Logo

Xorazmda 3,1 mlrd so‘mdan ortiq tenderlarda noqonuniy holatlar aniqlandi

Chapqirg‘oq Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi tashkilotning 1 mlrd 200 mln so‘mdan ortiq, Xorazm davlat o‘rmon xo‘jaligining 970 mln so‘mdan ortiq va «Xiva shahar yo‘llardan foydalanish» korxonasining 930 mln so‘mlik tenderlarida qonun buzilish holatlari kuzatildi.

Xorazmda 3,1 mlrd so‘mdan ortiq tenderlarda noqonuniy holatlar aniqlandi © Foto: bricksbuilder.io

Raqobat qo‘mitasining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi 2024–2026-yillar davomida o‘tkazilgan davlat xaridlari va tenderlarni o‘rganish natijasida jami 1 ming 675 ta qonunbuzilish holati aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning o‘tgan davrida boshlang‘ich narxi jami 83 mlrd 500 mln so‘m bo‘lgan 322 ta tanlov savdosida raqobat qonunchiligi talablari buzilgan.

O‘rganishlar davomida ayrim tenderlarda muayyan korxonalarga ustunlik beradigan talablar qo‘yilgani aniqlangan. Shuningdek, bir-biriga aloqador korxonalarning bir savdoda ishtirok etishi va qatnashchilar takliflarini noto‘g‘ri baholash holatlari ham qayd etilgan.

Qaysi tashkilotlarning tenderlarida qoidabuzarliklar aniqlangan?

Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Chapqirg‘oq Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasining 1 mlrd 200 mln so‘mdan ortiq qiymatdagi tanlov savdolarida qonunbuzilish alomatlari aniqlangan.

Bundan tashqari, Xorazm davlat o‘rmon xo‘jaligining 970 mln so‘mdan ortiq hamda «Xiva shahar yo‘llardan foydalanish korxonasi» davlat muassasasining 930 mln so‘mlik tenderlarida ham raqobat qonunchiligi talablari buzilishi holatlari qayd etilgan.

60 ga yaqin mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilgan

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi uch yil davomida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 60 ga yaqin mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Ushbu bayonnomalar tegishli tartibda sud organlariga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Talimarjon» IESning 1 mlrd 200 mln so‘mlik tanlov savdosi bekor qilingandi.

Теглар

Мавзуга оид