Yashil energiya ishlab chiqarish hajmi 40 foizga oshdi

Бугун 11:531 дақиқа

2026 yilning dastlabki uch oyida O‘zbekistonda quyosh va shamol energiyasi ishlab chiqarish natijasida 631 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi.

Yashil energiya ishlab chiqarish hajmi 40 foizga oshdi © Getty Images / Daniel Bosma

2026 yil yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan jami 2 mlrd 368,2 mln kW/h elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 678,1 mln kW/h ga ko‘p bo‘lib, 40 foizlik o‘sishni anglatadi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Hisobot davrida ishlab chiqarish hajmining asosiy qismi shamol elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keldi — 1 mlrd 208,6 mln kW/h.

Quyosh fotoelektr stansiyalari esa 1 mlrd 159,6 mln kW/h elektr energiyasi ishlab chiqardi. Bu esa mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Tejalgan tabiiy gaz

Mazkur o‘sish nafaqat elektr ta’minotini yaxshiladi, balki resurs tejamkorligini ham ta’minladi. Xususan, 631 mln metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishildi. Shu bilan birga, atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar hajmi 1,3 mln tonnaga kamaydi.

Solishtirish uchun, 2025 yil yanvar–mart oylarida quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan jami 1 mlrd 690,1 mln kW/h elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Shundan 971,8 mln kW/h quyosh, 718,4 mln kW/h esa shamol energiyasi hissasiga to‘g‘ri kelgan edi.

Joriy yilda ishlab chiqarilgan ushbu hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 3,9 mln xonadonning uch oylik yoki 986 ming xonadonning bir yillik ehtiyojini qoplash imkonini beradi. Bu esa mamlakatda «yashil» energetika salohiyatining oshib borayotganini ko‘rsatadi.

Теглар

Мавзуга оид