Toshkentda yig‘iladigan «Volkswagen», 12 ball to‘plagan 107 nafar haydovchi va milliy aviatsiyada «Apple Pay» — 19-may dayjesti

Кеча 22:433 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Toshkentda yig‘iladigan «Volkswagen», 12 ball to‘plagan 107 nafar haydovchi va milliy aviatsiyada «Apple Pay» — 19-may dayjesti

O‘zbekiston avtomobil bozoriga «Volkswagen» kirib kelmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyevga avtomobil sanoatini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotda ma’lum qilinishicha, joriy yilda «Volkswagen», «Foton» va «JAC» zavodlarini ishga tushirish rejalashtirilgan. «Volkswagen» loyihasining birinchi bosqichida Toshkent shahrida yirik uzelli ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

Keyingi bosqichda Angren erkin iqtisodiy zonasida to‘liq siklli ishlab chiqarish tashkil qilinishi, mahalliylashtirish darajasini oshirish va eksport bozorlariga chiqish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, hukumat avtomobilsozlik sohasida milliy muhandislik maktabini rivojlantirish, ehtiyot qismlar bozorini tartibga solish va xalqaro standartlarga mos laboratoriyalar tashkil etish vazifalarini belgiladi.

Aprel oyida Toshkent avtobuslarida qatnovlar qisqardi

2026 yil aprel oyida Toshkent avtobuslarida amalga oshirilgan to‘lovlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 foizga kamayib, 37,5 million tranzaksiyani tashkil qildi. Shu bilan birga, ATTO tizimi orqali respublika bo‘yicha umumiy tranzaksiyalar soni 21 foizga oshib, 74,2 millionga yetgan. Metropolitenda esa to‘lovlar soni 8 foizga o‘sib, 18,9 million tranzaksiya qayd etilgan.

Mutaxassislar avtobuslarda tranzaksiyalar kamayishiga ayrim yo‘lovchilarning yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlangani ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini qayd etmoqda. Hududlarda esa raqamli to‘lovlar jadal o‘sib, Samarqand, Farg‘ona va Namanganda ATTO orqali to‘lovlar hajmi keskin oshgan.

«Uzbekistan Airways» «Apple Pay» va «Google Pay»ni ishga tushirdi

«Uzbekistan Airways» rasmiy sayti va mobil ilovasida «Apple Pay» hamda «Google Pay» orqali to‘lov qilish imkoniyatini ishga tushirdi. Endi yo‘lovchilar bank kartasi ma’lumotlarini qo‘lda kiritmasdan, smartfon orqali aviachipta uchun to‘lovni amalga oshirishi mumkin. Kompaniya bu xizmat O‘zbekiston aviatsiya sohasida ilk bor joriy etilganini ta’kidladi.

Aviakompaniyaga ko‘ra, to‘lovlar tokenlashtirish va shifrlash texnologiyalari orqali himoya qilinadi, bu esa xavfsizlik darajasini oshiradi. Avvalroq Senat «Apple Pay», «Google Pay» va «PayPal» kabi xalqaro to‘lov xizmatlarining ishlashi uchun «Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlarni ma’qullagan edi.

Jarima ballari 12 baldan oshgan haydovchilar soni 107 nafarga yetdi

O‘zbekistonda jarima ballari tizimi bo‘yicha 12 baldan oshgan haydovchilar soni 107 nafarga yetdi. Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotiga ko‘ra, endilikda ushbu haydovchilar sud qarori asosida haydovchilik huquqidan mahrum etiladi.

Huquqdan mahrum etilgan fuqarolar guvohnomani qayta tiklash uchun maxsus o‘quv kurslarini tugatishi va 50 ta savoldan iborat nazariy imtihon topshirishi kerak bo‘ladi. Jarima ballari tizimi 2025 yil iyundan joriy etilgan bo‘lib, 2026 yil apreldan avtomatik kameralar orqali aniqlangan qoidabuzarliklar uchun ham ball qo‘shila boshlangan.

Odam sonimi yoki xalqaro metod? Turizm qo‘mitasi raisi «shishirilgan statistika» borasidagi shubhalarga javob berdi

Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov O‘zbekistondagi turistlar statistikasi «shishirilayotgani» haqidagi tanqidlarga javob berdi. Uning aytishicha, mamlakatda turistlar hisobini yuritishda Butunjahon turizm tashkiloti qo‘llaydigan xalqaro metodologiyadan foydalaniladi va chegarani kesib o‘tuvchilar 11 toifa asosida baholanadi.

Aqqulovga ko‘ra, O‘zbekistonga kelayotgan turistlar soni 30 foizga oshgan bir paytda, turizm xizmatlari eksporti 40 foizga o‘sgan. Bu esa uzoq xorijdan kelayotgan va ko‘proq mablag‘ sarflaydigan sayyohlar hisobiga shakllanayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, qo‘mita turistik statistikani yanada aniqlashtirish maqsadida uni endi ikki yilda bir marta emas, balki yilda ikki marta o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Теглар

Мавзуга оид