«Bu bir martalik aksiya emas»: Saida Mirziyoyeva yangi IPO'lar tayyorlanayotganini ma’lum qildi

Bugun 12:383 daqiqa

Londondagi UzNIF IPO'si ortidan O‘zbekistonda yangi aksiya joylashtiruvlari boshlanishi mumkin. Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bu jarayon mamlakatning global kapital bozoriga integratsiyasida muhim bosqich ekanini ta’kidladi.

«Bu bir martalik aksiya emas»: Saida Mirziyoyeva yangi IPO'lar tayyorlanayotganini ma’lum qildi © Saida Mirziyoyevaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 18-may kuni London Stock Exchange'da O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi — UzNIF'ning global depozitar tilxatlari savdosiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi to‘qqiz yil ichida O‘zbekiston yopiq iqtisodiyotdan raqobatbardosh va sarmoyaviy jozibador mamlakatga aylandi. Mirziyoyeva IPO nafaqat kapital jalb qilish vositasi, balki O‘zbekistonda shakllanayotgan yangi institutlarga nisbatan xalqaro ishonchni mustahkamlash mexanizmi ekanini qayd etdi.

UzNIF tarkibiga energetika, transport, moliya va sanoat sohalaridagi yirik kompaniyalar kiritilgan. Mirziyoyeva jamg‘arma zamonaviy O‘zbekistonning iqtisodiy transformatsiyasi va xalqaro bozorlardagi ambitsiyalarini aks ettirishini ta’kidladi.

«Bu bir martalik aksiya emas. Biz yangi listinglarni tayyorlayapmiz, xususiy sektor ishtirokini kengaytirmoqdamiz hamda mintaqamiz uchun xalqaro tan olingan huquqiy standartlar asosida faoliyat yuritadigan ishonchli moliyaviy va investitsiyaviy platformani shakllantirishdek ulkan maqsad bilan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etmoqdamiz. Biz uchun o‘sishning nafaqat o‘zi, balki uning sifati ham muhimdir», — dedi Saida Mirziyoyeva.

Shuningdek, Mirziyoyeva Franklin Templeton'ga O‘zbekiston bozoriga erta bosqichda bildirgan ishonchi uchun minnatdorlik bildirdi. U sarmoyadorlar, London fond birjasi va britaniyalik hamkorlariga ham tashakkur aytdi.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 18-may kuni Toshkent fond birjasida Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) aksiyalari bo‘yicha ilk savdolar boshlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jamg‘arma aksiyalarining savdo hajmi 1 mlrd so‘mdan oshishiga bir yarim soat kifoya qilgan. Toshkent vaqti bilan soat 12:40 holatiga ko‘ra, savdolar hajmi 3 mlrd so‘mga yaqinlashdi. Kun davomida UzNIF aksiyalari narxi 7,5 so‘mgacha ko‘tarildi va joylashtirish narxiga nisbatan 70 foizdan ko‘proq o‘sishni qayd etdi.

Biroq, keyinchalik birjadagi ommaviy sotuv ortidan aksiyalar narxi pasayishni boshladi. Ayni paytda 1 dona aksiya narxi 6 so‘m atrofida bo‘lib, joylashtirish narxi bilan solishtirilganda o‘sish ko‘rsatkichi 20 foizga yaqin bo‘lib turibdi.

London fond birjasida UzNIF aksiyalari Global Depositary Receipt (GDR) ko‘rinishida chiqarilgandi. 18-may holatiga ko‘ra, GDR narx 27,8 dollargacha ko‘tarildi.

IPO doirasida GDR aksiyalari narxi 25 dollardan joylashtirilgan edi. Natijada UzNIF aksiyalari London fond birjasida 11 foizdan ko‘proqqa o‘sdi. Shunga qaramay, ayni paytda narx 27,60 dollar atrofida bo‘lib turibdi.

Aksiyalarni qanday sotib olish mumkin?

UzNIF aksiyalarini sotib olishni xohlovchilar uchun broker yoki invest-platforma kerak bo‘ladi. Hozirda eng oddiy yo‘l — mobil ilova yoki broker orqali hisob ochish.

Savdolar Toshkent respublika fond birjasida amalga oshiriladi. Unda Jett, Avesto Investment, Freedom Finance kabi brokerlar orqali qatnashish mumkin.

Jarayon odatda quyidagicha amalga oshiriladi:

Broker yoki ilovada akkaunt ochish; Pasport/JSHSHIR bilan ro‘yxatdan o‘tish; Hisobraqamni to‘ldirish.

Keyin esa «UzNIF» tikkerini topib, nechta aksiya olmoqchi bo‘lsangiz buyurtma berasiz. Oddiy aksiya kodi — UZ705898.

IPO qanday o‘tdi?

UzNIF O‘zbekistondagi 13 ta strategik davlat aktivlari ulushidan shakllantirilgan. Ular orasida Uzbekistan Airways, SQB, O‘zbekiston temir yo‘llari kabi yirik aktivlar bor.

13-may kuni UzNIF IPO jarayonlarini muvaffaqiyatli yakunlab, aksiyalarning 31 foizini 603,4 mln dollarga sotgani ma’lum qilingandi.

Bunda aksiyalarning asosiy sotuvi London fond birjasiga to‘g‘ri keldi.

Teglar

Mavzuga oid