Logo

Xitoy Tinch okeanida kuch namoyishini qildi: nishon kim?

Кеча 22:404 дақиқа

Pekin AQSH boshchiligidagi tartibni «sovuq urush sarqiti» deb atab, o‘z strategik maqsadlariga erishishga intilayotgani aytilgan.

Xitoy Tinch okeanida kuch namoyishini qildi: nishon kim? © Global Look Press

Rossiya va Xitoy o‘zining qo‘shma harbiy-dengiz mashg‘ulotlarini e’lon qilgan bir paytda (garchi uning aniq vaqti, qancha texnika va askar jalb etilishi hozircha noma’lum bo‘lsa-da), 6-iyul kuni Xitoy floti Tinch okeanining janubiy qismida raketa sinovini o‘tkazdi.

Xitoyning rasmiy «Sinxua» agentligi xabariga ko‘ra, xalqaro suvlardagi atom suv osti kemasidan jangovar kallak maketi o‘rnatilgan raketa uchirilgan. Pekin rasmiylari sinov muvaffaqiyatli o‘tganini ma’lum qildi.

Xitoy Mudofaa vazirligi Rossiya bilan hamkorlikdagi bu mashg‘ulotlarni «mintaqada xavfsizlik muammolarini birgalikda hal qilish hamda tinchlik va barqarorlikni saqlash»ga qaratilgan deb ta’kidladi. Biroq bu sinov parvozi qo‘shma manevrlarga qanchalik bog‘liqligi noma’lum. Bu holat esa Tinch okeani mintaqasi davlatlarining keskin tanqidiga sabab bo‘ldi.

Avstraliya tashqi ishlar vaziri Penni Vong bu qadam mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishini aytdi. Yaponiya esa Xitoyni o‘z xatti-harakatlarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Yangi Zelandiya ham o‘z munosabatini bildirdi: tashqi ishlar vaziri Uinston Piters mamlakat Xitoyning Tinch okeani janubiy qismidan raketa sinovlari uchun poligon sifatida foydalanishini istamasligini ta’kidladi.

O‘tgan asrdan beri Tinch okeani yadro qurollari poygasidan chetda qolayotgani yo‘q. Bugungi kunda Marshall orollari tarkibiga kiradigan Bikini atolli Ikkinchi jahon urushidan so‘ng AQSH tomonidan ko‘plab yadro quroli sinovlari o‘tkazilgan hududga aylangan. Urushdan keyingi davrda Tinch okeani mintaqasi xavfsizlik tizimida Qo‘shma Shtatlarning ustunligi saqlanib qolmoqda.

Xitoy qanday raketani sinovdan o‘tkazdi?

Hozirda Xitoy aynan mana shu tizimning mustahkamligini sinovdan o‘tkazmoqda. Rasmiy ommaviy axborot vositalari sinov tafsilotlarini ochiqlamagan bo‘lsa-da, Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida harbiy ekspertlar sinalgan raketaning quvvati borasida turli taxminlarni ilgari surmoqda.

«Gap suv osti kemalariga o‘rnatiladigan JuLang (JL)-3 rusumli qit’alararo ballistik raketa haqida bormoqda», — deydi Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi Harbiy-dengiz floti ilmiy-tadqiqot instituti podpolkovniki Chjan Szyunshe.

«JuLang-3» yoki o‘zbekcha aytganda «Ulkan to‘lqin-3» ayni paytda hali loyihalash va ishlab chiqish bosqichida. Taxminlarga ko‘ra, u 12 ming kilometr masofagacha ucha oladi va bir nechta yadroviy jangovar kallakni tashishga qodir.

Shu paytgacha 2018 va 2019 yillarda o‘tkazilgan uchta muvaffaqiyatli sinov haqida ma’lum edi.

«Bu raketaning nishoni front chizig‘idagi harbiy qismlar emas, balki qo‘mondonlik markazlari, harbiy bazalar yoki energiya ta’minoti obyektlari kabi strategik inshootlardir», — deydi Chjan.

«JuLang-3» raketasi 094 «Szin» toifasidagi atom suv osti kemasidan uchirilgan deb taxmin qilinmoqda. Ekipaji 120 nafar dengizchidan iborat, uzunligi 135 metr bo‘lgan ushbu suv osti kemasi ochiq dengizda 70 kungacha mustaqil harakatlana oladi.

Hozirda Xitoy floti tarkibida 094 toifasidagi oltita shunday suv osti kemasi xizmat qilmoqda. Chjanning fikricha, bu galgi sinovda kemaning yangilangan versiyasi jalb etilgan bo‘lishi mumkin.

Vashingtondagi «Nuclear Threat Initiative» tahlil markazi ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy «Szin» toifasidagi kemalardan tashqari yana 59 ta zarbador atom suv osti kemasidan foydalanmoqda.

Yadroviy javob zarba beradigan qurol

«Agar boshqa barcha turdagi qurol-yarog‘lar ishdan chiqqan taqdirda ham, Xitoy suv osti kemasi yadroviy javob zarbasini berishga to‘liq shay holatda qoladi», — deydi Chjan. Xitoy xalqaro suvlarda turib, Tinch okeanidagi istalgan nuqtani nishonga olishi va o‘sha yerdan strategik javob zarbasini yo‘llashi mumkin.

Bundan avval, 2024 yilning sentabr oyida Xitoy qit’a qismidan Tinch okeanining janubiga qarata jangovar kallak mulyaji (maketi) o‘rnatilgan qit’alararo raketa uchirgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, raketa Fransuz Polineziyasidagi oldindan belgilangan hududga borib tushgan. Bu Xitoyning so‘nggi 40 yildan ortiq vaqt ichida xalqaro suvlar uzra amalga oshirgan ilk uzoq masofali raketa sinovi bo‘lgandi. Xuddi 2024 yildagi kabi, Pekin bu gal ham barcha sohilbo‘yi davlatlari oldindan ogohlantirilganini va mashg‘ulotlar birorta aniq mamlakatga qarshi qaratilmaganini ma’lum qildi.

Xitoy Tinch okeanidagi vaziyatni o‘zgartirish niyatida. AQSH va uning ittifoqchilari Xitoy chegaralari yaqinida kuchli harbiy ishtirokka ega ekani Pekinda xavotir uyg‘otmoqda. Mamlakat hukumati harbiy javob zarbalari berish va Pekin nuqtai nazaridan munosib bo‘lgan choralarni qo‘llash imkoniyatini oshirishga intilmoqda. Shu bilan birga, Xitoy yadroviy davlat sifatida birinchi bo‘lib yadro qurolini qo‘llamaslikka va’da bergan.

«Hozirgi vaqtda Xitoy turli darajalarda AQSH boshchiligidagi mintaqaviy xavfsizlik arxitekturasini faol ravishda shubha ostiga olmoqda», — deb ta’kidlagan edi Berlindagi «Fan va siyosat fondi» tahlil markazining Osiyo bo‘yicha tadqiqot guruhi rahbari Feliks Xayduk 2024 yilda.

Tinch okeani mintaqasida xavotirlar nega ortmoqda?

«Pekin AQSH boshchiligidagi ushbu tartibni «sovuq urush sarqiti» deb atab, o‘z strategik maqsadlariga erishishga intilmoqda, — deb qayd etgan edi Xayduk.

Tinch okeanining janubiy qismida ham xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar kuchayib bormoqda.

«Xitoy uchun Xalq-ozodlik armiyasining raketa qo‘shinlari Avstraliyaga uzoq masofadan zarba berishning eng samarali vositasi hisoblanadi, — deb yozadi Avstraliyaning «Lowy Institute» tahlil markazi ekspertlari Sem Roggeveyen va Devid Vallans 2026 yilning iyun oyida e’lon qilingan tadqiqotda.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte Turkiya poytaxti Ankaradagi sammit doirasida bu sinov parvozi alyans uchun o‘ziga xos signal ekanini ma’lum qildi.

«Bu biz sodda bo‘lmasligimiz kerakligini yana bir bor isbotlaydi. Va biz sodda emasmiz», — dedi Ryutte.

Ma’lumot uchun: NATO AQSH boshchiligidagi harbiy alyans bo‘lib, shu paytgacha o‘z e’tiborini asosan Yevropaga qaratgan. NATOning Osiyo tomon sharqqa kengayishi, masalan, Yaponiyaning unga a’zo bo‘lishi kabi masalalar hozircha faqat nazariy jihatdangina muhokama qilinmoqda.

 

Теглар

Мавзуга оид