add

Bolakay millatchi qurboni bo‘ldi

Kecha 23:183434 daqiqa

10 yashar bolaning o‘ldirilishi. Bugun dunyo mediasi tojikistonlik Qobiljon Aliyev haqida gapirmoqda. U millatchilik qurboni bo‘ldi.

Qotillik qanday sodir bo‘ldi?

16-dekabr kuni Moskva oblastidagi maktabda tojikistonlik 10 yashar Qobiljon Aliyev shu maktabning 9-sinf o‘quvchisi Timofey tomonidan pichoqlab o‘ldirildi. Hodisa Gorki-2 elita qishlog‘ida joylashgan Uspenskiy maktabida sodir bo‘lgan. 15 yoshli o‘smir avval qo‘riqchiga, so‘ng 4-sinf o‘quvchisiga hujum qilgan. 10 yoshli Qobiljon qochishga har qancha urinmasin, qotilning qo‘lidan qutulolmadi va vafot etdi.

Tarmoqlarda tarqalgan videolardan ko‘rish mumkinki, maktabga qo‘lida pichoq bilan kirgan qotil oldidan chiqqan maktab o‘quvchilaridan millatini so‘ragan va shunga qarab ish qilgan.

Hujumchi maktabga «No Lives Matter», ya’ni «Hech kimning hayoti ahamiyatga ega emas» yozuvi tushirilgan futbolkada kirib borgan. Xorijiy OAVlarda aytilishicha, ushbu o‘smirning boshida amerikalik neonatsist, 2015 yilda Charlston shahridagi cherkovda to‘qqiz nafar qora tanlini o‘ldirgan Dilan Rufdan iqtiboslari yozilgan shlem bo‘lgan.

2

Shlemdagi ibora shunday ko‘rinishda: «Buni men qilishimga to‘g‘ri keldi, chunki kimdir nimadir qilishi kerak edi». «Ostorojno, novosti»ning qayd etishicha, bu iqtibosning davomi quyidagicha: «Chunki, bilasizki, qora tanlilar har kuni ko‘chalarda oq tanlilarni o‘ldirmoqda».

4

Eng dahshatlisi, qotil o‘z hujumini videoga olgan. Kadrda u o‘qituvchi bilan turgan o‘quvchilar guruhi oldiga borgani va ulardan qaysi millatdan ekanini so‘ragani aks etgan. Shu paytda orqadan maktab qo‘riqchisi yaqinlashib kelgan, Timofey esa unga avval qalampirli ballon bilan hujum qilgan, pichoq bilan bir marta zarba bergan, keyin esa o‘quvchilar tomonga qarab yugurgan.

Qotil 10 yoshli Qobiljonga yetib olib, uning turli joylariga bir necha marta pichoq sanchgan. Mash telegram-kanalining yozishicha, u bu holat aks etgan videoni o‘zining shaxsiy telegram-kanaliga joylashtirgan.

«Ostorojno, novosti» tomonidan e’lon qilingan yana bir videoda Timofey sinfxonalardan biriga kirgan va «o‘zi ismini eslay olmagan, qoramatir» o‘qituvchi bugun maktabga kelgan-kelmaganini so‘ragan. Xonadagi o‘qituvchi inkor ma’nosida javob qaytargan va aynan kimni izlayotganini so‘ragan, keyin esa uni navbatchi va qo‘riqchining oldiga olib borishga uringan. «Men baribir umrbod qamoqda o‘tiraman», — degan o‘smir. O‘qituvchining «nima qilayotgani» haqidagi keyingi savoliga «Vikipediyada o‘qiysiz», deya javob bergan.

Mahalliy telegram-kanallarga ko‘ra, Timofey hujumdan oldin sinfdoshlariga «Mening g‘azabim» nomli manifestini yuborgan. U 1999 yilda «Kolumbayn» maktabida otishma uyushtirib, 13 kishini o‘ldirgan ikki o‘quvchidan biri bo‘lgan Erik Xarrisdan olingan iqtibos bilan boshlangan. Bu manifestda Timofey jamiyatdan nafratlanishini yozib, odamlarni «biochiqindi» deb atagan, muammolarda esa musulmonlarni, LGBTni, yahudiylarni, antifashistlarni, liberallarni va muxolifatchilarni ayblagan. 

Millatchi qotilning qo‘lga olinishi

Hodisa sodir bo‘lganidan so‘ng, voqea joyiga huquq-tartibot idoralari xodimlari yetib borgan va vaziyatni nazoratga olib, maxsus kuchlar yordamida o‘smirni qo‘lga olgan.

Tergov qo‘mitasi Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qotillik) va Rossiya Jinoyat kodeksining 30-moddasi 3-qismi, 105-moddasi 2-qismi (ikki yoki undan ortiq odamni o‘ldirishga urinish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Tergov qo‘mitasi hibsga olingan 15 yoshli o‘smir so‘roq paytida aybini tan olganini, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va tafsilotlarni ham bayon qilganini ma’lum qildi.

Moskva oblasti gubernatori Andrey Vorobyov maktab o‘quvchilariga qilingan hujumni «dahshatli, haddan tashqari shafqatsizlik» deb atadi. 

Rossiyaning Tojikistondagi elchisi TIVga chaqirtirildi

Rossiyaning Tojikistondagi elchisi Semyon Grigorev Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan. Unga Rossiya tomonidan ushbu fojiali hodisani zudlik bilan, xolis va begaraz tergov qilish hamda barcha aloqador shaxslarni qonunning butun qat’iyligi bo‘yicha javobgarlikka tortish talabi bilan nota topshirilgan.

Millatchilik qurboni Qobiljonning jasadi 18-dekabr kuni ertalab Tojikistondagi uyiga olib kelindi va vidolashuv marosimi uchun Shahrinav tumanidagi Adjam qishlog‘ida, qarindoshining uyiga ko‘chirildi.

4


Kuchli yog‘ingarchilikka qaramay, Tojikistonning bir nechta hududlaridan ko‘plab odamlar vidolashuv marosimida ishtirok etdi.

Qurbon va hujumchining ota-onasi kim?

10 yoshli Qobiljon Aliyevning onasi farzandi o‘qigan maktabda farrosh sifatida ishlagan. Qobiljonning oilasi bundan 4 yil avval Rossiyaga Tojikistonning Hisor viloyatidan ko‘chib borgan, 3 yil avval otasi olamdan o‘tgan, onasi ikki nafar egizak farzandini shu maktabda farroshlik qilib boqib kelayotgan edi.

1

Hujumchi Timofeyning otasi mustaqil tadbirkor, onasi esa hamshiradir. Ilgari ular Prezident Mulkini Boshqarish Direksiyasiga bog‘liq muassasalarda ishlagan. Oila Gorki-2 yaqinidagi shaharda yashagan. Terguv ma’lumotlariga ko‘ra, Timofeyning shaxsiy kontakt yozuvlarida do‘sti uni «Natsist» deb nomlagan.

3

So‘nggi yillarda Rossiya siyosiy maydonida, jumladan deputatlar va partiya yetakchilari tomonidan migrantlarga nisbatan tanqid va cheklovlar oshdi. Ulardan biri bolalarni maktabga qabul qilmaslik yoki «o‘z yurtingga qayt» deyish kabi talablar bildirgan bo‘lsa, boshqalari migrantlarni harbiy xizmatga chaqirish yoki Rossiyadan chiqarib yuborish kabi shartlarni ilgari surdi.

Natijada, mehnat qilgan, soliq to‘lagan va o‘z oilasiga hamda Rossiya iqtisodiyotiga yordam bermoqchi bo‘lgan oddiy migrantlar doimiy qiyinchiliklar bilan yuzlashmoqda. Shu bilan birga, huquq-tartibot organlari tomonidan migrantlarga nisbatan reydlar davomida qo‘pol munosabat, kuch ishlatish va insoniy qadr-qimmatni tahqirlash holatlari tobora ko‘paygan.

Human Rights Watch nashrida e’lon qilingan maqolaga ko‘ra, Rossiyada faoliyat yuritayotgan Markaziy Osiyo migrantlari doimiy qiyinchiliklar va tahqirga duch kelmoqda. Ular polisiya tomonidan asossiz to‘xtatilib, pora talab qilinishi, ba’zida hibsga olinishi, qorong‘i va yetarlicha jihozlanmagan hibsxonalarida saqlanishi kabi muammolarni boshdan kechirmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyolik migrantlarga bo‘lgan munosabat jiddiy o‘zgargan.

Teglar

Mavzuga oid