Logo

Migratsiya agentligining qidiruvdagi sobiq mulozimi agentlik rahbarlarini yirik korrupsiya va tovlamachilikda ayblamoqda

Kecha 08:305 daqiqa

Xalqaro qidiruvga berilgan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining sobiq mulozimi Azizbek Toshtemirov Migratsiya agentligining amaldagi rahbari Behzod Musayev va sobiq rahbari Afzal Irmatovni yirik korrupsiyada ayblayapti. U tizimdagi ko‘zbo‘yamachiliklar, soxta imtihonlar va yuqori lavozimli shaxslarning qimmatbaho talablari haqida qator iddaolarni ilgari surmoqda.

Migratsiya agentligining qidiruvdagi sobiq mulozimi agentlik rahbarlarini yirik korrupsiya va tovlamachilikda ayblamoqda © SI asosida yaratilgan

Korrupsiya va boshqa qator jinoyatlarda gumonlanib xalqaro qidiruvga berilgan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Janubiy Koreyadagi vakolatxonasi rahbari lavozimida ishlagan Azizbek Toshtemirov o‘zining Telegram-kanalida Migratsiya agentligining sobiq va amaldagi rahbarlariga nisbatan jiddiy iddaolarni o‘z ichiga olgan yirik bayonot e’lon qildi.

Uning yozishicha, o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan 90 million dollarlik mablag‘ni o‘zlashtirish haqidagi jinoyat ishi aslida «haqiqiy korrupsionerlar» tomonidan o‘z jinoyatlarini yashirish maqsadida uyushtirilgan «buyurtma» hisoblanadi.

Toshtemirov o‘z xabarlarida Migratsiya agentligining sobiq rahbari Afzal Irmatov hamda amaldagi rahbari Behzod Musayevlarga nisbatan davlat mablag‘larini o‘zlashtirishga urinish, imtihonlarni soxtalashtirish, qo‘l ostidagilardan qimmatbaho buyumlar talab qilish va xorijiy diplomatlarni obro‘sizlantirish kabi qator ayblovlarni ilgari surib, buning isboti sifatida yozishmalar, rasmiy xatlar va xujjatlar suratlarini taqdim etgan.

90 million dollarlik ayblovning rad etilishi

Bayonot avvalida Toshtemirov o‘ziga qo‘yilgan o‘zlashtirish ayblovlarini keskin rad etgan.

«Qanaqa 90 million dollar? Qani o‘sha pullar? Agar bu pullar bor bo‘lsa, olgan odamlar qonun oldida javob bersin», – deb yozdi u.

Toshtemirov xalqni, ommaviy axborot vositalarini hamda sud-huquq organlarini ushbu «asossiz» ayblovlarga ishonmaslikka chaqirgan. U o‘z so‘zlarining isboti topilmasa, tuhmat qilganlar jazolanishi kerakligini, o‘zi esa haqiqatni yuzaga chiqarish yo‘lida hatto o‘limga ham tayyor ekanini ta’kidlagan.

Afzal Irmatovga qo‘yilgan iddaolar: Pandemiya, chiptalar va sun’iy navbatlar

Kanal muallifining yozishicha, Migratsiya agentligining sobiq rahbari Afzal Irmatov muqaddam ikki marta sudlangan bo‘lishiga qaramay agentlikka yana rahbar qilib tayinlangan.

Toshtemirovning iddaosiga ko‘ra, Irmatov o‘z lavozimiga kelgach, qator korrupsion sxemalarni yo‘lga qo‘ygan:

• Pandemiya davrida Koreyaga ishchilarni yuborish uchun sun’iy navbatlar yaratilib, reysga tushishni tezlashtirish uchun har bir fuqarodan 500 dollar talab qilingan.

Koreyaga keta olmayotgan fuqarolarga asl narxi 4 million so‘m bo‘lgan chiptalar 12 million so‘mdan sotilgan.

• Agentlik bo‘lim boshlig‘i Aziz Qahhorov orqali 50 ming so‘mlik sug‘urta qog‘ozlari printer va fotoshop yordamida qalbakilashtirilib, fuqarolarga 1 million so‘mdan pullangan.

Imtihonlardagi manipulyatsiya va diplomat mojarosi

Toshtemirovning ta’kidlashicha, eng katta norasmiy daromadlar Janubiy Koreyaga ishga yuborish bo‘yicha o‘tkazilgan imtihonlar (Skill test) orqali olingan.

Uning yozishicha, «Muzaffar» ismli o‘rtakash orqali pul yig‘ilgan va pul berishni rad etgan 102 nafar fuqaro A. Irmatovning shaxsiy topshirig‘iga asosan ataylab «ko‘z muammosi» vaji bilan imtihondan yiqitilgan.

Toshtemirovning iddao qilishicha, u Koreya HRD tashkilotiga aralashib, bu fuqarolarning huquqlarini tiklashga erishgan.

Shuningdek, bayonotda A. Irmatov Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi vakili janob Kvonni imtihonlarni soxtalashtirishga ko‘ndira olmagach, uni obro‘sizlantirishga uringani aytiladi.

Toshtemirovning da’vosiga ko‘ra, Irmatov HRD Korea tashkilotiga xat yozib, janob Kvon «o‘zbek mentalitetini tushunmasligi va ommaviy norozilik keltirib chiqarayotganini» vaj qilib, uni almashtirishni talab qilgan.

Toshtemirovning yozishicha, ushbu qonunbuzilishlar yuzasidan 2023 yilda Irmatov 8 yilga qamalganini, biroq bo‘lim boshlig‘i Qahhorovning prokuraturada ishlovchi yuqori lavozimli otasi aralashuvi bilan atigi 2-3 oy ichida oqlanib chiqqanini iddao qilgan.

Behzod Musayevga nisbatan iddaolar: Xususiy agentliklar va nepotizm

Bayonotning ikkinchi qismi Migratsiya agentligining amaldagi rahbari Behzod Musayevga qaratilgan. Toshtemirovning yozishicha, Musayev Xususiy bandlik agentliklariga (XBA) litsenziya berish jarayonini shaxsiy daromad manbaiga aylantirgan.

Muallifning iddao qilishicha, Musayev undan Xususiy bandlik agentliklari vakillarini Koreyaga olib borish va kvota topib berishni talab qilgan, buni rad etgach esa haqorat qilib, yordam bermagan Xususiy bandlik agentliklari litsenziyalarini (Work Mall, ETOS) ataylab bekor qilgan.

Nepotizm ayblovlariga kelsak, Toshtemirov Migratsiya agentligi nomidan Koreya elchixonasiga yozilgan rasmiy xatni ilova qilib, Musayev o‘z kuyovi Mirodil Karimovni «NAIMIX» agentligi xodimi sifatida soxta hujjatlar bilan Koreyaga, qizini esa Amerikaga yuborganini iddao qilmoqda.

Qimmatbaho buyurtmalar va 150 ming dollarlik avtomobil talabi

Eng jiddiy ayblovlardan yana biri lavozim vakolatini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq. Toshtemirovning yozishicha, u o‘zining yoki hamkasblarining shaxsiy mablag‘lari hisobidan Behzod Musayev uchun har ikki haftada Koreyadan 10 kilogrammdan premium «Mramor go‘sht» (Vagyu), losos baliqlari, qimmatbaho kosmetika, hatto erkaklar potensiyalini oshiruvchi preparatlargacha muntazam yuborib turishga majbur qilingan.

Toshtemirovning ta’kidlashicha, buning ortidan Musayev undan Koreyadan ichiga maxsus divan o‘rnatilgan qimmatbaho «Hyundai Palisade» avtomobilini sotib olishni talab qilgan. Mashina va bojxona xarajatlari taxminan 150 ming AQSH dollarini tashkil etishi ma’lum qilinganda, muallifning iddaosiga ko‘ra, Musayev bu summani davlat budjetidan vakolatxonaga o‘tkazib berishini, pulni naqdlashtirib mashina yuborish kerakligini buyurgan.

Imtihonlarga aralashuv va ommaviy ishdan bo‘shatish

Toshtemirovning qayd etishicha, u budjet mablag‘larini o‘zlashtira olmasligini aytib, holat yuzasidan Prezident Administratsiyasiga arz qilgan. Muallif iddaosiga ko‘ra, Musayev Monomarkazdagi EPS imtihonlari vaqtida «Administratsiya topshirig‘i» degan yolg‘on vaj bilan tekshiruvlarni yumshatish, telefon kirgizish bo‘yicha qonunga zid buyruqlar bergan.

Bayonot yakunida Toshtemirov ushbu voqealar ortidan Behzod Musayev undan qasd olish maqsadida O‘zbekistonning Koreyadagi elchisi tomonidan berilgan ijobiy tavsiyanomaga qaramay, uni va vakolatxonaning barcha xodimlarini ommaviy tarzda ishdan bo‘shatib yuborganini ta’kidlagan. Azizbek Toshtemirov ommaviy axborot vositalarini ushbu ma’lumotlarni chuqur o‘rganishga chaqirgan va o‘zidagi boshqa dalillarni ham e’lon qilib borishga va’da bergan.

Azizbek Toshtemirov o‘zi kim?

Migratsiya agentligining sobiq mulozimi, Koreyadagi vakolatxonaning sobiq rahbari 35 yoshli Azizbek Toshtemirov (Andijon viloyatida tug‘ilgan) xalqaro qidiruvga berilgan bo‘lib, bu haqdagi e’lon Interpol rasmiy saytida joylashtirilgan.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, A. Toshtemirov 2025 yilning mart oyida turli qonunbuzilish holatlari sababli lavozimidan ozod etilgan. Hozirda u firibgarlik jinoyatlarida gumon qilinmoqda. Xususan, uning lavozimda ishlagan davrida Janubiy Koreyaga ishga yuborish bo‘yicha o‘tkazilgan «EPS-Topik» imtihonlarida ayrim nomzodlar o‘rniga boshqa shaxslarning kiritilishi hamda agentlikning ba’zi xodimlari ularga testdan o‘tishda noqonuniy yordam ko‘rsatgani haqida fuqarolardan bir qancha murojaatlar kelib tushgan.

Shuningdek, 2025 yilning avgust oyida Migratsiya agentligining Namangan viloyati filiali hamda markaziy apparat bosh mutaxassislariga nisbatan fuqarolarni Janubiy Koreyaga pul evaziga noqonuniy ravishda yuborish holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur voqealardan so‘ng, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Seul shahridagi vakolatxonasida faoliyat yuritgan barcha xodimlar to‘liq almashtirilgan.

Vaqt.uz Azizbek Toshtemirovning postlari va bayonotlarida bildirilgan masalalarga aniqlik kiritish maqsadida Migratsiya agentligi matbuot xizmati bilan bog‘lanishga harakat qildi. Ammo, qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qoldi. Shu o‘rinda, tahririyat mazkur holat yuzasidan Migratsiya agentligining rasmiy munosabatini e’lon qilishga tayyor ekanini va ular uchun doimo ochiqligini ma’lum qiladi.

Teglar

Mavzuga oid