Logo

Turkmaniston texnik nosozlikdan so‘ng «Tolibon»ga elektr energiyasi yetkazib berishni tikladi

Бугун 13:552 дақиқа

Afg‘oniston elektr energiyasining qariyb 80 foizini qo‘shni davlatlardan sotib oladi. Ular orasida O‘zbekiston ham bor. 2025-yilda ikki davlat umumiy qiymati qariyb 243 million dollar bo‘lgan to‘rtta loyiha bo‘yicha kelishuv imzolagan.

Turkmaniston texnik nosozlikdan so‘ng «Tolibon»ga elektr energiyasi yetkazib berishni tikladi © Ijtimoiy tarmoqlar

Turkmaniston elektr energiyasini uzatishdagi texnik muammo sabab uzilib qolgan Afg‘onistonga elektr yetkazib berishni qayta tikladi. Bu haqda Afg‘onistonning milliy elektr kompaniyasi xabar berdi.

Afg‘oniston milliy elektr kompaniyasi — «Da Afghanistan Breshna Sherkat» (DABS) — Turkmaniston elektr ta’minoti idorasi «Turkmenenergo» bilan muvofiqlashtirilgan holda texnik muammo bartaraf etilganidan so‘ng, Turkmanistondan keladigan elektr uzatish liniyalari bosqichma-bosqich qayta ishga tushirilganini bildirdi. DABS ma’lumotlariga ko‘ra, Turkmanistondan import qilinayotgan elektr energiyasi yana odatdagi holatga qaytgan. Elektr ta’minoti uzilgan hududlarda ham vaziyat asta-sekin tiklanishi kutilmoqda.

Nosozlik vaqtida Afg‘oniston elektr kompaniyasi elektr ta’minotidagi tanqislikni qoplash va zarar ko‘rgan hududlarni imkon qadar elektr bilan ta’minlash uchun mavjud elektr tarmog‘i quvvatidan, shuningdek, O‘zbekiston, Eron va Tojikistondan olinadigan muqobil elektr energiyasidan foydalangan.

«Endilikda texnik muammo to‘liq bartaraf etildi. Turkmanistondan import qilinayotgan elektr energiyasi Afg‘onistonga qayta ulandi va elektr ta’minoti uzilgan hududlarda vaziyat asta-sekin normal holatga qaytadi», — deyiladi bayonotda.

Elektr ta’minotidagi uzilish Afg‘onistonning shimoliy va g‘arbiy viloyatlarining bir qatoriga, jumladan, Balx, Juzjon, Saripul, Faryob, Bodg‘iz, Hirot va Samangan viloyatlariga ta’sir ko‘rsatgan. Afg‘oniston elektr energiyasining katta qismini import qiladi. O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Eron mamlakatning asosiy tashqi elektr yetkazib beruvchilari hisoblanadi. Jahon banki avvalroq DABS elektr energiyasining qariyb 80 foizini qo‘shni davlatlardan sotib olishini ma’lum qilgan.

Turkmaniston Afg‘onistonning shimoliy va g‘arbiy viloyatlariga bir nechta transchegaraviy elektr uzatish yo‘nalishlari orqali elektr yetkazib beruvchi yirik davlatlardan biridir. Ular qatorida 2021-yilda ishga tushirilgan Kerki–Shibirg‘on elektr uzatish liniyasi ham bor. O‘zbekiston ham Afg‘oniston elektr energetikasi sohasidagi rolini kengaytirmoqda. 2025-yilda ikki davlat umumiy qiymati qariyb 243 million dollar bo‘lgan to‘rtta energetika loyihasi bo‘yicha kelishuv imzolagan. Ular orasida 500 kilovoltli Surxon–Dashti Alvon elektr uzatish liniyasi ham mavjud. Ushbu loyihalar Afg‘onistonning O‘zbekistondan 800–1000 megavatt miqdorida elektr energiyasi qabul qilish imkoniyatini oshirishga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonning sobiq vaziri O‘zbekistonning Qo‘shtepa kanalini bahs ostiga qo‘yish uchun asoslari yetarli emasligini aytgandi.

Теглар

Мавзуга оид