
O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni ma’lum qilindi
Mamlakatda chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar soni 18 mingdan oshib, Xitoy, Rossiya va Turkiya yetakchi o‘rinlarni egalladi.

2026 yil 1-yanvar holatida O‘zbekistonda chet el investitsiyasi ishtirokida jami 18 ming 164 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu korxonalarning 4 ming 247 tasi qo‘shma korxonalar, 13 ming 917 tasi esa to‘liq xorijiy kapital asosida tashkil etilgan. Bu holat so‘nggi yillarda O‘zbekiston bozoriga xorijiy sarmoyalar kirib kelishiga qiziqish ortganini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, so‘nggi besh yil ichida chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar soni qariyb 1,9 barobarga oshgan.
Davlatlar kesimida tahlil qilinganda, O‘zbekistonda eng ko‘p korxonalar Xitoy ishtirokida tashkil etilgan. Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 5 ming 44 tani tashkil etmoqda. Ikkinchi o‘rinda 3 ming 181 ta korxona bilan Rossiya turibdi.
Uchinchi pog‘onada 2 ming 137 ta korxona bilan Turkiya joylashgan. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (1 212 ta), Janubiy Koreya (693 ta) hamda Afg‘oniston (635 ta) kelmoqda.
Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari, Tojikiston, Hindiston va AQSH kapitalli korxonalar ham O‘zbekiston iqtisodiyotida faol ishtirok etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq faoliyat turlari kesimida xorijiy korxonalarning eng katta qismi savdo sohasiga to‘g‘ri kelishi haqida xabar bergandik. 2025 yilda bu yo‘nalishda 6 403 ta korxona ish yuritib, umumiy xorijiy biznesning eng katta qismini tashkil etgan.





