Xalq va sayyohlar oqimi tezlashdi, temir yo‘l tizimi esa orqada qolmoqda — Turizm qo‘mitasi raisi

Бугун 18:304 дақиқа

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish borasida sezilarli natijalar ko‘zga tashlanayotgan bo‘lsa-da, sohadagi jadal o‘sish o‘zi bilan birga qator tizimli muammo va e’tirozlarni ham boshlab kelmoqda.

Xalq va sayyohlar oqimi tezlashdi, temir yo‘l tizimi esa orqada qolmoqda — Turizm qo‘mitasi raisi © vaqt.uz

Vaqt.uz muxbiri navbatdagi matbuot anjumanida Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov bilan yuzlashib, jamoatchilikni ko‘p tashvishga solayotgan ikki muhim masala — turistik maskanlar uchun yashil hududlarning yo‘q qilinishi va transport tizimidagi muammolar bo‘yicha savollariga javob oldi.

Turizm rivojlanishi bilan parallel ravishda, turli turistik maskanlar qurish bahonasida ko‘plab ekologik o‘rmonlar, daraxtzorlar va yashil zonalar barbod qilinayotgani, betonlashtirilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Ayrim o‘rmon xo‘jaliklari hududida mehmonxonalar va dala hovlilar barpo etilmoqda. Bu loyihalar Ekologiya vazirligi bilan qanchalik kelishiladi va yashil hududlarning yo‘q qilinishiga sizning munosabatingiz qanday?

Abdulaziz Aqqulov:

 Besh-olti yil oldin bizda yirik turistik salohiyatga ega, bahavo qismlarda joylashgan qishloqlarga sayyohlarni olib borish imkoni yo‘q edi, chunki infratuzilma cheklangan edi. Hozir hukumat va davlat budjeti mablag‘lari hisobidan u yerlarga yo‘l va kommunikatsiyalar tortib borilyapti. Davlat rahbari tomonidan aniq vazifa qo‘yilgan: har bir hudud turizmga ixtisoslashtirilishidan oldin, u albatta aniq «master-reja» asosida ishlab chiqilishi shart. Bu rejalarni tayyorlash Turizm qo‘mitasining majburiyatiga kiradi.

Tabiat hududlarining buzilishi masalasiga kelsak, bizning maqsadimiz faqat aholi bandligi va farovonligini oshirish emas, balki balansni saqlagan holda tabiatni asrab qolish hamdir. Biz hech qachon qaysidir hududni faqat tezkor foyda va turist jalb qilish manbasi sifatida ko‘rmaymiz. Har bir master-rejada tabiatni saqlash, agar qaysidir ma’noda zarar yetkaziladigan bo‘lsa, uning o‘rnini albatta qoplash choralari ko‘zda tutiladi.

Shunday loyihalar bo‘yicha aniq misol keltirmoqchiman. Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi Zarafshon davlat qo‘riqxonasi hududida avvalroq «dam olish zonasi tashkil qilamiz» deya, yerlar yoppasiga, kampaniyabozlik bilan sotib yuborildi. Mehmonxona va majmualar qurildi, keyinchalik esa noqonuniy sotuv va hujjatlardagi soxtakorlik ortidan qator jinoyat ishlari ochildi. Bu matbuotda to‘liq yoritilmagan bo‘lsa-da, manbalarimiz orqali xabardormiz. Mana shunday holatlar tufayli yashil hududlar yo‘q bo‘lib ketyapti.

Abdulaziz Aqqulov:

 To‘g‘ri, bu holatni hozirgi amaliyotimizdagi achchiq tajriba sifatida ko‘rishimiz va kelajakda bunday xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘rnak qilib olishimiz kerak. Aslida o‘sha Zarafshon qo‘riqxonasi eskidan sayyohlar tashrif buyuradigan maskan bo‘lgan. U yerda sharoitlarni yaxshilash, mehmonlarga imkoniyat yaratish maqsadida boshlangan jarayon oxir-oqibat siz aytgandek noto‘g‘ri yo‘nalishga chiqib ketgan bo‘lsa, kelgusi ishlarimizda bu xatolarni takrorlamaslik bizning bosh majburiyatimizdir.

— Mahalliy reyslardagi temir yo‘l chiptalari yetishmovchiligi bo‘yicha savollarimizga baribir to‘liq javob ololmadik. «O‘zbekiston temir yo‘llari» doim bir yil oldin ham aytilgan «Sarbon» dasturi yoki shunga o‘xshash takliflarni takrorlaydi, lekin amalda hech qanday yechim ko‘rmayapmiz. O‘zingiz aniq ayta olasizmi, qachondir mahalliy aholi va sayyohlar mahalliy reyslarga bemalol, navbatlarsiz va sarsongarchiliksiz chipta sotib oladigan kun keladimi?

Abdulaziz Aqqulov:

 Biz bir narsani hisobga olishimiz kerak: bugungi kunda odamlarning sayohatga intilishi 10 yil oldingiga qaraganda keskin oshgan. Lekin mavjud temir yo‘l tarmog‘i bitta. Biz undan ham yuk tashish, ham yo‘lovchi tashish uchun foydalanishga majburmiz. Sir emaski, temir yo‘lda asosiy daromad manbai bu yuk tashishdir.

Albatta, aholi uchun sharoit yaratish — birinchi galdagi vazifa. Bu masalaning yagona yechimi — parallel ravishda qo‘shimcha temir yo‘llarini qurishdir. Chunki mavjud poyezdarning sutkalik sig‘imi cheklangan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan temir yo‘l Xivagacha cho‘zildi, yangi reyslar qo‘yildi. Yaqin oylarda yana qo‘shimcha tarkiblar olib kelinadi. Umid qilamizki, kuzga borib yangi poyezdlarning grafigi to‘liq yo‘lga qo‘yilishi hisobiga tizimdagi yuqori talabni va bosimni sezilarli darajada tushirishga erishamiz.

— Bugungi matbuot anjumanining o‘zida mahalliy chiptalarning qimmatligi va umuman topilmasligi masalasi 10-martadan ziyod ko‘tarildi. Tizimdan aholining noroziligi juda katta. Bundan xulosa qilasizmi?

Abdulaziz Aqqulov:

 Turizm sohasidagi islohotlar boshlanganda ichki sayyohlar soni ham, xorijiy turistlar oqimi ham hozirgidan bir necha barobar kam edi. Hozir juda tez o‘sish kuzatilyapti, infratuzilma esa sayyohlar oqimi ortidan yetib kelishga ulgurmayapti. Agar o‘sha davrlarda tizimda korrupsiya yoki boshqa salbiy elementlar bo‘lgan bo‘lsa, hozir muammo ko‘proq jismoniy imkoniyatlar cheklanganida qoldi, chunki yo‘l bitta.

Hozir biz suv havzalarini rivojlantirish bo‘yicha Favqulodda vaziyatlar vazirligi va suv inspeksiyalari bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Maqsad — sayyohlar oqimini to‘g‘ri boshqarish va ularning tabiatga salbiy ta’sirini kamaytirishdir. Xuddi shunday holat transport tizimida ham mavjud. Agar qaysidir soha ulgurmayotgan bo‘lsa, shu sababli turizm rivojini sekinlashtirish — noto‘g‘ri yo‘l. Biz parallel ravishda rivojlanishimiz kerak. Rejada qo‘shimcha temir yo‘llar, yangi tezyurar pullik avtomobil yo‘llari va ichki aviareyslar sonini oshirish ko‘zda tutilgan. Bularning barchasi bosqichma-bosqich hal etiladigan masalalardir.

 

Теглар

Илёс Сафаров

Илёс СафаровМақолалар сони: 90

Барчаси

Мавзуга оид