Logo

O‘zbekiston Prezidenti Serbiyaning oliy davlat mukofoti bilan taqdirlandi

Kecha 22:352 daqiqa

Mukofotni davlat rahbariga Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashdagi ulkan hissasi uchun topshirgan.

O‘zbekiston Prezidenti Serbiyaning oliy davlat mukofoti bilan taqdirlandi © Foto: president.uz

Belgrad shahridagi tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Serbiyaning oliy davlat mukofoti – Katta zanjirli Serbiya Respublikasi ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun O‘zbekiston yetakchisiga ushbu ordenni Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich topshirgan.

«Davlatimiz rahbari yuksak mukofot uchun chuqur minnatdorlik bildirib, uni Serbiya xalqining O‘zbekistonga bo‘lgan yuksak hurmati, mustahkamlanib borayotgan do‘stlik va ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishga qat’iy intilish ramzi deb bilishini ta’kidladi», — deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, Serbiya Respublikasi ordeni xorijiy davlatlarning taniqli arboblariga xalqlar o‘rtasida tinchlik, hamkorlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash hamda respublika bilan do‘stona aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun beriladi.

Avvalroq, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belgradga ilk tashrifi doirasida Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.

Muzokaralar davomida siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish, jumladan, o‘zaro diplomatik vakolatxonalar ochish va Erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish masalalari muhokama qilingan.

Shuningdek, transport, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va raqamli iqtisodiyot sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilib, 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan sanoatda sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilingan.

Tomonlar hududlararo aloqalarni mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratib, Samarqand va Novi-Sad shaharlari (shuningdek, Samarqand viloyati va Voyevodina) o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatilganini qayd etgan.

Tashrif yakunlari bo‘yicha ta’lim, madaniyat va turizm sohalaridagi kelishuvlar bilan bir qatorda, tartibli migratsiyani yo‘lga qo‘yish maqsadida Mehnat mobilligi va migratsiyasi to‘g‘risidagi bitim imzolangan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston kelasi yili Belgradda o‘tkaziladigan «EXPO-2027» xalqaro ko‘rgazmasida milliy pavilon bilan ishtirok etishi va erishilgan barcha kelishuvlar ijrosi bo‘yicha keng qamrovli «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilishi belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid