Yalpiz, ravoch, otquloq: bahoriy yovvoyi giyohlar nimasi bilan foydali va ularni qanday iste’mol qilish mumkin?
Erta bahorda bozorlardagi sabzavotlar hali ko‘pincha issiqxonada yetishtirilgan bo‘lib, tabiiy vitaminlar nisbatan kam bo‘ladi. Ana shunday davrda ozuqa ratsioniga yeyiladigan yovvoyi giyohlarni qo‘shish ayniqsa foydali. Bu ko‘katlar nafaqat tabiiy va toza, balki organizm uchun zarur bo‘lgan vitamin va minerallarga ham boy. Eng muhimi, ularni O‘zbekistonning deyarli barcha hududlaridan topish mumkin.

Quyida bahorda keng uchraydigan giyohlar va ularning foydali jihatlari haqida batafsil ma’lumot beramiz.
1. Ravoch (chukri)
Ravoch — torondoshlar turkumiga mansub o‘simlik bo‘lib, xalq orasida «chukri» nomi bilan mashhur. Uning turlari ko‘p, ammo pushti rangli «toshbosdi» ravoch ayniqsa mazali hisoblanadi va asosan tog‘li hududlarda o‘sadi.

Ravoch mavsumi odatda aprel oyidan boshlanadi. U ko‘pincha xom holda iste’mol qilinadi va nordon, sershira ta’mi bilan ajralib turadi.
Ravoch qondagi qand miqdori va qon bosimini me’yorda ushlab turishga yordam beradi, shuningdek, miya faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi. U A, B, C, E va K vitaminlariga boy bo‘lib, jigar, qalqonsimon bez va oshqozon-ichak tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Undan souslar, kompot, kisel, murabbo tayyorlash mumkin. Shuningdek, salatlarga qo‘shib iste’mol qilinganda ham mazali va foydali bo‘ladi.
2. Yalpiz
Yalpiz — bahorning eng mashhur va xushbo‘y ko‘katlaridan biri. U O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida o‘sadi. Yalpizning bir necha turlari mavjud bo‘lib, ular orasida suv yalpizi, osiyo yalpizi, achchiq va jingalak yalpiz ko‘p uchraydi.

Yalpiz oshxonada keng qo‘llaniladi. Uning yosh barglari bahoriy sho‘rvalar, somsa va boshqa milliy taomlarga qo‘shiladi. Yangi barglari salatlar va desertlarga o‘ziga xos xushbo‘y ta’m beradi.
Yalpiz og‘iz bo‘shlig‘ini tozalaydi, bakteriyalarga qarshi ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ham u tish pastalari va og‘iz chayqovchi vositalar tarkibida ishlatiladi.
Muhim jihati shundaki, yalpizni issiq taomlarga tayyor bo‘lgandan keyin qo‘shish kerak. Aks holda, uning foydali moddalari kamayadi. Yalpizli choy esa issiq va sovuq holda ham birdek foydali.
3. Qoqio‘t
Qoqio‘tning yosh barglari vitaminlar, temir, marganets, kalsiy va kaliyga boy bo‘lib, organizm uchun qimmatli ozuqa manbai hisoblanadi. Uning ildizida esa insulin moddasi to‘planadi.
Barglari odatda sabzavot sifatida ishlatiladi, ildizidan tayyorlangan ekstrakt yoki kukun esa ishtahani ochadi, hazmni yaxshilaydi va o‘t haydovchi vosita sifatida qo‘llaniladi. Bu o‘simlik ayniqsa temir tanqisligi anemiyasi va modda almashinuvi buzilishlaridan aziyat chekuvchi insonlar uchun foydali. Uni yangi holda iste’mol qilish tavsiya etiladi, achchiq ta’mini kamaytirish uchun esa barglarini tuzli suvda biroz ushlab turish kerak.

Shuningdek, qoqio‘tdan turli xil salatlar va sho‘rvalar ham tayyorlash mumkin. Uning gullaridan tayyorlanadigan murabbo nafaqat mazali, balki jigar faoliyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, qoqio‘t ildizlaridan qahva o‘rnini bosuvchi ichimlik tayyorlash ham mumkin.
Buning uchun ildizlar kovlab olinadi, yaxshilab yuviladi, 1–2 sm qilib kesiladi va tabiiy usulda quritiladi. Qurigandan so‘ng ular tovada qovuriladi va qahva maydalagichda maydalanadi. Keyin esa oddiy choy yoki qahva kabi damlab ichiladi.
4. Zubturum (Plantago)
Zubturum — ko‘p yillik dorivor o‘simlik bo‘lib, uning barglari va urug‘lari tibbiyotda keng qo‘llaniladi. U yallig‘lanishga qarshi, qon to‘xtatuvchi, jarohatni tez bitiruvchi va balg‘am ko‘chiruvchi xususiyatlarga ega. Tarkibida glikozidlar, shilliq moddalar va vitaminlar mavjud bo‘lib, oshqozon-ichak hamda nafas yo‘llari kasalliklarini davolashda samarali hisoblanadi. Zubturumning shifobaxsh xususiyatlari juda keng.

Masalan, yangi uzilgan barglari yiringli yaralar, kesilgan joylar va hasharot chaqqan joylarga qo‘yilsa, jarohat tezroq bitadi. Oshqozon yarasi, gastrit va kolit kabi kasalliklarda uning damlamasi foydali hisoblanadi. Shuningdek, u yo‘talni yumshatadi, balg‘am ko‘chiruvchi va yallig‘lanishga qarshi ta’sir ko‘rsatadi. Tarkibidagi foydali moddalar esa mayda jarohatlarda qon ketishini to‘xtatishga yordam beradi.
O‘zbekistonda, ayniqsa, katta zubturum (Plantago major) turi keng tarqalgan bo‘lib, u asosan yo‘l yoqalari va nam joylarda o‘sadi. Xalq tabobatida uning sharbati va damlamasi keng qo‘llaniladi. Zubturumni nafaqat dorivor vosita sifatida, balki oziq-ovqat sifatida ham ishlatish mumkin.
Undan smuzi va pyure tayyorlanadi, shuningdek tuzlanadi, marinad qilinadi yoki quritiladi. Masalan, oddiy va foydali salat tayyorlash uchun zubturum barglari, bir osh qoshiq kunjut yog‘i va soya sousi, bir dona sarimsoq hamda kunjut urug‘lari kifoya.
5. Siyohalaf (Rozenbax piyozi)
Siyohalaf — tog‘ piyozining bir turi bo‘lib, asosan Pomir-Oloy va Hisor tog‘ tizmalarida o‘sadi. U yodga boyligi bilan ajralib turadi va organizm uchun juda foydali.
U bahorda, aprel–may oylarida yig‘ib olinadi. Undan «oshi siyohalaf» deb ataladigan mashhur sho‘rva tayyorlanadi. Bu taom yengil, hazm bo‘lishi oson va o‘ziga xos binafsha rangga ega bo‘ladi.

Siyohalaf tarkibida yoddan tashqari temir, kaliy, marganets, sink, efir moylari va turli vitaminlar mavjud. Shuning uchun u immunitetni mustahkamlashda ham foydali.
6. Arpabodiyon
Arpabodiyon xususiyatlari jihatidan oddiy ukropga o‘xshaydi, ammo o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. U madaniy ukrop, fenxel, selderey va sabziga yaqin bo‘lib, ularning barchasi bir oila — soyabongullilar oilasiga mansub.

Arpabodiyonni ba’zan yovvoyi selderey yoki yovvoyi sabzi deb ham atashadi, chunki u ildizmevaga ega. Biroq uning hidi ancha o‘tkir va xushbo‘y bo‘lgani sababli, barg, poya yoki ildizidan ozgina miqdor ham bir nechta porsiya taom uchun yetarli bo‘ladi.
Uning barglarida karotin, vitaminlar (C, B guruhi, PP, foliy kislotasi), flavonoidlar va mineral moddalar (temir, kaliy, kalsiy va boshqalar) mavjud. Shu bois u organizm uchun juda foydali hisoblanadi. Arpabodiyon ham oddiy ukrop kabi ortiqcha vazn, diabet va organizmda tuz to‘planishi holatlarida iste’mol qilish tavsiya etiladi. Uning mevasi va efir moylari esa oziq-ovqat sanoatida keng qo‘llaniladi.
Bu o‘simlik qadimdan ma’lum bo‘lib, hatto qadimgi yunonlar uni uylarida saqlab, yomon ruhlarni haydaydi deb ishonishgan. Ular arpabodiyon uyga tinchlik va osoyishtalik olib keladi, deb hisoblashgan. Darhaqiqat, bu ishonch bekorga paydo bo‘lmagan.
Arpabodiyon nafaqat taomlarga o‘ziga xos mazza va hid bag‘ishlaydi, balki tabiiy antiseptik xususiyatga ega bo‘lib, mikroblar va bakteriyalarga qarshi samarali ta’sir ko‘rsatadi.
7. Ismaloq (shpinat)
Ismaloq — vitamin va minerallarga boy ko‘katlardan biri. U ayniqsa temir va kalsiyga boy bo‘lib, A, B va C vitaminlarining muhim manbai hisoblanadi.

Ismaloq mahalliy aholi orasida keng iste’mol qilinadigan o‘simliklardan biri ham hisoblanadi. Uni yangi holda salatlarda qo‘shish, qovurish, bug‘da pishirish, omletga va deyarli barcha taomlarga qo‘shish mumkin. Yangi holda iste’mol qilinganda uning foydasi yanada yuqori bo‘ladi.
Diyetologlar miya faoliyatini rag‘batlantirish uchun ismaloqni apelsin bilan birga iste’mol qilishni tavsiya etadilar.
8. Otquloq
Otquloq — bahorda eng erta chiqadigan va eng foydali ko‘katlardan biri. Bu ko‘katda issiqxonada yetishtirilgan bodring va pomidorlarga qaraganda ancha ko‘proq vitamin va ozuqa moddalari mavjud.

Uning barglari bahorning ilk kunlaridayoq paydo bo‘ladi. Bu o‘simlik A, C, PP va B2 vitaminlari, oqsillar, tabiiy shakarlar, mineral tuzlar (ayniqsa temir, kaliy va magniy) hamda organik kislotalarga boy. Shu sababli otquloq sharbati organizm uchun juda qimmatli ozuqa manbai hisoblanadi.
Qadimdan otquloq barglari avitaminozning ilk belgilarida iste’mol qilinib kelingan. U organizmni quvvatlantirish va vitaminlar yetishmasligini bartaraf etishda muhim ahamiyatga ega. Otquloqdan salatlar, sho‘rvalar, milliy bahoriy taomlar, omletlar va somsa uchun qiyma tayyorlashda keng foydalaniladi.
9. Kovrak
Kovrak — ziradoshlar (soyabonguldoshlar) oilasiga mansub ko‘p yillik o‘simlik bo‘lib, O‘zbekistonda uning 40 dan ortiq turi uchraydi. U asosan cho‘l va tog‘ oldi hududlarda o‘sadi. Erta bahorda gullaydi.

Bu o‘simlikning ayrim turlaridan smola (yelim) olinadi va u tibbiyotda, xususan astma va ayrim asab kasalliklarini davolashda qo‘llaniladi.
Biroq xalq orasida iste’mol qilinadigan kovrak — smola olinadigan o‘tkir hidli tur emas, balki uning tog‘larda o‘sadigan navidir.
Kovrak o‘simligi pishganida o‘ziga xos yoqimsiz hidga ega bo‘ladi. Ammo erta bahordagi yosh novdalarida bunday hid sezilmaydi. Shuning uchun aynan shu davrda u oziq-ovqat sifatida iste’mol qilinadi.
Yosh novdalarini salatlarga qo‘shish, turli taomlarga aralashtirib iste’mol qilish mumkin.
Теглар






