O‘zbekistonda go‘sht ishlab chiqarishni 400 ming tonnaga oshirish rejalashtirilmoqda
25-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan chorvachilikda ozuqa bazasini kompleks rivojlantirish taqdimotida ozuqa yetishtirish hajmini hozirgi 48 million tonnadan 2027 yilda 64,5 million tonnaga, 2030 yilga borib esa 90 million tonnaga yetkazish rejasi ma’lum qilindi. Bugungi kunda ozuqa xarajatlari go‘sht tannarxining 30 foizini tashkil etayotgani va chorvachilik uchun ajratilgan qariyb 480 ming gektar yerning kamida 20 foizidan samarasiz foydalanilayotgani qayd etildi. Shu bois yerlardan maqsadli foydalanishni kosmik monitoring orqali nazorat qilish, 2030 yilgacha 200 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish, 1 million gektar yaylovda dronlar yordamida urug‘ sepish, hosildorlikni gektariga 350 sentnerdan 500 sentnerga oshirish hamda qoramollarning 87 foizi boqilayotgan aholi xonadonlari uchun 100 dan ortiq ozuqa markazlari va shoxobchalarini tashkil etish belgilandi.
Taqdimotda soha vakillarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi choralari — 500 gektardan ortiq yerni o‘zlashtirganlarga mahalliy budjet hisobidan 100 ming kub metrgacha sig‘imga ega suv havzalari qurib berish, «Pivot» sug‘orish texnologiyasi uchun subsidiyani gektariga 2,5 million so‘mdan 4 million so‘mgacha oshirish, qayta tiklanuvchi energiya uskunalari xarajatining 50 foizigacha qismini qoplash hamda 2027 yildan Qashqadaryoda sinov tariqasida aholi xonadonlarida ozuqa xaridining 10 foizini subsidiyalash taklif etildi. Shuningdek, ozuqabop ekinlar urug‘iga ehtiyojning 95 foizi import hisobidan qoplanayotgani sababli Qashqadaryoda Misr olimlari bilan urug‘chilik markazlarini ochish, naslchilikda esa sun’iy urug‘lantirish va embrion ko‘chirib o‘tkazish texnologiyalarini keng qo‘llash ko‘zda tutilgan. Ushbu chora-tadbirlar hisobiga qoramollarning so‘yishga topshirishdagi tirik vaznini 250–350 kilogrammdan 450–550 kilogrammga yetkazish va qo‘shimcha 400 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Jahon banki O‘zbekistonga 800 mln dollar ajratadi
Jahon banki 25-noyabr kuni O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 800 million dollar miqdoridagi moliyalashtirish paketini ma’qulladi. Mablag‘lar xususiy biznes, ijtimoiy himoya, energetika, qishloq xo‘jaligi va savdoni rivojlantirishga yo‘naltirilib, 2029–2031 yillarda mamlakatda qo‘shimcha 275 mingta sifatli ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Dastur doirasida ijtimoiy sug‘urta qamrovini kengaytirish (homiladorlik, tug‘ish va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari), xavfsiz mehnat sharoitlarini kuchaytirish, davlat korxonalarini isloh qilish hamda 2028 yilgacha yana 500 ming kishini (shundan 250 ming nafari xotin-qizlar) keng polosali internetga ulash rejalashtirilgan.
Shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz bozorida xususiy operatorlar ishtiroki kengaytirilib, 2028 yilgacha elektr iste’molchilarining 15 foiziga ular boshqaradigan tarmoqlar orqali xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligida esa fermer va chorvadorlarning 35 foizini sug‘urta bilan qamrab olish mo‘ljallangan. Tashqi savdoda bojxona ishlarini «yagona darcha» tizimi orqali soddalashtirish O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoniga ko‘maklashadi. Bundan tashqari, 2028 yilgacha energiya samaradorligi loyihalariga 10 million dollar xususiy investitsiya jalb qilish va taqsimlangan qayta tiklanuvchi energiya quvvatini 3 000 MVt gacha yetkazish ko‘zda tutilgan bo‘lib, loyihani amalga oshirish 2029 yil 29-iyungacha davom etadi.
Buxoro markaziy dehqon bozori faoliyati vaqtincha to‘xtatildi
Buxoro markaziy dehqon bozori faoliyati yong‘in xavfsizligi talablari qo‘pol buzilgani va favqulodda vaziyatlar xavfi yuqoriligi sababli vaqtincha to‘xtatildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, qoidabuzarliklar asosan bozorning kiyim-kechak qismi va unga tutash hududda aniqlangan: tadbirkorlar o‘t o‘chirish mashinalari yo‘llarini to‘sib, savdoni belgilangan 1 metrlik me’yordan chiqarib yuborgan, do‘kon peshtoqlari matolar va tez yonuvchan plastik qoplamalar bilan to‘silgan, ayrim tomlarda esa tez yonuvchan alyukobond ishlatilgan. Shuningdek, elektr simlari me’yorlarga zid va tartibsiz o‘tkazilgani, do‘konlar yong‘in haqida avtomatik xabar beruvchi qurilmalar bilan to‘liq jihozlanmagani, yer osti suv olgichlari nosozligi hamda o‘t o‘chirish burchaklarida kamchiliklar mavjudligi qayd etilgan.
Bozor faoliyati viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, soliq boshqarmasi va ishchi guruh o‘rganishlaridan so‘ng viloyat iqtisodiy sudi qarori bilan to‘xtatilgan. Do‘kon egalari va bozor ma’muriyatiga aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish topshirilgan bo‘lib, ular to‘liq tuzatilgach, bozor faoliyati qayta tiklanadi.
Jahongir Ortiqxo‘jayev yana bir kompaniyada ulush sotib oldi
Yagona korporativ axborot portalida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, ishbilarmon Jahongir Ortiqxo‘jayevga 100 foiz tegishli bo‘lgan «J-United Group» MCHJ go‘shtni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi «SPICEMEAT» AJning 22 foiz ulushini xarid qildi. Sotib olingan mazkur aksiyalar paketining qiymati 58 million so‘mni tashkil etgan.
Ma’lumot uchun, «SPICEMEAT» aksiyadorlik jamiyati 2026 yil 31-mart kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, go‘shtni qayta ishlash va konservalash faoliyati bilan shug‘ullanadi. Ustav kapitali 264 million so‘mga teng bo‘lgan ushbu kompaniya haqida ochiq manbalarda boshqa ma’lumotlar deyarli uchramaydi.
Markaziy bank qaysi banklar tizimli ahamiyatga ega ekanini aytdi
O‘zbekiston Markaziy banki 2027 yil uchun tizimli ahamiyatga molik banklar ro‘yxatini tasdiqladi va uning tarkibi o‘tgan yilgiga nisbatan o‘zgarishsiz qoldi. Bank nazorati qo‘mitasi qarori bilan ro‘yxatga 7 ta bank — «O‘zmilliybank», «Agrobank», «O‘zsanoatqurilishbank», «Asakabank», «Kapitalbank», «Xalq banki» va «Ipoteka-bank» kiritildi. Aktiv va majburiyatlar hajmi, tizimdagi o‘zaro bog‘liqlik, xizmatlar qamrovi hamda operatsiyalar murakkabligi mezonlari asosida baholangan ushbu banklarning aktivlari 2026 yil 1-oktabr holatiga ko‘ra mamlakat bank tizimi jami aktivlarining 60 foizini tashkil etgan.
Tizimli ahamiyatga molik banklar faoliyati ustidan alohida nazorat o‘rnatiladi hamda ular moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash va ehtimoliy xatarlardan keladigan zararni qoplash uchun tavakkalchilikni hisobga olgan holdagi aktivlarining 1 foizi miqdorida qo‘shimcha kapital buferini shakllantirishi shart. Ma’lumot uchun, 2026 yil aprel oyida Xalqaro valuta jamg‘armasi davlat banklariga davlat funksiyalarini yuklash moliyaviy xatarlar va budjet xarajatlarini oshirishini ta’kidlab, ularni saqlab qolish rejasini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qilgan edi. Avvalroq esa «Fitch Ratings» davlat banklarini xususiylashtirish 2028 yilgacha kechikishi mumkinligini, biroq amaldagi rejaga ko‘ra 2027 yil oxirigacha sotilishi kerak bo‘lgan «O‘zsanoatqurilishbank» va «Asakabank»ni xususiylashtirishga tayyorlash ishlari tezlashganini qayd etgan.