
Aviatsiya O‘zbekiston YIMiga 2 mlrd dollar olib kelishi mumkin — IATA hisob-kitobi
IATA so‘nggi yillarda O‘zbekiston aviatsiya infratuzilmasiga kiritayotgan sarmoyalar, yangi yo‘nalishlar va terminal modernizatsiyasi nafaqat transport tizimini, balki umumiy iqtisodiy faollikni tubdan o‘zgartirayotganini ko‘rsatadi.

Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) O‘zbekiston bo‘yicha navbatdagi «Value of Air Transport Study» hisobotini e’lon qildi. IATA bahosiga ko‘ra, havo transporti O‘zbekiston YAIMining 0,9 foizini, ya’ni 795,5 mln dollarlik qiymatni shakllantirmoqda. Bu ko‘rsatkich avvalgi yillarga nisbatan ancha yuqori bo‘lib, sektorning YIMga ta’siri kengayib borayotganini bildiradi. Eng muhimi — bu raqam potensialning faqat boshlanishidir.
Raqamlar nimadan darak beradi?
bugungi kunda O‘zbekiston aviatsiya sohasida 12,4 ming kishi bevosita ishlaydi. Ular yaratgan iqtisodiy qiymat 96,5 mln dollar (YIMning 0,1 foizi) atrofida bo‘lib, bir qarashda aviatsiya «kichik yo‘nalish» bo‘lib ko‘rinadi. Ammo havo transportining iqtisodiy roli bevosita emas — multiplikator mexanizmi orqali shakllanadi.
Binobarin, aeroportlar atrofidagi xizmatlar, ta’minot zanjiri, yo‘lovchi oqimiga bog‘liq iste’mol, turizm va bilvosita xarajatlar orqali aviatsiya yana 128 ming ish o‘rnini qo‘llab-quvvatlaydi. Iqtisodiyotga qo‘shilayotgan umumiy qiymat esa 795,5 mln dollarga teng. Bu O‘zbekiston YIMining 0,9 foizidir.
Mazkur multiplikator effekti shuni ko‘rsatadiki, aviatsiya — kichik sektor emas, balki ko‘p sohaga impuls beruvchi markaziy mexanizm.
Turizm: eng katta pul aynan havo yo‘llari orqali kirib kelmoqda
IATA ma’lumotlariga ko‘ra, havo transporti bilan bog‘liq turizm iqtisodiyotga 282,9 mln dollar bevosita hissa qo‘shadi. Biroq asosiy pul oqimi — sayyohlarning O‘zbekistonda sarflayotgan mablag‘lari. Har yili xorijiy turistlar mamlakatda 2 mlrd dollar atrofida xarajat qiladi.
Bu raqam uch muhim jarayonni ko‘rsatadi.
Avvalo, aviatsiya — turizmning yagona real kirish yo‘lagi — O‘zbekistonning geografik joylashuvi sababli xalqaro turistlarning 95 foizga yaqini havo yo‘llari orqali mamlakatga kirib keladi.
Ikkinchidan, turistlar sarf-xarajatlari ichki bozorni jonlantiradi: mehmonxona, restoran, taksi, xizmatlar, savdo sohalarining barchasi hammasi to‘g‘ridan to‘g‘ri daromad oladi.
Uchinchidan, segmentlar o‘zgarishi — katta xarajat qiluvchi turistlar ulushi oshib bormoqda. Yevropa va Yaqin Sharqdan kelayotganlar nisbati ko‘paymoqda.
Havo yuklari: Navoiy va Toshkent yangi iqtisodiy o‘qi bo‘ladimi?
2023 yilda O‘zbekiston aeroportlari orqali 66,6 ming tonna yuk tashildi. Bu raqam mintaqaviy gigantlarga yetmasa-da, o‘sish trayektoriyasi aniq:
Toshkent aeroportida yangi yuk terminali ishga tushdi;
Navoiy aeroporti cargo markaz sifatida modernizatsiya qilinmoqda;
e-commerse va xalqaro logistika oqimlari mintaqa bo‘ylab tez kengaymoqda.
Yuk tashish segmenti O‘zbekiston uchun strategik yo‘nalishga aylanmoqda. Chunki:
eksportchilar uchun tezkor yetkazib berish imkoniyati raqobatbardoshlikni oshiradi;
logistika xarajatlarining pasayishi sanoat mahsulotlarining narxini optimallashtiradi;
tranzitdan keladigan pul oqimi xizmatlar sektorining o‘sishini qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘zbekiston qanday natijalarga erishishi mumkin?
Hukumat 2030 yilgacha aviatsiya yuk oqimini 4 baravar oshirishni maqsad qilgan. Yo‘lovchi oqimida esa hozirgi o‘sish sur’atlari davom etsa, 2030 yilda yillik 30–35 million tonnaga chiqishi mumkin.
Bu ikki natija amalga oshsa aviatsiyaning YIMdagi ulushi 0,9 foizdan 2 foizga, YAIMga qo‘shilgan qiymat 795 mln dollardan 2–2,5 mlrd dollarga, yondosh ish o‘rinlari 128 mingdan 250–300 mingga yetishi mumkin.
Umuman olganda, IATA hisobotidagi raqamlar shuni ko‘rsatadiki, agar infratuzilma, bojxona islohotlari, raqamlashtirish va ekologik talablar bilan uyg‘un rivojlanish davom etsa, O‘zbekiston yaqin 5–7 yil ichida Markaziy Osiyoda eng kuchli aviatsiya markazlaridan biriga aylanishi mumkin.
Bu o‘sishdan esa nafaqat aviatsiya sektori, balki butun iqtisodiyot, biznes ham, aholi ham birdek manfaat ko‘radi.





