Yangi Toshkentda qurilish uchun infratuzilma to‘lovlari qayta ko‘rib chiqiladi
Hududning «tashrif qog‘ozi»ga aylanadigan yirik tijorat obyektlari ham kerakligi, hozirgacha sotilgan 54 ta lotdan atigi 3 tasidagi loyiha qiymati 100 mln dollardan oshishi aytildi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaYangi Toshkentda xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy obyektlar qurilishiga turtki berish uchun infratuzilma to‘lovlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda 12-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev u yerda yirik loyihalarni amalga oshirayotgan investor va tadbirkorlar bilan uchrashuvda aytdi.
Davlat rahbari turarjoy qurish bilan shaharga xizmat qiladigan mehmonxona yoki savdo markazini barpo etishning iqtisodiy yuki bir xil emasligini ta’kidladi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning yozishicha, infratuzilma to‘lovining bazaviy stavkasi savdo, servis va biznes markazlari uchun 3 barobar, mehmonxona va turizm obyektlari uchun 5 barobar, madaniy hamda ko‘ngilochar maskanlar uchun 10 barobar kamaytiriladi. Xususiy bog‘cha, maktab va shifoxonalar uchun to‘lov 1 foiz etib belgilanadi. Bu tartib qurilishi boshlangan loyihalarga ham tatbiq etiladi.
Dunyoning yetakchi arxitektorlari ishlab chiqqan o‘ziga xos loyihalarga tezkor tartib qo‘llanadi. Loyihalash, qurilish va obyektni foydalanishga qabul qilish jarayonlari jadallashtiriladi, bir xil ma’lumotni qayta-qayta talab qilish amaliyotiga chek qo‘yiladi.
Prezident Yangi Toshkentning master rejasi mukammal shahar qurish uchun ishlab chiqilgani, biroq u sarmoyadorlar tashabbusiga to‘siq bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi. Agar o‘ziga xos loyiha shahar manfaatiga xizmat qilsa, lot maydoni yoki obyekt turini o‘zgartirish haqidagi taklif qo‘llab-quvvatlanishi lozimligi urg‘ulandi. Bunga huquqiy imkoniyat borligi, ammo takliflarni ko‘rib chiqish tartibi murakkab va yetarlicha shaffof emasligi, ayrim qarorlar oylab cho‘zilayotgani tanqid qilindi. Shu sababli investor takliflarini tez va aniq mezonlar asosida ko‘rib chiqish talab etildi.
«Sankt-Peterburg» mavzesining konsepsiyasi, loyiha hujjatlari va qurilish ruxsati oldindan tayyorligi, direksiyaga shunday tayyor loyihalar sonini ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlat rahbari Yangi Toshkentning «tashrif qog‘ozi»ga aylanadigan yirik tijorat obyektlari ham kerakligini bildirib, hozirgacha sotilgan 54 ta lotdan atigi 3 tasidagi loyiha qiymati 100 million dollardan oshishini ma’lum qildi.
Shu maqsadda ochiq tashabbus va «Swiss challenge» tamoyili asosida yer ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi aytildi. Unga ko‘ra, tashabbus ochiq e’lon qilinadi. Agar boshqalar yaxshiroq shart taklif etmasa, yer birinchi tashabbuskorga ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Yangi Toshkentga qancha investitsiya kiritilganini ma’lum qilgandi. Yangi shahar uchun jami 20 ming gektar yer ajratilgan. 2 yil avval bu yerda bir gektarning o‘rtacha qiymati 10 milliard so‘mga yetmagan bo‘lsa, hozirda 19 milliard so‘mni tashkil etmoqda.





