
Fuqarolar endi o‘zlari to‘lagan soliqlar sarfini onlayn kuzata oladi
Openbudget.uz portalida endi jismoniy shaxslar to‘lagan ayrim soliqlar qaysi yo‘nalishlarga sarflanayotganini ko‘rish mumkin.

2026 yil 1-yanvardan boshlab fuqarolar o‘zlari to‘lagan ayrim soliq tushumlari davlat byudjeti doirasida qaysi yo‘nalishlarga yo‘naltirilayotganini onlayn tarzda kuzatish imkoniga ega bo‘ldi. Bu imkoniyat Openbudget.uz portalida ishga tushirilgan yangi modul orqali ta’minlanmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qilishicha, «Jismoniy shaxslarning bevosita soliqlari hisobidan xarajatlar» moduli fuqarolarga daromad solig‘i, yer solig‘i hamda mol-mulk solig‘i hisobidan amalga oshirilgan xarajatlar tarkibini ko‘rish imkonini beradi. Ushbu soliq tushumlari hisobidan qariyb 70 ta yo‘nalish bo‘yicha xarajatlar moliyalashtirilmoqda.
Modul orqali ma’lumot olish uchun fuqarolar tegishli sahifaga OneID tizimi orqali kirishi lozim. Tizimda har bir soliq turi bo‘yicha mablag‘lar qaysi sohalarga yo‘naltirilgani alohida ko‘rsatiladi.
Shu bilan birga, hisobot faqat jismoniy shaxslarning to‘g‘ridan to‘g‘ri soliqlarini qamrab olishi ta’kidlanmoqda. Davlat byudjeti daromadlarida katta ulushga ega bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘i va boshqa bilvosita soliqlar ushbu modulda aks ettirilmagan. Sababi, ular yuridik shaxslar orqali undiriladi.
Ma’lum bo‘lishicha, rasmiy ish joyiga ega bo‘lmagan, yer yoki mol-mulk solig‘i to‘lamaydigan fuqarolar moduldan foydalanganda bo‘sh jadvalni ko‘rishi mumkin. Bu esa ularning umuman soliq to‘lamayotganini yoki davlat byudjetiga hissa qo‘shmayotganini anglatmaydi.
Ma’lumot uchun, jismoniy shaxslardan undiriladigan daromad solig‘i 2025 yil yakunida 41,4 trln so‘mni tashkil etishi nazarda tutilgan. Bu davlat byudjeti daromadlarining qariyb 12 foiziga to‘g‘ri keladi. Yer solig‘i tushumlari 9,7 trln so‘m, mol-mulk solig‘i esa 7,9 trln so‘m bo‘lishi prognoz qilingan.





