add

Dunyo boyliklari kimning qo‘lida?

Bugun 13:254045 daqiqa

Jahon iqtisodiyotidagi eng katta savollardan biri — dunyo boyliklari kimning qo‘lida ekani. World Inequality Report 2026 hisobotiga ko‘ra, dunyo aholisining eng boy 10 foizi global shaxsiy boylikning 75 foizini nazorat qilmoqda. Qolgan 90 foiz aholi esa boylikning atigi to‘rtdan bir qismiga egalik qiladi.

Dunyo boyliklari kimning qo‘lida?

Dunyo aholisining eng boy 10 foizi global boylikning 75 foizini nazorat qilmoqda. World Inequality Report 2026 hisobotida qayd etilishicha, jahon iqtisodiyoti o‘sish ko‘rsatkichlariga qaramay, boylik va daromad taqsimotidagi nomutanosiblik yil sayin oshib bormoqda. Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, ko‘plab mamlakatlarda aholining katta qismi uchun turmush darajasi turg‘unlashib borayotgan bir paytda, boylik va iqtisodiy hokimiyat yuqori qatlam qo‘lida yanada mustahkamlanib qolishi ijtimoiy barqarorlikka jiddiy tahdid sifatida ko‘riladi.

Daromad va boylik: farq qayerda?

Daromad va boylik ko‘p hollarda bir xil taqsimlanmaydi. Eng boy insonlar doimo eng ko‘p ish haqi oluvchilar emas. Boylik, odatda, aktivlar — jamg‘armalar, investitsiyalar va ko‘chmas mulk orqali shakllanadi. Shu sababli, kapitalga egalik qilish imkoniyati daromaddan ko‘ra muhimroq omilga aylanib bormoqda.

2025 yilda global boylik taqsimotiga nazar tashlasak, eng boy 10 foiz aholi 75 foiz boylikka ega bo‘lgan. O‘rta qatlam hisoblangan 40 foiz aholi ulushi 23 foizni, eng kambag‘al 50 foiz aholi esa dunyo boyliklarining atigi 2 foizini nazorat qiladi.

Daromad olish bo‘yicha ham manzara o‘xshash. 2025 yilda jahon bo‘yicha eng boy 10 foiz aholi umumiy daromadning 53 foizini olgan. O‘rta qatlam hissasiga 38 foiz to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, aholining quyi qatlamdagi 50 foizi jami daromadning bor-yo‘g‘i 8 foizini qo‘lga kiritgan.

Agar dunyo aholisi 10 kishidan iborat deb tasavvur qilinsa va umumiy daromad 100 dollar bo‘lsa, eng boy bir kishi 53 dollar oladi, keyingi to‘rt kishi jami 38 dollarga ega bo‘ladi, qolgan besh kishi esa 8 dollarni o‘zaro bo‘lishib oladi.

1990 yillardan buyon milliarderlar va yuz million dollardan ortiq boylikka ega shaxslarning boyligi har yili o‘rtacha 8 foizga o‘sib kelyapti. Bu sur’at dunyo aholisining eng kambag‘al yarmi boyligining o‘sishidan deyarli ikki baravar yuqori.

Ayniqsa, eng boy 0,001 foiz aholi — 60 ming nafardan kam multimillioner — insoniyatning yarmiga nisbatan uch baravar ko‘p boylikni nazorat qiladi.

Global miqyosda eng boy 10 foiz aholi deganda aniq bir davlat yoki yagona kasb egalari emas, balki dunyo iqtisodiyotida hal qiluvchi o‘rin tutayotgan turli sohalar vakillari nazarda tutiladi. Bu qatlamga, avvalo, texnologiya va innovatsiya sohasida ulkan kapital jamlagan shaxslar kiradi. Masalan, Ilon Mask Tesla va SpaceX kompaniyalari orqali global sanoat va kosmik texnologiyalarga ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lsa, Jeff Bezos Amazon orqali jahon savdo va logistika tizimining ajralmas qismiga aylangan. Bill Geyts, Mark Sukerberg va Larri Peyj kabi texnologik gigantlar asoschilari ham global boylikning katta qismini nazorat qilayotgan qatlam vakillari hisoblanadi.

Moliya va investitsiya sohasida esa dunyodagi eng yirik kapital oqimlarini boshqarayotgan shaxslar global eng boy 10 foiz tarkibida alohida o‘rin tutadi. Uorren Baffet investitsiya strategiyasi orqali o‘nlab yillar davomida ulkan boylik to‘plagan bo‘lsa, Larri Fink rahbarlik qilayotgan BlackRock jahondagi eng yirik aktiv boshqaruv kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, Maykl Blumberg moliyaviy axborot bozorida ta’sirli o‘yinchi sifatida e’tirof etiladi.

An’anaviy sanoat, energetika va lyuks tovarlar segmentida ham eng boy qatlamning ta’siri kuchli. Fransiyalik milliarder Bernar Arno LVMH konserni orqali lyuks brendlar bozorida yetakchilik qilsa, Hindistonda Mukesh Ambani Reliance Industries orqali energetika, telekom va sanoat sohalarida ulkan kapitalga ega. Lotin Amerikasida esa Karlos Slim telekommunikatsiya va sanoat aktivlari bilan eng boy insonlardan biri sanaladi.

Osiyo va Yaqin Sharq mintaqalarida ham global boylikning katta qismi tor doirada jamlangan. Xitoyda ichimlik suvi bozori orqali boylik to‘plagan Chjun Shanshan, elektron tijorat sohasida tanilgan Jek Ma kabi tadbirkorlar global 10 foiz ichidagi eng taniqli shaxslardan hisoblanadi. Yaqin Sharqda esa qirollik oilalari vakillari, jumladan Mansur bin Zayed, neft-gaz, investitsiya va moliya orqali ulkan kapitalni nazorat qiladi.

Shu bilan birga, muhim jihat shundaki, ommaviy axborot vositalarida tilga olinayotgan bu ismlar global eng boy 10 foizning faqat eng yuqori qismi, ya’ni milliarderlar va yirik korporatsiya egalari hisoblanadi. Amalda esa bu qatlam ancha keng bo‘lib, unga AQSH va Yevropa davlatlaridagi yuqori maoshli shifokorlar, katta investitsiya portfeliga ega o‘rta sinf oilalari, shuningdek bir nechta uy-joy yoki biznes aktivlariga egalik qiluvchi shaxslar ham kiradi. Ularning ismlari jamoatchilikka tanish bo‘lmasligi mumkin, biroq statistik jihatdan ular ham global boylikning yuqori qatlamiga mansub hisoblanadi.

Hududlar bo‘yicha tengsizlik

Global boylik va daromad tengsizligi dunyoning turli hududlarida turlicha ko‘rinishga ega. Mutaxassislar fikricha, insonning qayerda tug‘ilgani uning iqtisodiy imkoniyatlari, daromad topish darajasi va boylik to‘plash salohiyatini belgilab beruvchi eng muhim omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, har bir mintaqada ham kambag‘al, ham boy davlatlar mavjud bo‘lib, hisobotda keltirilgan ko‘rsatkichlar o‘rtacha qiymatlarni aks ettiradi.

Hisobotga ko‘ra, Shimoliy Amerika va Okeaniya mintaqasi aholisining o‘rtacha boyligi jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan 338 foiz yuqori bo‘lgan. Bu hudud dunyodagi eng boy mintaqa sifatida qayd etilgan. Daromadlar bo‘yicha ham ushbu mintaqadagi aholi jahon o‘rtacha darajasidan 290 foiz yuqori ko‘rsatkichga ega. Yevropa va Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ham o‘rtacha boylik va daromad darajasi global o‘rtachadan ancha yuqori bo‘lib qolmoqda.

Aksincha, Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika, Janubiy Osiyo, Lotin Amerikasi va Yaqin Sharqning katta qismida daromadlar jahon miqyosidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha past darajada saqlanib qolyapti. Bu mintaqalarda aholining katta qismi uchun iqtisodiy o‘sish mevasi sezilarli darajada yetmay qolayotgani qayd etilgan.

Hisobotda ta’kidlanishicha, global tengsizlik umumiy manzarani yaqqol ko‘rsatib bersa-da, boylik va daromad taqsimotidagi farqlar mamlakatlar o‘rtasida ham keskin tafovut qiladi. Ayrim davlatlarda taqsimot nisbatan muvozanatli bo‘lsa, boshqalarida moliyaviy resurslar juda ozchilik qo‘lida jamlangan.

Daromad tengsizligi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Janubiy Afrikaga to‘g‘ri keladi. Bu mamlakatda eng boy 10 foiz aholi jami daromadning 66 foizini oladi, aholining quyi qatlamdagi 50 foizi esa atigi 6 foiz daromadga egalik qiladi. Lotin Amerikasidagi Braziliya, Meksika, Chili va Kolumbiyada ham o‘xshash holat kuzatiladi — bu yerda eng boy 10 foiz aholining ulushi qariyb 60 foizni tashkil etadi.

Yevropa mamlakatlarida esa manzara nisbatan muvozanatliroq. Masalan, Shvetsiya va Norvegiyada aholining quyi 50 foizi jami daromadning taxminan 25 foizini oladi, eng boy 10 foiz ulushi esa 30 foizdan kam. Avstraliya, Kanada, Germaniya, Yaponiya va Buyuk Britaniya kabi rivojlangan iqtisodiyotlarda daromad taqsimoti o‘rtacha darajada shakllangan bo‘lib, eng boy 10 foiz aholi 33–47 foiz daromadni, quyi 50 foiz esa 16–21 foiz daromadni qo‘lga kiritadi.

Osiyoda esa daromad taqsimoti turlicha. Bangladesh va Xitoyda nisbatan muvozanatli tizim saqlanib qolgan bo‘lsa, Hindiston, Tailand va Turkiyada daromadlar yuqori qatlam qo‘lida jamlanishi yaqqol namoyon bo‘ladi.

Raqamlar shuni ko‘rsatyaptiki, dunyo boyliklari asosan kam sonli elita qo‘lida jamlangan. Agar soliq siyosati, ijtimoiy himoya va kapitalga kirish imkoniyatlari qayta ko‘rib chiqilmasa, global tengsizlik yanada chuqurlashishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid