
Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida — Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zaro ishonch va umumiy taraqqiyotga qaratilgan yangi siyosiy bosqich boshlanganini ta’kidladi.

«Yangi O‘zbekiston» gazetasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida» nomli maqolasi e’lon qilindi. Maqolada Prezident Markaziy Osiyoda kechayotgan siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar haqida fikr bildirdi.
Davlat rahbariga ko‘ra, mintaqaning barcha mamlakatlari uzoq yillardan so‘ng ilk bor umumiy rivojlanish va barqarorlik yo‘lida birgalikda harakat qilayotgan yangi bosqichga qadam qo‘ydi. Mirziyoyev bu jarayon tasodif emas, balki mamlakatlar yetakchilarining aniq maqsadga qaratilgan sa’y-harakatlari, tashqi vositachilarsiz yo‘lga qo‘yilgan ochiq va tizimli muloqot natijasi ekanini qayd etdi. 2017 yili boshlangan Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy hamkorlikning yangi arxitekturasini yaratdi, eskidan qolgan qator kelishmovchiliklar, xususan, chegara masalalarining hal etilishiga turtki bo‘ldi.
Mirziyoyevga ko‘ra, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida chegaralar tutashgan nuqta bo‘yicha shartnoma, suv-energetika sohasidagi qo‘shma loyihalar, jumladan Qambarota GES-1 hamda Bahri Tojik suv omboridan kelishilgan tartibda foydalanish haqidagi bitimlar yangi ishonch muhitining amaliy ifodasidir.
So‘nggi sakkiz yilda mintaqaning yalpi ichki mahsuloti qariyb ikki yarim barobarga o‘sib, 520 milliard dollarga yetgani, o‘zaro savdo va investitsiyalar bir necha barobar oshgani ham shunga misol sifatida keltirildi.
Maqolada «Markaziy Osiyo plyus» formatlari orqali Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, AQSH kabi asosiy hamkorlar bilan muloqot yangi bosqichga ko‘tarilayotgani ta’kidlanadi. Afg‘onistonni mintaqaviy jarayonlarga izchil jalb etish, Transafg‘on temir yo‘lini barpo etish esa barqarorlik va iqtisodiy bog‘liqlik uchun muhim omil sifatida qayd etildi.
Prezident mintaqaviy jipslashuvning kelgusi ustuvor vazifalarini ham belgiladi: hamkorlikni institutsional mustahkamlash, xavfsizlik bo‘yicha umumiy salohiyat yaratish, ichki savdo va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, iqlim va suv resurslari bo‘yicha birgalikda harakat qilish, gumanitar aloqalar hamda tashqi siyosatda kelishilgan yondashuvni kuchaytirish. Mirziyoyevga ko‘ra, bu sa’y-harakatlar «Yangi Markaziy Osiyo»ni tinchlik, barqaror rivojlanish va bunyodkor sheriklik makoniga aylantirishi kerak.





