Logo

Toshkent avtobuslarida reklama ovozi pasaytiriladigan bo‘ldi

«Toshshahartransxizmat» AJga ko‘ra, rolik ovozi yo‘lovchilarning o‘zaro muloqotiga hamda haydovchining diqqatiga xalaqit bermaydigan darajada bo‘lishi kerak.

Toshkent avtobuslarida reklama ovozi pasaytiriladigan bo‘ldi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Toshkent shahridagi jamoat transporti monitorlarida namoyish etilayotgan reklama roliklarining ovozi yo‘lovchilarning e’tirozlaridan so‘ng pasaytiriladigan bo‘ldi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, avtobus salonlaridagi monitorlar «E-auksion» platformasi orqali g‘olib bo‘lgan tadbirkorga ijara asosida berilgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlar va jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda, jamiyat tomonidan ushbu reklama beruvchi kompaniya vakillari bilan maxsus uchrashuv o‘tkazilgan.

Muzokaralar davomida tadbirkorga reklama materiallari ovozini me’yorida saqlash shartligi tushuntirilgan. Xususan, rolik ovozi yo‘lovchilarning o‘zaro muloqotiga hamda haydovchining diqqatiga xalaqit bermaydigan darajada bo‘lishi kerakligi ta’kidlangan.

Shuningdek, ijarachiga reklama roliklari ovozini pasaytirish va avtobus ichida ortiqcha shovqin hosil qilmaslik bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berilgan.

«Toshshahartransxizmat» AJ vakillarining bildirishicha, kompaniya mazkur masalani o‘z nazoratiga olgan. Hozirda jamoat transportida yo‘lovchilar uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan choralar ko‘rilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид