Yaponiya iyenasi endi «xavfsiz aktiv» emas: investorlar Erondagi urush fonida valutadan yuz o‘girmoqda

Bozorning noodatiy reaksiyasi Tokiodagi treyderlarni Yaponiya hukumatining ehtimoliy to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuviga tayyorgarlik ko‘rishga majbur qildi.

Yaponiya iyenasi endi «xavfsiz aktiv» emas: investorlar Erondagi urush fonida valutadan yuz o‘girmoqda

Eronda harbiy harakatlar boshlanishi bilan Yaponiya milliy valutasining AQSH dollariga nisbatan kursi pasaya boshladi va inqiroz davrlarida xavfsiz aktiv sifatidagi tarixiy maqomini to‘liq inkor etdi. Bozorning bunday noodatiy reaksiyasi Tokiodagi treyderlarni milliy valutani qutqarish uchun Yaponiya hukumatining ehtimoliy to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuviga tayyorgarlik ko‘rishga majbur qildi. Bu haqda bugun, 4-mart kuni «Financial Times» xabar berdi.

An’anaviy moliyaviy mexanizmlarning izdan chiqishi

O‘tgan hafta oxiridan buyon iyena kursi 1 foizga pasayib, bir dollar uchun 157,2 darajasiga yetdi. Valuta treyderlari ta’kidlashicha, bu odatiy holatdan tubdan farq qiladi, chunki jahon mojarolari vaqtida investorlar ommaviy ravishda yapon valutasini sotib olar, shu bilan birga, «kerri-treydlar» deb ataluvchi amaliyotlarni (bozor ishtirokchilari arzon iyenani qarzga olib, bu mablag‘ni boshqa mamlakatlarning yuqori daromadli aktivlariga sarmoya kiritish strategiyasi) keskin ravishda qisqartirar edi.

«Astris Advisory» kompaniyasining Yaponiya bo‘yicha strategi Nil Nyuman bozor paradigmalarining o‘zgarganini qayd etdi. Ilgari geosiyosiy shoklar paytida iyena qimmatlashar edi, chunki bozorlar yapon korporatsiyalari xorijdagi daromadlarini tezda vatanga qaytarishini kutardi.

«Iena endi xavfsiz panohgoh emas. Kompaniyalar taxminan to‘rt yildan buyon bunday yo‘l tutmayapti. Aksincha, ulardan xorijga sarmoya kiritish talab qilinmoqda va ular buni hanuz juda faol davom ettirmoqda. Hozirgi iqtisodiy sharoitda Yaponiya uchun pullarni orqaga qaytarishga hech qanday rag‘bat yo‘q», – dedi Nyuman.

Ichki muammolar: yangi hukumat va makroiqtisodiyot

Tahlilchilarning fikricha, valuta kursining bunday zaifligi Yaponiya iqtisodiyotining tub zaif tomonlarini ochib berdi. So‘nggi 12 oy ichida iyena qariyb 5 foizga qadrsizlandi. Bunga bosh sabab sifatida bosh vazir Sanae Takaichining davlat xarajatlarini kengaytirish bo‘yicha keng qamrovli rejalari, shuningdek, uning Yaponiya banki hisob stavkacini yanada oshirishga qarshi chiqishi ko‘rsatilmoqda.

«JPMorgan Asset Management»ning Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha bosh bozor strategiyachisi Tay Xuey yuqori volatillik (kursning keskin tebranishlari) iyenani kapitalni himoya qilish vositasi sifatida jozibador emas qilib qo‘yganini ta’kidlaydi.

«Investorlar Erondagi vaziyatga qarab shunday demoqda: men o‘z xatarimni qanday qilib xedjirlashim mumkin, bunda kutilmagan qo‘shimcha xatarlar yuzaga kelmasligi kerak? Ienadan geosiyosiy xatarlarga qarshi sug‘urta vositasi sifatida foydalanish haqiqatan ham tushunarsiz hisob-kitob» – dedi Xuey.

Bundan tashqari, Erondagi urush Yaponiyaga energetika sohasi orqali zarba bermoqda. Mamlakat neft xomashyosi va tabiiy gaz importiga keskin darajada bog‘liq. «Nomura Research Institute» iqtisodchisi Takaxide Kiuchi xomashyo narxlarining keskin o‘sishi Yaponiya Bankini «foiz stavkalarini oshirish masalasida yanada ehtiyotkor» bo‘lishga majbur qilishini aytadi. Stavkalar yana uzoq muddat past darajada qolishi haqidagi kutilmalar esa iyenaga bosimni davom ettirmoqda.

Xatar omillaridan yana biri – Yaponiyaning kelasi uch yil davomida AQSHga 550 milliard dollar sarmoya kiritish va’dasidir. Prezident Donald Tramp ma’muriyati bilan boj to‘lovlarini kamaytirish maqsadida tuzilgan ushbu savdo kelishuvi ham yapon valutasi kursiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Intervensiyalar tahdidi: bozor kutuv holatida

3-mart kuni kurs keskin pasayganidan so‘ng Yaponiya moliya vaziri Satsuki Katayama hukumat bozorni «juda yuqori darajadagi shoshilinchlik hissi bilan» kuzatayotganini va zarur bo‘lgan barcha choralarni, jumladan to‘g‘ridan to‘g‘ri valuta intervensiyalarini (davlat zaxiralari hisobidan iyenani sun’iy ravishda sotib olishni) qo‘llashga tayyor ekanini bildirdi.

Valuta qadrsizlanishiga bo‘lgan bosim hali ham kuchli bo‘lib qolayotganiga qaramay, tahlilchilarning qayd etishicha, hukumatning keskin bayonotlari valuta qulashi jarayonini vaqtincha to‘xtatib turibdi.

Теглар

Мавзуга оид