add

O‘zbekistonda uy xaridi: firiblar, xavflar va shoshilinch reklama to‘lqini

28.11.2025 | 12:274486 daqiqa

O‘zbekistonda so‘nggi uch–to‘rt yil ichida turarjoy bozori fuqarolar uchun eng og‘riqli va eng xavfli sohalardan biriga aylandi. Iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy mobillik, poytaxt va yirik shaharlarga ko‘chishning kuchayishi uy-joyga bo‘lgan talabni keskin oshirdi.

O‘zbekistonda uy xaridi: firiblar, xavflar va shoshilinch reklama to‘lqini

Shaxsiy turar joyiga ega bo‘lish ko‘pchilik odamlarning bir umrlik orzusi. Shunchaki orzu emas, butun bir avlodning umidi, peshona teri, mehnati bilan misqollab yig‘ilgan pullarga xarid qilinadigan mulk.

Uy-joyga talab oshib borar ekan, bozorda tartib va shaffoflik chekina boshladi. Minglab oilalar «arzon narx», «atigi bitta pasport evaziga uy», «5 yilga qulay bo‘lib to‘lash» kabi targ‘ibotlarga ishonib, alal-oqibatda pulsiz, uysiz qolib ketib, sudlarning ostonasida sarg‘aymoqda.

O‘zim guvoh bo‘lgan narsa: Samarqandlik oila farzandlari uchun Toshkentdan uy xarid qildi. Aytilgan va’dalarning birortasini bajarmagan developerlar, ularning ustida turgan xorijiy investor ham internetda ancha ur kaltak, sur kaltak ham bo‘lishdi. Odamlarning umidi so‘ndi. Uch xonali uy uchun to‘liq to‘lov qilgan oila oradan uch yil o‘tgach, va’da qilingan uy bitmaganidan so‘ng bir necha oy davomida to‘lagan pulini amallab so‘mda bo‘lib bo‘lib qaytarib ololdi, hartugul.

Bunaqa misollar, pulini ololmaganlar, bor-budidan ayrilib, bo‘yniga qarz domi ilinganlar qancha!…

 

Kotlovandan boshlangan firiblar

So‘nggi yillarda ko‘paygan eng katta muammo — hali qurilmagan, hatto yerda kotlovani yakunlanmagan loyihalarga fuqarolardan dastlabki boshlang‘ich to‘lov olinib, qolgan qismini 4–5 yil ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotilishi. Dastlab to‘lov kam, narx jozibador, «bugun olsangiz juda arzon», «kvartiralar tezda tugayapti», degan shiorlar bilan yuzlab oilalarni o‘ziga rom qilgan jozibali reklama kompaniyalari o‘tkazildi.

Ammo afsuski, bunday uylar ichida belgilangan muddatda qurilmasdan qolib ketganlari ham talaygina. Yoki developerlar bankrot bo‘lib, joydan qochib ketmoqda. Odamlar shartnomani sinchiklab o‘yishga erinishadi. Shartnomalarda esa qurilish kompaniyasi javobgarligini minimal darajada belgilab qo‘ygan hollar ko‘p. Oqibatda, fuqaro esa na uyga ega bo‘lmoqda, na pulini qaytarib ololmoqda.

So‘nggi ikki yilda sudlarda «tuya gushti yegan» qurilishlar bilan bog‘liq ishlar keskin ko‘paydi. Har bir ishning ortida taqdirlar yotibdi.

 

Ikki taraflama zarba: to‘lov va ijara

Toshkentda yoki boshqa shaharda uy xarid qilmoqchi bo‘lgan ko‘pchilik muammoni ikki karra his qilmoqda. Chunki ularning ko‘pchiligi, yangi qurilayotgan xonadoni tez orada bitishidan umid qilib, ijarada yashashashi. Binobarin, ular bir vaqtning o‘zida ham qurilayotgan kvartirasi uchun oyma-oy to‘lov qiladi, ham yashayotgan joyida ijara to‘lovini amalga oshiradi.

Qurilishda kechikishlar boshlansa — ikki tomonlama bosim yuzaga keladi. Bu esa, ayniqsa iqtisodiy imkoniyatlari cheklangan, biror qo‘shimcha daromad manbai bo‘lmagan va maoshga kun ko‘rayotgan, to‘plagan so‘nggi mablag‘ini ham boshlang‘ich to‘lovga bergan oilalar uchun og‘ir zarba. Bugun ko‘plab oilalar aynan shundan aziyat chekmoqda: yangi uyiga qachon ko‘chib kirishi dargumon, lekin bola-chaqasining rizqidan qiyib, har oy ikki barobar pul to‘lashda davom etyapti.

 

Eskrou tizimi va quruvchilarning «so‘nggi ilinji»

2026 yildan O‘zbekistonda turarjoy qurilishida eskrou hisobvarag‘lari to‘liq yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Bu tizimning eng katta afzalligi — fuqaro qurilish tugallanmaguncha kompaniyaga pul bermaydi, barcha to‘lovlar bankda «muzlatilgan» holda saqlanadi. Uy faqat foydalanishga topshirilganda developer pulni oladi.

Dunyo praktikasida bu eng samarali va eng xavfsiz mexanizmlardan biri. Biroq…

Ma’lum bo‘lishicha, qator developerlar so‘nggi oylarda ayni shu tizim ishga tushishidan oldin xonadonlarni boricha sotib yuborishga shoshmoqda.

Sababi — eskrou tizimiga o‘tilganidan keyin ular fuqarolarning pullarini erkin tasarruf eta olmaydi. Bankda saqlanayotgan pulni olish uchun qurilishni tugatishlari shart bo‘ladi.

O‘z o‘zidan, loyihani o‘z vaqtida tugatish mas’uliyati katta darajada oshadi. Xarajatlarni cheklovsiz qo‘yib yuborish imkoni ko‘ymaydi.

Shu bois, ayrim kompaniyalar hozir blogerlar, vaynerlar, inflyuyenserlar orqali ulkan reklama oqimini boshladi. «Yopiq Telegram kanallarda savdo», «katta chegirma», «imtiyozli narxlar», «faqat 10 kun!» degan targ‘ibotlar shiddat bilan tarqalmoqda. 

Inflyuyenserlar bilan ommaviy reklama: ishonchmi yoki tuzoqmi?

Oxirgi paytda Facebook, Instagram, Telegram va TikTok’da qurilish kompaniyalarini maqtab, videolar chiqarayotgan blogerlar keskin ko‘paydi. Shakl va targ‘ibot chiroyli, bayonlar ta’sirli, kadrlar esa juda «ishonarli».

Lekin bu yerda bir xavf bor: bloger — qurilish bo‘yicha mutaxassis emas. U hech qachon qurilish kompaniyasi, qurilish jarayoni haqidagi hujjatlarni tekshirmaydi. U reklama uchun pul olganini aytishga ham majbur emas. Uning maqtovi fuqaroning sarflayotgan pullari uchun kafolat ham emasligini unutmaslik kerak.

Fikr yetakchilari esa ijtimoiy tarmoqlarda bunday xaridga aslo shoshilmaslik borasida qator chiqishlar qilishmoqda.

Yetkazmoqchi bo‘linayotgan asosiy mazmun shunday: «Agar qurilish kompaniyasida tajriba, muvaffaqiyatli topshirilgan uylar tarixi, moliyaviy barqarorlik va shaffoflik bo‘lmasa — narxining arzonligi yoki blogerning tavsiyasi faqat talafotga olib keladi».

Mantiqan ham to‘g‘ri: agar bir qurilish kompaniyasi 10 yil davomida yuzlab uylarni qurib, o‘z vaqtida egalariga topshirgan bo‘lsa — u ertaga ham shunday qiladi. Agar yangi ochilgan kompaniya ertaga yo‘qolib qolsa — bu ham aslo hayron qolarli holat bo‘lmay qoldi.

Bugun uy olishni o‘ylayotganlarning oldida hech bo‘lmasa bir ishonarli yo‘l bor: vaqt va ishonch sinovidan o‘tgan, minglab xonadonlarni o‘z egalariga topshirgan, «orti toza» qurilish kompaniyalari, xayriyatki yo‘q emas.

Masalan, Xon Saroy olti yilda 12 ming kvartira qurib kalitini egalariga tutqazgan — bu tasodif emas. Land House, NRG, Golden House, Murad Building, Dream House kabi kompaniyalar ham o‘z nomi bilan yashayotgan, tagi poydevori mustahkam brendlar.

Tanlovda eng muhimi — kompaniyaning «yoshi» va obro‘si. Quruvchi qancha ko‘p loyihani muvaffaqiyatli tugallagan bo‘lsa, siz uchun xavf shuncha kamaygani.

 

Qanday himoyalanish mumkin? Eng muhim 7 qoida

1. Qurilish kompaniyasining huquqiy maqomini tekshiring. Kompaniya rasmiy ro‘yxatdan o‘tganmi? Korxonaga nisbatan sud ishi, bankrotlik yoki qarz muammolari bor-yo‘qligini tekshiring. Loyihani davlatda ro‘yxatdan o‘tkazgani haqida hujjat bormi?

2. Yer uchastkasiga oid hujjatlarni talab qiling. Yer davlatnikimi yoki xususiy? Yerdan foydalanish maqsadi – turar joy qurish uchunmi? Qurilishga ruxsat mavjudmi? Ko‘p firibgarliklar aynan yer hujjatlari bilan bog‘liq bo‘ladi.

3. Loyiha hujjatlarini talab qiling. Ularning orasida quyidagilar bo‘lishi majburiy:

  • Qurilish pasporti

  • Arxitekturadan ruxsat

  • Ekspertiza xulosasi

  • Pudradchi va subpudradchilar ro‘yxati

Hujjatlarning skanerlangan yoki kseroksdan chiqarilgan nusxasi emas, muhrlangan asl nusxasini ko‘rsatishni so‘rang.

4. Shartnoma mazmunini diqqat bilan o‘qing. Shartnomada quyidagilar aniq yozilgan bo‘lishi shart:

  • Kvartiraning aniq maydoni (loyiha bo‘yicha);

  • Qurilishning tugash muddati va foydalanishga topshirish sanasi;

  • Jarima va penya shartlari (kompaniya kechiksa);

  • To‘lov tartibi va kafolatlar;

  • Payni himoya qiluvchi punktlar

Ko‘p firmalar «investitsiya shartnomasi» yoki «oferta» bilan aldashadi — yuristlar fikricha, bunday shartnomalar huquqiy himoyani zaiflashtiradi.

5. Uy qurilayotgan joyni borib o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring. Qurilish haqiqatdan ham boshlanganmi? Qurilish texnikalari bormi? Bir necha oy ichida rivojlanish bor-yo‘qligini kuzating. Faqat sotuv bo‘limidagi maket va tayyorlangan render videolar orqali ishonch hosil qilmang.

6. Kompaniyaning oldingi loyihalarini tekshiring. Kompaniya avvalgi uylarni o‘z vaqtida topshirganmi? Ularning sifati qanday? Bu kompaniyadan avval uy xarid qilgan mijozlar fikri qanaqa?

7. To‘lovni faqat rasmiy bank orqali amalga oshiring. Qo‘lga naqd pul berish – eng katta xato. Har bir to‘lov uchun chek va to‘lov topshiriqnomasi bo‘lishi shart. Shartnomada ko‘rsatilgan hisob raqamigagina pul o‘tkazing.

* * *

Xullas, faqat ishonchli kompaniya bilan uyga ega bo‘lish orzusi haqiqatga aylanadi.

Ammo borgan sari bundan ham kuchliroq kafolatlarni talab qilanaveradi buyog‘iga. Turkiyadagi «Eminevim» kabi uy xaridini sug‘urtalaydigan tizim bizning bozorda ham paydo bo‘lsa, odamlar «aldanib qolmaymanmi?» deya ikkilanmasdan, cho‘chimasdan o‘z orzusiga peshvoz chiqar edi.

Bunda qurilayotgan uy sug‘urta kompaniyasi kafolati bilan sotiladi. Xaridor mabodo to‘lolmay qolganda ham, uning zarari qoplab beriladi.

Ezgu orzuni himoya qilishning o‘zi ham ezgu ish. Eng sodda odam ham uysiz, himoyasiz qolmasligi kerak. Shu kunlarga oz qoldi, yaqin kelajakda O‘zbekistonda adolatli va ishonchli uy bozori albatta yaratiladi.

Teglar

Shuhrat Shokirjonov

Shuhrat ShokirjonovMaqolalar soni: 63

Barchasi

Mavzuga oid

O‘zbekistonda uy xaridi: firiblar, xavflar va shoshilinch reklama to‘lqini | Vaqt.uz