add

Sun’iy intellekt bozori: ChatGPT trafigi pasaydi, Gemini va Grok tez o‘smoqda

Kecha 09:282 daqiqa

Yangi tahlillar ChatGPT auditoriyasi qisqarib borayotganini, Google va Ilon Mask ekotizimiga bog‘langan SI mahsulotlari esa foydalanuvchilarni jadal jalb qilayotganini ko‘rsatdi.

Sun’iy intellekt bozori: ChatGPT trafigi pasaydi, Gemini va Grok tez o‘smoqda

Generativ sun’iy intellekt bozori raqobatning yangi bosqichiga kirdi. Ilk ustunlikka ega bo‘lgan mustaqil SI-platformalar o‘rnini yirik raqamli ekotizimlarga chuqur integratsiyalashgan yechimlar egallamoqda. Bu haqda «Similarweb»ning Investor Intelligence hisobotida qayd etildi.

2026 yil 2-yanvargacha bo‘lgan so‘nggi 12 haftalik ma’lumotlarga ko‘ra, «OpenAI» ishlab chiqqan ChatGPT trafigi 22 foizga qisqargan. Bu holat bozor yetakchisi uchun sezilarli burilish nuqtasi sifatida baholanmoqda.

Shu vaqt ichida raqobatchilar keskin o‘sishni namoyon etdi. «xAI» kompaniyasining Grok chat-boti trafigi 52 foizga oshgan. «Google»ning Gemini mahsuloti esa 49 foizlik o‘sishni qayd etgan. Tahlilchilar bu tendensiyani foydalanuvchilarning alohida veb-platformalardan ko‘ra, o‘zlari har kuni ishlatadigan qidiruv va ijtimoiy tarmoqlarga bog‘langan II vositalarini tanlayotgani bilan izohlaydi.

Bosim faqat ChatGPT bilan cheklanib qolmagan. Ilgari «Google»ga raqobatchi sifatida tilga olingan Perplexity ham so‘nggi uch oyda 27 foiz trafik yo‘qotgan. Kontent yozish va kopiraytingga ixtisoslashgan SI vositalari segmentida ham umumiy trafik 10 foizga kamaygan.

Mutaxassislarning fikricha, bu raqamlar «romantik SI davri» yakunlanayotganini anglatadi. Endi texnologiyaning o‘zi yetarli emas — hal qiluvchi omil sifatida tarqatish kanallari va mavjud mahsulotlarga integratsiya birinchi o‘ringa chiqmoqda.

Investorlar uchun bu mustaqil SI-kompaniyalarini baholashni qayta ko‘rib chiqish signali hisoblanadi. «OpenAI» uchun esa bu strategik burilish nuqtasi bo‘lib, kompaniya yo mutlaqo yangi imkoniyatlarni taklif qilishi, yoki keng qamrovli platformaga aylanishi zarurligini ko‘rsatmoqda.

Teglar

Mavzuga oid