Logo

Arzonlashadigan bojxona to‘lovlari, TOP-5 bankka xaridor bo‘layotgan gruzinlar va biznesni kutayotgan xatlov — 2-sentabr dayjesti

Kecha 23:103 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Arzonlashadigan bojxona to‘lovlari, TOP-5 bankka xaridor bo‘layotgan gruzinlar va biznesni kutayotgan xatlov — 2-sentabr dayjesti

O‘zbekistonda tovar olib kirish uchun yagona bojxona to‘lovi arzonlashadi

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

2027 yil 1-yanvardan O‘zbekistonga shaxsiy ehtiyojlari uchun bojsiz me’yordan ortiq tovar olib kiruvchi jismoniy shaxslar uchun yagona bojxona to‘lovi tovar qiymatining 30 foizidan 20 foiziga, uning eng kam miqdori esa har bir kilogramm uchun 3 dollardan 2 dollarga tushiriladi.

Shuningdek, 2027 yil 1-iyundan boshlab jismoniy shaxslar notijorat maqsadlarda tovar olib kirganda hisoblangan yagona to‘lov bojxona yig‘imlaridan kam bo‘lsa, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.

Gruziya banki O‘zbekistondagi TOP-5 banklardan birini sotib olmoqchi

Gruziyaning «Bank of Georgia» bankiga egalik qiluvchi «Lion Finance Group» O‘zbekiston va Qozog‘iston bozorlaridagi yirik (TOP-3 yoki TOP-5) banklardan birini sotib olishni rejalashtirmoqda. Guruh bosh direktorining ta’kidlashicha, kompaniya yangi bankni noldan tashkil etishdan ko‘ra, o‘z tajribasini tatbiq qila oladigan mavjud yirik o‘yinchini xarid qilishni afzal ko‘radi.

Kompaniya Markaziy Osiyodan tashqari, Boltiqbo‘yi va Bolqon mamlakatlaridagi imkoniyatlarni ham ko‘rib chiqmoqda. Biroq hozircha O‘zbekistondagi aniq bank nomi ochiqlanmagan. Biror bank bilan muzokara boshlangani yoki taklif berilgani haqida ham rasmiy ma’lumot yo‘q.

Shavkat Mirziyoyev Karimovni xotirasini yodga oldi

2-sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovni xotirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev marhumning rafiqasi Tatyana Karimova hamda hukumat vakillari hamrohligida Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, haykal poyiga gulchambar qo‘ydi.

Tadbirda Qur’on tilovat qilinib, birinchi prezidentning mamlakat mustaqilligi va tinchligi yo‘lidagi xizmatlari esga olindi, shuningdek, davlat idoralari vakillari va keng jamoatchilik tomonidan ham haykal poyiga gullar qo‘yildi.

O‘zbekistonda naqd valutani deklaratsiyasiz olib chiqish limiti oshirilishi mumkin

O‘zbekistonda yo‘lovchilar naqd milliy va xorijiy valutani bojxona deklaratsiyasiz olib chiqish limitini amaldagi 100 million so‘mdan (taxminan 8453 dollar) 10 ming dollar ekvivalentigacha oshirish taklif qilinmoqda.

«Yangi O‘zbekiston bojxonasi — 2030» strategiyasida belgilangan ushbu vazifa doirasida Bojxona qo‘mitasi va boshqa mas’ul idoralarga 2027 yil dekabriga qadar tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.

246 trillion so‘mlik xufiyona iqtisodiyot: O‘zbekistonda biznes to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi

O‘zbekistonda doimiy aholi soni 39 million 47 ming nafarga, mamlakatdagi kuzatilmaydigan (yashirin) iqtisodiyot ulushi esa 246 trillion so‘mga (23 foizga) yetgani ma’lum qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan milliy statistika islohotiga ko‘ra, nosog‘lom raqobatga barham berish hamda ko‘plab subyektlarning amalda ishlamayotgani yoki faoliyatini to‘xtatganini aniqlash maqsadida joriy yilning 15-oktabridan 30-noyabriga qadar respublika bo‘ylab barcha biznes subyektlari to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi.

Teglar

Mavzuga oid