
Ijtimoiy soha muassasalarini qurish va ta’mirlash jamg‘armasi tashkil etiladi
Yangi jamg‘arma ta’lim, tibbiyot va sport infratuzilmasini qurish hamda yangilashni moliyalashtiradi.

2025 yil 30-dekabrdagi prezident qarori bilan ijtimoiy soha infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan moliyaviy mexanizmlar yanada mustahkamlanmoqda.
Qarorga muvofiq, ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish va ta’mirlashni moliyalashtirish maqsadida Ijtimoiy soha muassasalarini qurish va ta’mirlash jamg‘armasi tashkil etiladi. Ushbu jamg‘arma ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport sohalaridagi qurilish va rekonstruksiya ishlarini tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Belgilanishicha, jamg‘arma mablag‘lari, avvalo, umumta’lim maktablari, tibbiyot muassasalari hamda sport inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Bu orqali aholi uchun ijtimoiy xizmatlar qamrovini kengaytirish va ularning sifatini oshirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, jamg‘arma hisobidan ta’lim, tibbiyot va sport muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash rejalashtirilgan. Xususan, zamonaviy jihozlar, o‘quv va tibbiy anjomlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlash ustuvor vazifalar qatoriga kiritilgan.
Qarorda jamg‘arma mablag‘larini boshqa ijtimoiy yo‘nalishlardagi qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirishga ham yo‘naltirish imkoniyati belgilangan. Bu esa hududlarda ijtimoiy infratuzilmani kompleks rivojlantirishga zamin yaratadi.





