Urushning iqtisodiy fronti: AQSH va Isroil dunyoni iqtisodiy inqiroz yoqasiga olib keldi
AQSH va Isroilning Eronga qarshi boshlagan hujumlari Yevropa va Osiyo qit’alarida jiddiy iqtisodiy tanglikni yuzaga keltirdi. Bunda eng katta zarar energiya resurslari ta’minoti Ho‘rmuz bo‘g‘oziga bog‘lanib qolgan davlatlar chekiga tushdi.

Eron bilan urush tez orada tugaydi, deb bayonot berdi Donald Tramp. Amerika prezidentining ta’kidlashicha, mamlakatda «nishonga olish uchun deyarli hech narsa qolmagan».
Tehron esa, o‘z navbatida, AQSH va Isroil ustidan g‘alaba qozona olmasa-da, ularni mushkul ahvolga solib qo‘yishdan umidvor. «Reuters» agentligining yozishicha, Eron asosiy e’tiborini o‘zining ichki bardoshlilik salohiyatiga va global iqtisodiy tebranishlarni keltirib chiqarish strategiyasiga qaratmoqda.
Qatardan to Saudiya Arabistoniga qadar cho‘zilgan energetika markazlariga yo‘llanadigan zarbalar dunyo bozorini larzaga keltirishi maqsad qilingan.
Darvoqe, Eron hujumining oqibatlari allaqachon ko‘zga tashlanmoqda — neft va gaz shiddat bilan qimmatlashmoqda.
Masalan, «QatarEnergy» suyultirilgan tabiiy gaz (STG) ishlab chiqarishni to‘xtatganidan so‘ng, uning narxi bir yarim barobarga oshdi. «ICE Futures» birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, 3-mart kuni Yevropada gazning aprel fyucherslari narxi so‘nggi uch yil ichida ilk bor 1000 kub metr uchun 800 dollardan oshib ketdi.
Yaqin Sharqdagi yangi mojaro Yevropa va Osiyo mamlakatlariga jiddiy zarba bo‘ldi. Bunda, ayniqsa, Italiya, Belgiya, Xitoy, Hindiston va Janubiy Koreya eng katta talafotlarni ko‘rdi. Mazkur davlatlarning barchasi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali keladigan neft va suyultirilgan tabiiy gaz ta’minotiga bevosita bog‘lanib qolgan. AQSH va Isroilning Eronga hujumlari boshlangunga qadar, ushbu bo‘g‘oz orqali Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan Osiyo va Yevropa yo‘nalishida har kuni 200–300 ta kema qatnovi amalga oshirilar edi.
Hozirda mazkur yo‘nalishdagi yuk tashish tizimi butunlay izdan chiqqan. Endi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan har qanday kema Eron hukumatidan rasmiy ruxsat olishi shart qilib belgilandi. Bu haqda Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) Harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni, kontr-admiral Alirizo Tangsiriy «X» ijtimoiy tarmog‘i orqali bayonot berdi.
Bundan tashqari, «Reuters» agentligining xabar berishicha, Tehron allaqachon Ho‘rmuz bo‘g‘oziga o‘nga yaqin mina qo‘ygan.
«Global hisob-kitob oddiy bo‘lib chiqdi: kim energiya sotib olsa — o‘sha to‘laydi. Ko‘rfazdan neft va gaz import qiluvchi yirik davlatlar boshqalarga qaraganda qattiqroq zarbaga uchradi. Janubiy Koreyada Kospi indeksi atigi bir kun ichida 12 foizga pasaydi. Mamlakatda savdolar bir sessiya davomida ikki marta to‘xtatib qo‘yildi. Seulga keladigan deyarli barcha neft va STG importi aynan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadi», — deb ta’kidladi ekspert Ahmed Yusupov «TRT» nashriga.
Yaponiya, Xitoy va Hindistonda ham shunga o‘xshash qaramlik mavjud. AQSH Energetika ma’lumotlari boshqarmasi (EIA) bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali har kuni taxminan 20 million barrel neft tashiladi — bu dunyo bozoridagi jami taklifning deyarli beshdan bir qismini tashkil etadi.
«Hindiston yana bir kutilmagan tarafdan zarar ko‘rdi: 400 ming tonnadan ortiq eksport qilinadigan basmati guruchi portlarda yoki yo‘llarda qolib ketdi. Ushbu eksportning 75 foizi an’anaviy tarzda Yaqin Sharqqa yo‘naltiriladi», — deydi ekspert.
Yaqin Sharqdagi nizo Yevropa davlatlarini ham chetlab o‘tmadi. Bu borada Belgiya va Italiya eng zaif nuqtalar bo‘lib qolmoqda. Xususan, Italiya Qatardan gaz sotib oluvchi Yevropadagi eng yirik xaridor hisoblanadi. Bu esa yuzaga kelgan «gaz shoki» ushbu mamlakat iqtisodiyotiga hammadan ko‘ra qattiqroq zarba berishidan dalolat beradi.
Biroq tanganing ikkinchi tomoni ham bor: ayrimlar inqiroz zararlarini hisoblayotgan bir mahalda, boshqalar ehtimoliy daromadlarni hisob-kitob qilmoqda. Energetika bozoridagi bu beqarorlikdan, birinchi navbatda, energiya resurslarini eksport qiluvchi mamlakatlar eng ko‘p manfaat ko‘rishi kuzatilmoqda.
«Norvegiya, Kanada va Rossiya uchun kotirovkalarning ko‘tarilishi eksport daromadlarining oshishini anglatadi. Yil boshidan beri «Brent nefti» 36 foizdan ko‘proqqa qimmatlashdi. Yevropada gaz narxi bir necha kun ichida 85 foizdan ko‘proqqa oshdi. «Capital Economics» yuqori narxlar Rossiya budjeti taqchilligini kamaytirishi va Osiyoga yetkazib berish hajmini oshirishini ta’kidlamoqda», — deydi Ahmed Yusupov.
«Telegraph» nashrining yozishicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi dunyo miqyosidagi oylik tabiiy gaz ta’minotining chorak qismigacha qisqarishiga sabab bo‘lishi mumkin.
«Narxlar ko‘tarilayotgan bir sharoitda, Yevropa Ittifoqi 2027-yilgacha Rossiya STG’sidan bosqichma-bosqich voz kechish rejasini qayta ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri kelishi mumkin», — deb qayd etadi nashr.
Amerikaning suyultirilgan tabiiy gaz eksportchilari ham yuzaga kelgan vaziyatdan katta foyda ko‘rmoqda. Ularning terminallari to‘liq quvvat bilan ishlamoqda, har bir partiyadan olinayotgan foyda esa ortib bormoqda. Biroq qisqa fursat ichida ishlab chiqarish va eksport hajmini sezilarli darajada oshirish ancha murakkab vazifa hisoblanadi.
Ekspertlarning fikricha, hozirda eng muhim masala — Yaqin Sharqdagi mojaroning qancha davom etishidir. Agar u qisqa vaqt ichida yakun topsa, dunyo iqtisodiyoti bu holatni jiddiy talofatlarsiz yengib o‘tadi.
Biroq Ho‘rmuz bo‘g‘ozining ikki oy yoki undan ko‘proq muddatga yopib qo‘yilishi bilan kechadigan uzoq muddatli urush — vaziyatni tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin.
«Goldman Sachs» tahliliga ko‘ra, bunday vaziyatda Yevropada gaz narxi ikki barobarga oshish ehtimoli bor.
«Chatham House» prognozlariga ko‘ra, agar neft narxi 100 dollardan yuqori ko‘rsatkichda mustahkamlanib qolsa, Yevropa va Osiyodagi inflatsiya qariyb bir foizga ko‘tariladi.
Mutaxassislar allaqachon dunyo bo‘ylab narx-navoning keskin ko‘tarilishi boshlanganidan ogohlantirmoqda. Tahlilchilarning prognozlariga ko‘ra, yilning ikkinchi yarmida global miqyosda oziq-ovqat inflatsiyasi kuchayishi xavfi yuqori. Bunga Yaqin Sharqdagi nizolar ortidan mineral o‘g‘itlar va ularni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xom ashyo ta’minotida yuzaga kelgan uzilishlar asosiy sabab bo‘lmoqda.
Gap shundaki, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali nafaqat energiya resurslari, balki dunyodagi karbamid savdosining qariyb 35 foizi ham o‘tadi. Bundan tashqari, fosfatli o‘g‘itlar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan oltingugurtning 45 foizigacha bo‘lgan qismi aynan shu yo‘l orqali tashiladi.
Bozorda birja kotirovkalarining keskin yuqorilashi allaqachon kuzatilmoqda. Xususan, so‘nggi haftalarda Yaqin Sharqda granulalangan karbamid narxi taxminan 30 foizga qimmatlashib, bir tonna uchun 560 dollarga yetdi. Yevropa bozorida esa ammiak narxi qariyb 19 foizga ko‘tarilib, bir tonna uchun 725 dollarni tashkil etmoqda.
Tabiiy gaz narxining oshishi ishlab chiqaruvchilar zimmasiga tushayotgan moliyaviy yukni yanada og‘irlashtirmoqda. Zero, «zangori yoqilg‘i» azotli o‘g‘itlar tannarxining qariyb 70 foizini tashkil etuvchi asosiy xom ashyo hisoblanadi. Bundan tashqari, ishlab chiqarishning yuqori darajada markazlashgani vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.
Mutaxassislarning ogohlantirishicha, o‘g‘itlar narxining ko‘tarilishi sababli ulardan foydalanish hajmi 10 foizga qisqarsa, g‘alla hosildorligi 3–5 foizga pasayishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, don va boshqa asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining mutanosib ravishda qimmatlashishiga olib keladi.





