«Mercedes» harbiy texnika ishlab chiqarishi mumkin

Bugun 18:002 daqiqa

Germaniyaning yirik avtokonserni «Mercedes-Benz» global xavfsizlik tahdidlari kuchayib borayotgan bir sharoitda harbiy texnika ishlab chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

«Mercedes» harbiy texnika ishlab chiqarishi mumkin

«Mercedes-Benz» bosh direktori Ola Kallenius «The Wall Street Journal»ga bergan intervyusida kompaniya Yevropa mudofaa salohiyatini mustahkamlash jarayonida ishtirok etishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Uning fikricha, dunyo tobora xavfli va noaniq muhitga aylanib bormoqda, shu sababli Yevropa davlatlari mudofaa sohasini kuchaytirishga majbur.

Kompaniya manfaati

Kalleniusning ta’kidlashicha, kompaniyaning qurol-yarog‘ yoki harbiy texnika sohasiga kirishi avvalo iqtisodiy jihatdan manfaatli bo‘lishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, ehtimoliy mudofaa biznesi konsern faoliyatining kichik qismini tashkil etadi va asosiy yo‘nalish sifatida fuqarolik avtomobillari ishlab chiqarish saqlanib qoladi.

Shu bilan birga, top-menejer mudofaa sanoati kelajakda eng tez o‘sadigan sohalardan biriga aylanishi mumkinligini qayd etdi. Bu esa Yevropa avtosanoatida yangi tendensiya shakllanayotganini ko‘rsatmoqda.

Yana bir avtokonsern qurol ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

Avvalroq «Financial Times» Germaniyaning yana bir avtokonserni — «Volkswagen» Isroilning «Rafael Advanced Defense Systems» bilan hamkorlik bo‘yicha muzokaralar o‘tkazayotganini xabar qilgan edi. Tomonlar Osnabryukdagi zavodni «Temir gumbaz» raketaga qarshi mudofaa tizimi uchun komponentlar ishlab chiqarishga moslashtirish imkoniyatini muhokama qilmoqda.

Biroq «Volkswagen» vakillari «Deutsche Welle»ga bergan izohida kompaniya qurol ishlab chiqarishni rejalashtirmayotganini bildirgan. Ayni paytda, 2027 yilda mazkur zavodda ishlab chiqarish to‘xtatilishi kutilayotgani sababli, konsern turli bozor ishtirokchilari bilan istiqbolli loyihalar yuzasidan muzokaralarni davom ettirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

«Mercedes» harbiy texnika ishlab chiqarishi mumkin | Vaqt.uz