», — deydi CPEC ilg‘or tajriba markazining ijrochi direktori va Pokiston Vazirlar Mahkamasi kotibiyatining sobiq yuqori martabali mulozimi Safdar Sohayl.

«Sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish va IT sohalari juda sekin rivojlandi. Suv resurslarini boshqarish loyihasi esa xitoyliklar tomonidan butunlay to‘xtatildi. Xitoy bizdagi ko‘tarinki kayfiyatni noto‘g‘ri qabul qildi va CPEC'ni Pokistonning milliy rivojlanish rejasiga aylantirib yuborganimizdan cho‘chib tushdi», — deydi sobiq hukumat mulozimi.

Sohaylning so‘zlariga ko‘ra, Pokistonning dastlabki umidlari omma oldida jar solingan raqamlardan ancha kamtarroq edi. Xitoy tomoni taklif qilgan «Uzoq muddatli reja»da 15 yil davomida rivojlanish dasturlarini moliyalashtirish uchun taxminan 15 milliard dollar ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu Si Jinping 2015 yilda e’lon qilgan 46 milliard dollarning kichik bir qismi edi, xolos.

Pekindagi «Horizon Insights Centre» bosh kotibi va Hindistonda ishlagan sobiq diplomat Xe Anning ta’kidlashicha, xavfsizlik masalasi loyiha uchun bevosita amaliy to‘siqqa aylangan.

«Xitoy davlat korxonalari moliyaviy yo‘qotishlardan ko‘ra odamlarning qurbon bo‘lishiga kuchli ta’sirchan. Loyihalar moliyaviy qiyinchiliklarni qandaydir yengib o‘tishi mumkindir. Ammo Xitoy fuqarolarining halok bo‘lishi — butunlay boshqa masala», — deydi u.

Tahlilchi Chjangning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Pokistondagi Xitoy iqtisodiy faolligining asosiy qismi rasmiy CPEC doirasidan tashqarida, xususan, quyosh panellari va elektromobillar savdosi sohasida amalga oshirilmoqda. Bu esa davlatlararo muvofiqlashuvdan ko‘ra, ko‘proq bozordagi tabiiy talab bilan bog‘liq.

«KTrade Securities» tomonidan taqdim etilgan savdo ma’lumotlariga ko‘ra, faqatgina 2024 moliya yilida Xitoydan quyosh panellari importi 16 gigavattga yetgan. 2025 yilning o‘rtalariga kelib esa umumiy o‘rnatilgan quvvat hajmi taxminan 36 gigavattni tashkil qildi. Bu Pokistonning umumiy elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatining qariyb to‘rtdan uch qismiga teng deganidir.

Biroq bu qulaylikning o‘ziga yarasha moliyaviy tovoni bor. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Pokistonning eng yirik ikki tomonlama kreditori hisoblanadi. Pokistonning Xitoy oldidagi qarzi taxminan 29 milliard dollarni tashkil etadi va bu mamlakat umumiy tashqi qarzining qariyb 22 foizi demakdir.

CPEC amalga oshirilgan o‘n yil davomida ikki davlat o‘rtasidagi savdo disbalansi (nomutanosibligi) yanada kengayib ketdi. Xususan, 2025 yilda Xitoyning Pokistonga eksporti 20,2 milliard dollargacha o‘sgan bo‘lsa, Pokistonning Xitoyga eksporti bor-yo‘g‘i 2,8 milliard dollarni tashkil etgan. Pokiston o‘z qarzlarini uzish uchun Xitoydan to‘lov muddatlarini uzaytirishni bir necha bor so‘rashga majbur bo‘ldi. Jumladan, 2025 yilning martida 2 milliard dollarlik, iyun oyida esa yana 3,4 milliard dollarlik qarz to‘lovlari kechiktirildi.

Sodda qilib aytganda, Pokiston Xitoyga mahsulot sotishdan topgan har bir dollari evaziga Xitoy tovarlarini sotib olish uchun yetti dollardan ko‘proq mablag‘ sarflamoqda.

Harbiy yo‘nalish

Darhaqiqat, Pokistonning Xitoyga qaramligi faqatgina moliyaviy masalalar bilan cheklanmaydi.

Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Xitoy Pokiston qurol importining 80 foizini ta’minlamoqda.

5

Bugungi kunda Pokiston armiyasining barcha uch qo‘shin turi Xitoy mudofaa ekotizimiga chuqur integratsiya qilingan. Bular qatoriga hamkorlikda ishlab chiqarilgan «JF-17 Thunder» qiruvchi samolyotlaridan tortib, fregatlar va «HQ-9» havo hujumidan mudofaa tizimlarini kiritish mumkin.

2025 yilning may oyida ushbu harbiy integratsiya ilk bor haqiqiy jangovar sharoitda sinovdan o‘tdi. O‘shanda Pokiston va Hindiston kuchlari so‘nggi o‘n yilliklardagi eng jiddiy harbiy to‘qnashuvga kirishdi.

«2025 yil may oyidagi to‘qnashuv Pokistonni Xitoy harbiy texnikasining ishonchliligiga to‘liq ishontirdi va hozirda qo‘shma ishlab chiqarish jarayonlari yanada jadallashmoqda. Xitoy uchun esa bu nizo o‘z harbiy tizimlarining G‘arb va Rossiya platformalariga qarshi qanday ishlashini amalda ko‘rsatib bergan muhim tajriba bo‘ldi», — deydi Faysal «Al Jazeera» bilan suhbatda.

Tahlilchi Chjouning so‘zlariga ko‘ra, jangovar harakatlar davomida ayniqsa Chengdu «J-10» qiruvchilari va «PL-15» raketalari, shuningdek, o‘zaro muvofiqlikda harakat qilgan erta ogohlantiruvchi samolyotlar, dronlar va radioelektron kurash tizimlarining natijalari Xitoy mutaxassislarini ruhlantirib yuborgan.

Biroq e’tiborli jihati shundaki, Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga Pekin emas, balki Vashington vositachilik qildi.

75 yildan so‘ng

2026 yilning 14-may kuni Pokiston Xitoyning ichki kapital bozorida o‘zining birinchi «Panda obligatsiyalari»ni muomalaga chiqardi. Uch yil muddatga mo‘ljallangan, yuanda ifodalangan va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki hamda Osiyo taraqqiyot banki kafolatlari bilan ta’minlangan ushbu qimmatli qog‘ozlarning umumiy qiymati 250 million dollarni tashkil etdi.

6

Pokiston rasmiylari buni o‘ziga xos tarixiy voqea sifatida baholadi: 1951 yilda rasmiy diplomatik aloqalar o‘rnatilishi bilan boshlangan munosabatlar endilikda Xitoyning ichki moliyaviy tizimigacha kirib bordi. Obligatsiyalarning chiqarilishi Pokiston va Xitoyning AQSH-Eron nizosi bo‘yicha deyarli doimiy muloqotda bo‘lib turgan bir paytiga to‘g‘ri keldi.

Pokistonning AQSH va BMTdagi sobiq elchisi Mas’ud Xonning ta’kidlashicha, mamlakatning hozirgi diplomatik holati 1971 yilda AQSH va Xitoy o‘rtasida munosabatlar o‘rnatishga yordam bergan maxfiy aloqa kanalidan-da muhimroq ahamiyat kasb etmoqda.

«Pokiston dastlab mintaqaviy yakdillikni shakllantirib olgach, bunday muhim rolga munosib bo‘ldi», — deydi elchi.

Uning fikricha, Pokiston o‘zini shunchaki qudratli davlatlar o‘rtasidagi vositachi emas, balki «tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda mas’uliyatli mintaqaviy hamda global ishtirokchi» sifatida namoyon qilmoqda.

Biroq to‘siqlar va muammolar ham yo‘q emas. Pokistonda Xitoy fuqarolari hamon nishonga olinmoqda. CPEC infratuzilma yaratish bilan bir qatorda, mamlakat gardaniga ulkan qarz yukini ham ildi. Buning ustiga, so‘nggi bir yil davomida Pekin va Nyu Dehli o‘rtasidagi aloqalar iliqlashdi. Bunga asosiy sabab — Hindiston va Xitoyning Oq uydagi kutilmagan qarorlari bilan tanilgan Donald Tramp ma’muriyati bilan to‘qnash kelayotganidir. Bu esa Islomobod to‘liq nazorat qila olmaydigan yangi geosiyosiy omillarni yuzaga keltirdi.

Теглар

Мавзуга оид