add

Qadimiy DNK insonning 100 yil yashash sirini ochdi

Bugun 17:555652 daqiqa

Olimlar qadimiy ovchi-yig‘uvchilardan meros bo‘lib qolgan DNK ayrim yevropaliklar, ayniqsa italiyaliklar orasida uzoq umr ko‘rish ehtimolini sezilarli oshirishini aniqladi.

Qadimiy DNK insonning 100 yil yashash sirini ochdi

Qadimiy insonlardan meros bo‘lib qolgan genlar hozirgi kunda nega ayrim odamlar 100 yil va undan ortiq yashashini qisman tushuntirib berishi mumkin. GeroScience jurnalida e’lon qilingan yangi tadqiqotga ko‘ra, Italiyadagi uzoq umr ko‘ruvchilar genomida g‘arbiy yevropalik qadimiy ovchi-yig‘uvchilarga xos DNK ulushi aholining o‘rtacha qatlamiga nisbatan yuqoriroq.

G‘arbiy yevropalik ovchi-yig‘uvchilar — oxirgi muzlik davri tugaganidan keyin, taxminan 14 ming yil avval Karpat tog‘laridan Britaniya orollarigacha bo‘lgan hududlarda yashagan qadimiy inson guruhi hisoblanadi. Ular zamonaviy yevropaliklar genofondining asosiy tarkibiy qismlaridan birini tashkil qiladi.

Olimlar uzoq yillar davomida inson umri davomiyligiga «yaxshi» genlar, turmush tarzi va atrof-muhit omillari ta’sir qilishini ta’kidlab keladi. Biroq yangi tadqiqot ilk bor aniq bir qadimiy genetik manbaning inson umriga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqligini ko‘rsatib berdi.

Tadqiqot doirasida 100 yoshdan oshgan 300 nafar italiyalik hamda o‘rtacha 50 yoshdagi 700 nafar sog‘lom insonning genomlari tahlil qilindi. Ularning DNKsi Italiya aholisi genofondini shakllantirgan to‘rtta qadimiy guruh — g‘arbiy yevropalik ovchi-yig‘uvchilar, anatoliyalik neolit dehqonlari, bronza asri ko‘chmanchilari hamda Eron va Kavkaz hududlariga mansub qadimiy jamoalar bilan solishtirildi.

Natijalarga ko‘ra, barcha ishtirokchilarda ushbu to‘rt guruh DNKsi aralash holda mavjud bo‘lgan. Ammo faqat g‘arbiyevropalik ovchi-yig‘uvchilarga xos genlar uzoq umr ko‘rish bilan bog‘liq bo‘lib chiqdi. Olimlarning ta’kidlashicha, ushbu DNK ulushi har bir oz miqdorga oshgan sari insonning 100 yil yashash ehtimoli 38 foizga ortib borgan.

Bu ta’sir ayollarda ayniqsa kuchli bo‘lib, ularning 100 yoshga yetish ehtimoli erkaklarga nisbatan ikki barobardan ortiq ekani aniqlangan.

Olimlar bunday genetik ustunlikning sababini oxirgi muzlik davridagi og‘ir yashash sharoitlari bilan izohlaydi. Qadimiy ovchi-yig‘uvchilar cheklangan ozuqa sharoitida samarali modda almashinuvi va kuchli immun tizimini shakllantirgan. Ana shu genlar bugungi kunda ham inson organizmini qarish stresslariga qarshi bardoshliroq qilishi mumkin.

Tadqiqot mualliflari kelgusida ushbu genetik mexanizmlar inson salomatligini yaxshilash va qarish jarayonlarini sekinlashtirishda qo‘llanilishi mumkinligini qayd etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid