Xitoy Rossiyaga to‘liq yordam bermadi, lekin og‘ir vaziyatda qo‘llab-quvvatlaydi

Vladimir Putinning Xitoyga uyushtirgan tashrifi yakunlarini baholagan ekspertlarning fikricha, Pekin Rossiya bilan sheriklik aloqalariga qaramay, «Sibir kuchi– 2» gaz quvuri qurilishi bo‘yicha yon berishga shoshilmayapti. Biroq XXR Ukrainadagi urushda Moskvani norasmiy ravishda qo‘llab-quvvatlashda davom etishga tayyor.

Xitoy Rossiyaga to‘liq yordam bermadi, lekin og‘ir vaziyatda qo‘llab-quvvatlaydi © Foto: Sputnik/Alexander Kazakov

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Xitoyga navbatdagi yillik tashrifi — Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan beri, ya’ni qariyb besh yil ichida uning xorijga qilgan kam sonli safarlaridan biri bo‘ldi. Bu gal Putin o‘zi bilan juda katta delegatsiyani olib bordi. Dunyo matbuotining ushbu tashrifga, xususan, uning Xitoy rahbari Si Jinping bilan uchrashuviga e’tibori yuqori bo‘lganiga yana bir sabab bor: Rossiya yetakchisidan bir necha kun oldin Pekinga AQSH prezidenti Donald Tramp kelib ketgan edi. Xo‘sh, bu galgi muzokaralarning asosiy natijalari nimalardan iborat bo‘ldi?

1

Nega Putin va Si «Sibir kuchi – 2» bo‘yicha kelisha olmadi?

«Vladimir Putin va Si Jinping sammitda o‘zlarining strategik sherikligini hamda "cheksiz do‘stligini" yana bir bor tasdiqlab, sun’iy intellekt (SI) va ochiq chegaralarga oid 20 dan ortiq hujjatni imzolagan bo‘lsalar-da, Rossiyaning asosiy umidi bo‘lgan "Sibir kuchi – 2" gaz quvurini qurish bo‘yicha kelishuv bu safar ham amalga oshmadi», — deydi Rur universiteti (Boxum, Germaniya) professori, nemis tarixchisi va sharqshunosi Syoren Urbanski.

Ekspertning ta’kidlashicha, Rossiya bu loyiha bo‘yicha juda uzoq vaqtdan beri muzokaralar olib bormoqda, Xitoy esa bu masalada o‘ta qattiq muzokarachi hisoblanadi. Rossiya rasmiylari tashrif yakunida tomonlar kelishuvga yaqin ekanini, biroq ayrim tafsilotlar hali to‘liq muvofiqlashtirilmaganini bildirishdi.

Ma’lumot uchun: «Sibir kuchi – 2» loyihasi G‘arbiy Sibirdan Mongoliya orqali Xitoyga uzunligi 2600 kilometrlik quvur orqali yiliga 50 milliard kub metrgacha gaz yetkazib berishni ko‘zda tutadi. Uning loyihaviy quvvati Boltiq dengizi tubidan o‘tgan «Shimoliy oqim» quvuri bilan teng. Eslatib o‘tamiz, ushbu quvur orqali Germaniyaga gaz yetkazib berishni Ukrainaga bostirib kirishdan oldin Rossiyaning o‘zi to‘xtatgan edi, 2022 yil kuzida esa quvur diversiya natijasida portlatib yuborildi. (Sharqiy Sibirdan Xitoyga gaz eltuvchi ilk «Sibir kuchi» loyihasi esa 2019 yilda ishga tushirilgan).

2

«Bahsli nuqta — hanuzgacha narxlar va shartnoma shartlari bo‘lib qolmoqda. Bu masalada Xitoy, shubhasiz, ancha ustun mavqega ega», — deydi Urbanski «Sibir kuchi – 2» haqida. Uning fikricha, AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi oqibatida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali energiya resurslari yetkazib berish to‘xtab qolgani ham muzokaralardagi kuchlar muvozanatini jiddiy o‘zgartira olgani yo‘q.

Tokiodagi Amerika Templ universiteti (Temple University) dotsenti Jeyms Braun ham bu fikrga qo‘shiladi. Braunning hisoblashicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat vaqtinchalik xususiyatga ega, yangi gaz quvuri esa faqat o‘n yillikning oxiriga boribgina ishga tushishi mumkin.

«Xitoy hozirgi vaziyatdan kelib chiqib shartnoma imzolashi va o‘zini yillar davomida Rossiyadan keladigan gazga bog‘lab qo‘yishi ahmoqlik bo‘lardi», — deydi ekspert. Uning ta’kidlashicha, bu misol Moskva va Pekinning o‘zaro yaqinligi haqidagi bayonotlarga qaramay, «gap energetika kelishuvlari kabi o‘ta muhim masalalarga taqalganda, qat’iy milliy manfaatlar bosh omilga aylanishini va xitoyliklar rossiyaliklarga shunchaki sovg‘alar ulashishni istamasligini» ko‘rsatadi.

Vashingtonga qaratilgan keskin ritorika

Jeyms Braun uchrashuvning yana bir muhim natijasi sifatida har ikki yetakchining AQSHga nisbatan keskin ritorikasini qayd etdi. Putindan oldin Pekinga Tramp kelganini inobatga olib, Xitoy tomonining ohangi biroz yumshashini kutish mumkin edi, biroq buning aksi yuz berdi, deydi ekspert.

Garchi qo‘shma deklaratsiyada AQSH sha’niga tanqidlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytilmagan bo‘lsa-da, ularning ko‘lami juda katta. Braun Putin va Sining «bir tomonlama gegemonlikka» qarshi turish haqidagi bayonotlarini hamda Rossiya prezidentining «Amerika imperializmi» haqida Mao Szedundan iqtibos keltirganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Putinning Xitoyga sayohati Ukraina uchun nimani anglatadi?

Putin va Si Jinping uchrashuvidan so‘ng Yevropada eng ko‘p muhokama qilinayotgan masalalardan biri — bu tashrif Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga qanday ta’sir ko‘rsatishidir.

G‘arb ekspertlari Xitoyning pozitsiyasini «rossiyaparast betaraflik» deb atashmoqda. Garchi rasman Pekin mojaroga aralashmayotgan bo‘lsa-da, Rossiyadan energiya resurslarini sotib olish va unga ikki xil maqsadda (ham fuqarolik, ham harbiy sohada) ishlatiladigan tovarlarni yetkazib berish orqali Moskvani amalda qo‘llab-quvvatlamoqda. Tahlilchilar bu amaliyot yaqin orada o‘zgarishini kutishmayapti.

«Bir tomondan, Xitoy o‘zini betaraf davlat sifatida ko‘rsatishga urinsa-da, xalqaro maydonda Rossiyani bilvosita qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Amalda esa, Pekin Rossiyadan xomashyo sotib olish va unga yarimo‘tkazgichlar hamda boshqa ikki xil maqsadli tovarlarni yetkazib berish orqali Moskvaning harbiy g‘aznasini to‘ldirmoqda», — deydi nemis mutaxassisi Syoren Urbanski.

Shu bilan birga, ekspert Xitoyning «agar biz Rossiyani chindan ham to‘liq qo‘llab-quvvatlaganimizda, u allaqachon urushda g‘alaba qozongan bo‘lardi» degan vajlariga qo‘shiladi.

3

«To‘g‘ri, bu yordam maksimal darajada emas. Biroq Xitoy uni butunlay to‘xtatishi ham mumkin edi va shunda Rossiyaning (Ukraina frontidagi) ahvoli ancha og‘irlashgan bo‘lardi», — deya qo‘shimcha qiladi mutaxassis. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin orada tinchlikka erishilishini kutish qiyin.

Tokiolik siyosatshunos Jeyms Braunning ta’kidlashicha, Rossiyaning «na yutayotgani va na yutqazayotgani» — Xitoyni to‘liq qanoatlantiradigan holat. Ammo, agar Moskvaning frontdagi ahvoli yomonlashadigan bo‘lsa, Pekin uni yanada ochiqroq qo‘llab-quvvatlashga o‘tishi mumkin.

Ukrainalik ekspert: Muzokaralar natijasini Rossiyaning xatti-harakatlari ko‘rsatadi

Ukrainalik sharqshunos Natalya Plaksiyenko-Butirskayaning fikricha, Rossiyaning Xitoyga qaramligi tobora ortib bormoqda.

Uning ta’kidlashicha, matbuot ishtirokisiz, yopiq eshiklar ortida o‘tgan muzokaralar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan. Bu muzokaralarning asl natijalarini Rossiyaning yaqin kelajakdagi xatti-harakatlaridan bilib olish mumkin bo‘ladi: «Eskalatsiyaning kuchayishi Putinning Ukrainaga qarshi urushni davom ettirishini anglatadi».

Plaksiyenko-Butirskaya Xitoy urushni tugatish maqsadida Rossiyaga bosim o‘tkazishiga ishonmaydi. Uning taxminicha, qachonki Moskvaning o‘zi (jumladan, Rossiya hududiga berilayotgan zarbalar bosimi ostida) tinchlikka tayyor bo‘lsa, «shundagina Xitoy muzokaralar jarayonida Rossiyaga yordam berish uchun diplomatiyaga faolroq kirishadi».

Теглар

Мавзуга оид