Qozog‘istondagi referendumda 86,7 foiz saylovchilar yangi Konstitutsiyani qo‘llab-quvvatladi

Bugun 08:252 daqiqa

Qozog‘istonda o‘tgan referendum natijalariga ko‘ra, mamlakat davlat boshqaruvining mutlaqo yangi modeliga o‘tadi: vitse-prezidentlik lavozimi qayta tiklanadi va parlament tizimi tubdan o‘zgaradi.

Qozog‘istondagi referendumda 86,7 foiz saylovchilar yangi Konstitutsiyani qo‘llab-quvvatladi

15-mart kuni Qozog‘istonda yangi Konstitutsiya bo‘yicha umumxalq referendumi bo‘lib o‘tdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, saylovchilarning 75,3 foizi ovoz berishda qatnashgan va ularning 86,7 foizi yangi Asosiy qonunni yoqlab ovoz bergan. 2026-yil 1-iyuldan kuchga kiradigan ushbu hujjat mamlakat mustaqillik yillaridagi yettinchi, Qosim-Jo‘mart To‘qayev davridagi esa ikkinchi konstitutsiyaviy islohotdir. Bu galgi referendumda fuqarolar alohida o‘zgartirishlar uchun emas, balki 84 foizi yangilangan butun hujjat uchun birdaniga ovoz berdilar.

Yangi Konstitutsiyaga muvofiq, Qozog‘iston davlat boshqaruvi tizimi sezilarli darajada o‘zgaradi. Eng muhim yangiliklardan biri — 1996-yilda bekor qilingan vitse-prezident lavozimining qaytarilishidir. Shuningdek, ikki palatli parlament (Majilis va Senat) o‘rniga 145 nafar deputatdan iborat bir palatli Qurultoy tashkil etiladi. Bundan tashqari, mamlakat ichki siyosatidagi muhim masalalar bo‘yicha maslahat beruvchi va milliy birlikni mustahkamlovchi yangi organ — Xalq kengashi tuziladigan bo‘ldi.

 

Til va fuqarolik

Yangi tahrirdagi Asosiy qonunda rus tilining maqomiga ham aniqlik kiritildi. Qozoq tili davlat tili sifatida qolgan bo‘lsa-da, davlat tashkilotlarida rus tilining qo‘llanilishi bo‘yicha band «qozoq tili bilan barobar» iborasidan «qozoq tili bilan bir qatorda» shakliga o‘zgartirildi. Mutaxassislarning fikricha, bu o‘zgarish rus tilidan foydalanishni taqiqlamaydi, biroq uning maqomini davlat tili bilan mutlaq tenglikdan ko‘ra, ikkinchi darajali sheriklikka yaqinlashtiradi.

Shuningdek, Konstitutsiyada qo‘shfuqarolikka mutlaq taqiq o‘rnatildi va bu qoidani buzish Qozog‘iston pasportini bekor qilishga asos bo‘lishi belgilandi. Oila institutiga oid bandda esa nikoh «erkak va ayolning ixtiyoriy va teng huquqli ittifoqi» ekani qat’iy qayd etildi. Ijtimoiy sektorda faoliyat yurituvchi nodavlat tashkilotlarga (NNT) esa chet eldan olinadigan mablag‘lar va mulklar haqidagi ma’lumotlarni ochiq e’lon qilish majburiyati yuklandi.

 

Islohotlarning bosh maqsadi

Bu galgi referendum To‘qayevning «Adolatli Qozog‘iston» qurish yo‘lidagi eng muhim qadamlaridan biri sifatida baholanmoqda. Islohotlarning asosiy maqsadi «kuchli prezident — ta’sirli parlament — hisobdor hukumat» formulasini hayotga tatbiq etishdir. 2022-yilgi «qonli yanvar» voqealaridan so‘ng boshlangan bu jarayon Qozog‘istonni superprezidentlik respublikasidan prezidentlik respublikasiga transformatsiya qildi va qarindosh-urug‘chilikka chek qo‘ydi.

Yangi Konstitutsiya, shuningdek, alohida hududlar va shaharlar uchun maxsus huquqiy rejimlarni joriy etishga ruxsat beradi. Bu iqtisodiy rivojlanishni tezlashtirish va moliyaviy erkinlikni ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda. Partiyalarni xorijiy kompaniyalar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan moliyalashtirishning taqiqlanishi esa mamlakatning ichki siyosatiga tashqi ta’sirlarni kamaytirishga qaratilgan strategik qadamdir.

Teglar

Mavzuga oid