
«Protokollar to‘liq buzilgan» — O‘zbekistonda saratonni erta aniqlash muammolari haqida
Onkologik kasalliklar, O‘zbekistonda uni erta aniqlash va davolash muammolari hamda ota-onalardagi onkosavodxonlik darajasi pastligi haqida shifokor o‘z fikrlarini bildirdi.
Onkologik kasallikka chalingan bolalarga xayriya yordamlari ko‘rsatuvchi «Mehr tomchisi» harakati rahbari, shifokor Muazzam Ibrohimova Vaqt.uz saytiga bergan intervyusida
Shifokor jamiyatda na ota-onalarda va na shifokorlarda onkosavodxonlik yetishmasligini afsus bilan qayd etar ekan, buning oqibatlarini Jizzax viloyati, G‘allaorol tumanida yashovchi Farangiz ismli qizaloqning hayotidagi og‘ir fojia misolida gapirib berdi.Uning aytishicha, Farangizda yuing sarkomasi aniqlangan.
Ma’lumot uchun: yuing sarkomasi — bu suyak yoki uning yaqinidagi yumshoq to‘qimalarda (yog‘, mushak, biriktiruvchi to‘qimalar) paydo bo‘ladigan o‘smaning bir turi. Bu kasallik, asosan, o‘smirlar va yoshlarda uchraydi va juda tez o‘sib, boshqa organlarga, xususan, o‘pka va suyak iligiga tarqalishi (metastaz berishi) mumkin – tahr.
Fevral oyida onasi Farangizni oyog‘idagi og‘riq sabab pediatrga olib borgan. Onaning aytishicha, pediatr Farangizning og‘riyotgan oyog‘ini ushlab ko‘rgan va «bo‘yi o‘syapti, shuning og‘rig‘i», degan gapni aytgan. Shuningdek, yashash sharoitini so‘ragan holda shamollashni taxmin qilib, issiq gellar yozib bergan. Ona doktor yozgan gellarni har kuni qiziga surib yuravergan va holat iyul oyigacha davom etgan. Lekin iyul oyida ko‘rishyaptiki, qizchaning oyog‘ida juda katta shish paydo bo‘lgan. Ular yana shu doktorga borgan va u buyurgan dorilar ta’sir qilmaganini aytgan. Pediatr faqat shundan keyingina bolani onkolog qabuliga yuborgan.
Onkolog esa nima qilgan, bitta PET-KT qilgan (saratonni aniqlash uchun ishlatiladigan radiologik test – tahr) va biopsiya qilmasdan turib, (tashxis qo‘yish yoki tekshirish maqsadida odam organizmidan bir bo‘lak to‘qima yoki hujayrani olib, uni laboratoriyada uning tarbiatini o‘rganish usuli) bolaga 8 kurs kimyo terapiyasi yozgan.
Bola 8 kurs kimyo bilan mart oyigacha kelgan va og‘riqlar chidab bo‘lmaydigan holatga kelgach, endi oyoqni kesish qaroriga kelishgan. Ochib, endoprotez qo‘yishgan. Sentyabr oyida esa qizchani «bo‘ldi, yaxshi bo‘lib ketding», deya uyiga yuborishgan. Lekin uyidan ona yana shikoyat qilyapti-ki, bolam og‘riqqa chidolmayapti. Endi qarangki, bolaning yelkasi, boshi, oyog‘i, qorni og‘riq beravergan. Doktorlar qizni endi PET-KT qilishyapti va aniqlashyapti-ki, qizning 33 ta joyida o‘simta bor», – dedi Ibrohimova.
Shifokorga ko‘ra, keyinroq turkiyalik onkolog Ahmad Demir yuing sarkomasini davolash bo‘yicha butun dunyo tan olgan usulga Farangiz bilan amal qilinmaganini aytgan.
«U davolash usullarini bittalab tekshiryapti. Lekin protokollar noto‘g‘ri, deyapti, muolaja noto‘g‘ri, deyapti. Hammasi noto‘g‘ri. Endi o‘zingiz o‘ylang, o‘sha joyda bemor bilan eng birinchi uchrashadigan pediatrlarni onkosavodxonligini oshirmasak, ota-onalar savodxonligini oshirmasak, ahvolimiz qanchalik», – dedi u.
Muazzam Ibrohimova ota-onalarda ham onkosavodxonlik yetarli emasligni qayd etar ekan, ba’zilar hatto farzandining yuzidagi o‘zgarishlarga ham e’tibor bermasligini ta’kidladi.
«Yaqinda bir holat bo‘ldi-ki, bolaning yuzidagi xolning sifati o‘zgargan. Bolalarda melanomalar juda kam holatda bo‘ladi. (Melanoma – pigment hosil qiluvchi hujayralardan kelib chiqqan xavfli o‘sma turi bo‘lib, u ko‘pincha terida paydo bo‘ladi, lekin ko‘z va shilliq qavatlarda ham rivojlanishi mumkin – tahr.) Boladagi barchaning ko‘z tushib turadigan joyga ona e’tibor bermagan, tushunyapsizmi?
Bir kunda bolangizni yuziga necha marta qaraysiz? Bu uning berk turadigan joyi emas-ku?! Bo‘lmasa erta aniqlab beradigan qancha tekshiruvlar bor. Onalar ertalabdan kechgacha internetga kiradi, lekin bolasining ahvoliga e’tibor bermaydi. Qachonki peshonasi devorga urilgandan keyin voy men bilmabman, sezmabman, degan gaplar», – dedi u.
Muazzam Ibrohimovning ta’kidlashicha, onkologiyaning profilaktikasiga davlat darajasida e’tibor berish vaqti kelgan. Bu ishlar ishlar hatto ancha avval boshlanishi kerak edi.
«Masalan, butun dunyoda embrional o‘simtalarni xomilaning 3-6 oyligida ultratovush tekshiruvi (UTT)da aniqlanadi. UTTchilar buning uchun maxsus o‘qitiladi. Buni aniqlasa bo‘ladi. Juda chiqmasa, moyilligi borligi ko‘rinadi. Ular bilan bola turli yoshlarida maxsus tekshiruv, nazoratda bo‘ladi va shu tekshiruvlarda aksar o‘simtalar erta aniqlanadi.
Bizning UTTchilar esa faqat homilaning jinsini ko‘rsatib berishga qiziqadi yoki ko‘pchiligi ko‘rinib turgan muammolarni ham topolmaydi. Buni qo‘rqmay aytaman. Keyin bizda Bolalar milliy tibbiyot markazi va yana besh-olti joyda qo‘yilgan Tesla-MRT apparatlarimiz bor. Lekin ularni ham normal ishlatishni bilishmaydi. Biz shu apparatlar bilan homiladagi erta skringda ishlatishimiz mumkin, foydalanishimiz mumkin. Faqat mutaxassislarni qaytadan o‘qitish kerak. Bolalar onkologiyasi bugun faqat onkologlarning muammosi emas. Bu — pediatrlarning ham, ota-onalarning ham, davlat va jamiyatning ham muammosi», — dedi shifokor Muazzam Ibrohimova.
Fikr vaqti dasturining onkologik kasalliklar mavzusiga bag‘ishlangan sonini to‘liq holda quyidagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.






