Logo

Xitoyning navbatdagi qadami neft narxini belgilashi mumkin — NYT

Кеча 21:454 дақиқа

O‘nlab yillar davomida OPEK bozorga qazib olinadigan neft hajmi orqali ta’sir o‘tkazib keldi. Biroq bugungi kunda dunyoning eng yirik neft importchisi bo‘lgan Xitoy narxlarni shakllantirishda hal qiluvchi ta’sirga ega bo‘lmoqda.

Xitoyning navbatdagi qadami neft narxini belgilashi mumkin — NYT © Shutterstock

«NYT» nashrining yozishicha, AQSH va Eron o‘rtasidagi ziddiyat sababli Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft tankerlarining qatnovi sezilarli darajada sekinlashgan. Ammo yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi narxlarning ko‘tarilishi yoki tushishi faqatgina Fors ko‘rfazidan qancha neft eksport qilinishiga emas, balki Xitoy qabul qiladigan qarorlarga ham bog‘liq.

Odatda dunyoning eng yirik neft xaridori sanalgan Xitoy shu yilning bahorida import hajmini keskin qisqartirdi. Talabning bu qadar pasayishi esa urushning dastlabki bosqichida neft narxi yanada oshib ketishining oldini oldi.

Hozirda bozor oldida turgan asosiy savollardan biri shuki, Xitoy qachon yana yirik hajmda neft sotib olishni boshlaydi?

Pekin bu jarayonni qancha uzoqqa cho‘zsa, neft narxi ham shunchalik pastlash ehtimoli saqlanib qoladi. Buning aksi ham to‘g‘ri: boshqa omillar o‘zgarmagan taqdirda, Xitoy tomonidan talabning ortishi narxlar ko‘tarilishiga olib keladi.

«Xitoy talabining qaysi tomonga o‘zgarishi mazkur boshqotirmaning eng muhim qismidir», — deydi Kolumbiya universitetining Global energetika siyosati markazi ilmiy xodimi Karen Yang.

Bu boradagi yana bir muhim omil — Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush. Dunyodagi eng yirik eksportchilardan biri bo‘lgan Rossiya ichki bozordagi zaxiralarni saqlab qolish maqsadida xorijga dizel sotishni taqiqlaganidan so‘ng, o‘tgan haftada ulgurji dizel narxlari keskin oshib ketdi.

Shu bilan birga, Ukrainaning dron hujumlari Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga jiddiy zarar yetkazdi. Bu esa o‘z navbatida, mamlakatning neftdan transport yoqilg‘isi ishlab chiqarish imkoniyatlarini cheklab qo‘ydi.

Ulgurji yoqilg‘i narxlari odatda yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi iste’mol narxlari qanday o‘zgarishini oldindan ko‘rsatib beradi.

Hozirda Xitoyning neft importi tez orada yana o‘sishi mumkinligini ko‘rsatuvchi belgilar paydo bo‘lmoqda. Xalqaro energetika agentligi yaqinda amalga oshirilgan xaridlar va tankerlardagi bir martalik yetkazib berishlarni «Xitoyning xaridlarga bo‘lgan qiziqishi qayta tiklanayotgani» ishorasi sifatida baholadi.

Pekin may oyi uchun e’lon qilgan bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyning import hajmini o‘tgan yilga nisbatan qariyb uchdan birga qisqartirgani bozorning aksariyat ishtirokchilari uchun hamon jumboq bo‘lib qolmoqda.

Xitoy dunyodagi eng yirik neft zaxiralariga ega davlatlardan biri deb hisoblansa-da, tahlilchilar sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatgan yer usti omborlaridan unchalik ko‘p neft olinmagani ma’lum bo‘ldi.

Garchi urush davrida mamlakat neftni qayta ishlash zavodlari odatdagidan kamroq neftni qayta ishlagan va neft mahsulotlari eksportini ancha oldin taqiqlab qo‘ygan bo‘lsa-da, bu ham importning keskin kamayib ketishini to‘liq izohlay olmaydi.

Mamlakat ixtiyorida boshqa muhim vositalar ham mavjud. Xususan, kimyoviy moddalar ishlab chiqarishda neft mahsulotlarining o‘rnini bosa oladigan ulkan ko‘mir zaxiralari shular jumlasidandir.

Qolaversa, Xitoy elektr energiyasining katta qismini tiklanadigan manbalardan oladi va jahondagi eng yirik elektromobil bozori hisoblanadi. Mamlakatning dunyoda yetakchi o‘rinda turuvchi yuqori tezlikdagi temir yo‘l tarmog‘i ham neftga bo‘lgan ehtiyojni sezilarli darajada kamaytiradi.

Xalqaro energetika agentligining ta’kidlashicha, bu yil Xitoyda 1970 yillar va 1980 yillar boshidagi neft inqirozlaridan buyon ilk bor neft iste’molining sezilarli darajada pasayishi kuzatilishi mumkin.

Xitoyda talabning qay darajada tez tiklanishidan qat’i nazar, mamlakatning ulkan neft zaxiralari unga o‘ziga xos «xavfsizlik yostiqchasi»ni taqdim etadi. Ko‘pchilik mutaxassislarning fikricha, Pekin yana biroz vaqt import hajmini oshirishdan o‘zini tiyib turishi mumkin.

Tahlilchilarning fikricha, Xitoyning neft xaridlarini ko‘paytirish yoki kamaytirish orqali bozorni boshqara olish qobiliyati mazkur urush davridagi eng kutilmagan holatlardan biri bo‘ldi.

«NYT» nashrining ta’kidlashicha, мамлаkaт o‘z neftining asosiy qismini chetdan sotib olishi hisobga olинса, dunyo bozori ustidan bunday qudratga ega bo‘lish haqiqatan ham e’tiborga loyiq.

O‘nlab yillar davomida neft narxlarini belgilash an’anaviy tarzda ishlab chiqaruvchilar qo‘lida bo‘lib kelgan. Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti a’zolari o‘zlarining bozordagi qudratidan foydalanib, goh 1970 yillardagidek narxlarni keskin oshirgan, goh 2014 yildagidek uning tushib ketishiga yo‘l qo‘yib bergan.

Biroq so‘nggi yillarda OPEKning bu boradagi ta’siri pasayib bormoqda. Bunga dastlab AQSHda neft qazib olish hajmining jadal o‘sishi, shu yilning bahorida esa kartelning eng yirik a’zolaridan biri — Birlashgan Arab Amirliklarining tashkilotni tark etishi sabab bo‘ldi.

Albatta, Fors ko‘rfazidagi mojaroning shiddati va bu holat kema egalarini qanchalik xavotirga solishi energetika bozorlari uchun hamon o‘ta muhim omil bo‘lib qolmoqda.

Dushanba kuni prezident Tramp Eron portlariga qaytadan dengiz qamalini joriy qilayotganini ma’lum qildi. Bu harakat mamlakat neftining katta qismi jahon bozoriga chiqishining oldini olishga qaratilgan.

Теглар

Мавзуга оид