Logo

Yevroosiyo taraqqiyot banki Yangi Toshkent uchun dastlabki 100 mln dollarni ajratishni ko‘rib chiqmoqda

Бугун 12:253 дақиқа

Avvalroq Yangi Toshkent qurilishi direksiyasi tomonlar umumiy qiymati 2,5 mlrd dollarga baholanayotgan 8 ta ustuvor loyihani belgilab olganini ma’lum qilgandi. Ular orasida metro liniyalari, sport va tibbiyot majmualari, shahar infratuzilmasi hamda ko‘p funksiyali shaharsozlik loyihalari bor.

Yevroosiyo taraqqiyot banki Yangi Toshkent uchun dastlabki 100 mln dollarni ajratishni ko‘rib chiqmoqda © EDB

Yevroosiyo taraqqiyot banki Yangi Toshkentdagi infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun dastlabki 100 mln dollar ajratish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq Yangi Toshkent qurilishi direksiyasi tomonlar umumiy qiymati 2,5 mlrd dollarga baholanayotgan sakkizta ustuvor loyihani belgilab olganini ma’lum qilgandi. Ular orasida metro liniyalari, sport va tibbiyot majmualari, shahar infratuzilmasi hamda ko‘p funksiyali shaharsozlik loyihalari bor.

Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va xalqaro investitsiyalarni jalb qilish maqsadida Yevroosiyo taraqqiyot banki hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yangi Toshkent qurilishi direksiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat bank boshqaruvi raisining o‘rinbosari Aleksey Skatin va Yangi Toshkent qurilishi direksiyasi rahbari, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Davronjon Odilov tomonidan imzolangan. Marosim YeTTB delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi davomida bo‘lib o‘tgan.

Bank boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov Yangi Toshkentni Markaziy Osiyodagi eng yirik shaharsozlik loyihalaridan biri deb atadi. Uning ta’kidlashicha, loyihani amalga oshirish katta miqdorda investitsiya va zamonaviy moliyaviy yechimlarni talab qiladi.

«Dastlabki bosqichning o‘zidayoq umumiy qiymati 100 mln dollarlik istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqdamiz», — dedi Podguzov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bankning maqsadi shunchaki mablag‘ jalb qilish emas. Muhimi, yirik infratuzilma loyihalarini investorlar uchun jozibador qilish va ularning iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlashini ta’minlashdir. Podguzov bank murakkab loyihalarni moliyalashtirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish va xalqaro investorlarni jalb qilish bo‘yicha o‘z tajribasidan foydalanishga tayyorligini bildirdi.

Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi bankka a’zo davlatlardan investitsiyalar jalb qilish bo‘ladi. Tomonlar ushbu mamlakatlarda Yangi Toshkentning investitsiya imkoniyatlarini targ‘ib qilishni rejalashtirmoqda. Memorandumda loyihalarni tayyorlash uchun bankning Texnik yordam fondi mablag‘laridan foydalanish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan. Bu mablag‘lar zarur tadqiqotlar o‘tkazish, loyihalarning iqtisodiy samaradorligini baholash va ularni moliyalashtirishga tayyorlash uchun sarflanishi mumkin.

Yangi Toshkent qurilishi direksiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozircha asosiy yo‘nalishlar sifatida metro liniyalari, sport va tibbiyot majmualari, shahar infratuzilmasi hamda ko‘p funksiyali shaharsozlik loyihalari belgilangan.

Yevroosiyo taraqqiyot banki Yevroosiyo mintaqasidagi davlatlarga investitsiya kiritadigan xalqaro moliya tashkiloti hisoblanadi. 2026-yilning iyun oyi oxiriga kelib, bankning umumiy investitsiya portfeli 348 ta loyihani qamrab olgan. Ularning umumiy qiymati 22,1 mlrd dollarni tashkil etgan. Bank investitsiyalarining asosiy qismi transport infratuzilmasi, raqamli tizimlar, yashil energetika, qishloq xo‘jaligi, sanoat va mashinasozlik sohalariga yo‘naltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevroosiyo taraqqiyot banki 2027-yilda O‘zbekistonga 500 mln dollar investitsiya kiritmoqchiligini aytgandi. Bank Markaziy Osiyo uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondini tashkil etmoqchi.

Jahon banki Samarqandda tibbiyotni rivojlantirish uchun 100 mln dollar ajratgandi. Qolaversa, Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda turli sohalarni rivojlantirish uchun bir qator kreditlar ajratishi haqida xabar berilgandi. Jumladan, bank yarimo‘tkazgich sanoatini rivojlantirish uchun 50 ming dollar, elektr taqsimlash tizimini modernizatsiya qilish uchun esa 200 mln dollar kredit ajratadi. Elektr tarmoqlarini yangilash dasturiga Jahon banki ham 100 mln dollar yo‘naltirishni rejalashtirgan.

Shuningdek, OTB O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirish uchun 60 mln dollar imtiyozli kredit ajratadi. Loyiha besh hududdagi qariyb 29 mingta fermer xo‘jaligini qamrab oladi. Unga qo‘shimcha ravishda 8 mln dollar grant ham jalb qilinadi.

Теглар

Мавзуга оид