Logo

Toshkent viloyatida 20 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi

Бугун 22:052 дақиқа

Xabarga ko‘ra, loyiha 20 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi va tabiiy gazni tejaydi.

Toshkent viloyatida 20 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida umumiy quvvati 20 MVt bo‘lgan yangi «Chorbog‘» shamol elektr stansiyasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

20-avgust kuni mazkur energetika inshootining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan. Stansiya O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan ishga tushirilgan bo‘lib, uni barpo etish uchun Xitoy hukumati tomonidan 28 million AQSH dollari miqdoridagi beg‘araz grant mablag‘i ajratilgan.

«Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, o‘zaro ishonch va samarali hamkorlikning yana bir yorqin natijasi bo‘ldi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Loyihaning texnik imkoniyatlari va ekologik ahamiyati

«Chorbog‘» shamol elektr stansiyasi doirasida har birining quvvati 5 MVt bo‘lgan 4 ta zamonaviy shamol turbinasi o‘rnatilgan. Stansiya yiliga 50 million kVt·soatgacha ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, bugungi kunda u foydalanishga to‘liq tayyor holatga keltirilgan.

Ta’kidlanishicha, ushbu ishlab chiqariladigan energiya hajmi qariyb 20 mingta xonadonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qoplash imkonini beradi.

«Bu esa mamlakatimiz energetik tizimi barqarorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi», — deya ta’kidlanadi xabarda.

Shuningdek, rasmiy relizda inshootning ekologik foydasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, yangi stansiya faoliyati natijasida har yili yuz minglab kub metr tabiiy gaz tejalib qolishi hamda atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlari hajmi sezilarli darajada qisqarishi qayd etilgan. Vazirlik matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha: «Bu mamlakatimizning ekologik barqarorlikni ta’minlash, uglerod izini kamaytirish va xalqaro iqlim majburiyatlarini bajarishga qaratgan sa’y-harakatlariga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi».

Ochilish marosimida Xitoyning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun, Savdo-sanoat palatasi, «O‘zbekgidroenergo» AJ mas’ul xodimlari, energetika va qurilish kompaniyalari vakillari, Toshkent viloyati va Bo‘stonliq tumani hokimligi, shuningdek, hududiy faollar hamda OAV vakillari ishtirok etgani ma’lum qilingan.

Теглар

Мавзуга оид