Logo

Serbiya O‘zbekistonda elchixona ochishni rejalashtirmoqda

Hozirda O‘zbekiston fuqarolari uchun Serbiya vizasini rasmiylashtirish jarayonlari Ostona shahri orqali amalga oshirilmoqda.

Serbiya O‘zbekistonda elchixona ochishni rejalashtirmoqda

Serbiyaning Mehnat, bandlik, faxriylar va ijtimoiy siyosat vaziri Militsa Stamenkovski O‘zbekiston Migratsiya agentligi direktori Muxsinxo‘ja Abdurahmonov bilan uchrashuvda mamlakatning Toshkentda elchixona ochish rejasini ma’lum qildi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hozirda O‘zbekiston fuqarolari uchun Serbiya vizasini rasmiylashtirish jarayoni Qozog‘istonning Ostona shahri orqali amalga oshirilmoqda.

Viza rasmiylashtirish jarayoni soddalashadi

Serbiya elchixonasining Toshkentda ochilishi o‘zbekistonliklar uchun vizani rasmiylashtirish jarayonini soddalashtirishi kutilmoqda.

Bu yangilik, avvalo, Serbiyaga ishlash uchun boradigan o‘zbekistonliklar uchun ahamiyatli bo‘lishi mumkin.

Mazkur kelishuv ratifikatsiya qilingach, O‘zbekiston Migratsiya agentligi va Serbiya Milliy bandlik xizmati o‘rtasida mehnat migratsiyasi va ishchi kuchi mobilligi bo‘yicha alohida bayonnoma imzolanishi rejalashtirilmoqda.

Serbiya o‘zbekistonlik mutaxassislarga qiziqmoqda

Muzokaralarda Serbiyaning 2027 yilda Belgradda o‘tkaziladigan «EXPO 2027» xalqaro ko‘rgazmasi obyektlari qurilishiga o‘zbekistonlik malakali mutaxassislarni jalb qilishdan manfaatdor ekani ham ma’lum qilindi.

Tomonlar bunday kadrlarni oldindan tayyorlash va munosib mehnat sharoitlariga ega ish o‘rinlariga yo‘naltirish masalalarini muhokama qilgan.

Munosabatlarda yangi bosqich

Serbiyaning Toshkentda elchixona ochish rejasi O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi aloqalar jadallashayotgan davrga to‘g‘ri kelmoqda.

7–8-sentabr kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev Serbiyada rasmiy tashrif bilan bo‘ldi. Tashrif doirasida ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Tomonlar mehnat mobilligi va migratsiyasi, hududlararo hamkorlik hamda boshqa yo‘nalishlarda qator hujjatlarni qabul qildi.

Serbiya TIV elchixonaning ochilishi ikki davlat munosabatlarini yanada rivojlantirishga qo‘shimcha turtki berishini bildirgan.

Hozircha elchixona qachon rasman ish boshlashi va uning aniq manzili bo‘yicha ma’lumot berilmagan.

Teglar

Mavzuga oid

Serbiya O‘zbekistonda elchixona ochishni rejalashtirmoqda | Vaqt.uz