Logo

Xorijliklar O‘zbekistonda onlayn biznes ochishi mumkin bo‘ladi

Bugun 15:022 daqiqa

O‘zbekistonda «Talent Hub» dasturi ishga tushiriladi. Dastur orqali xorijiy mutaxassislar va investorlar masofadan korxona, bank hisobraqami va xalqaro karta ochish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Xorijliklar O‘zbekistonda onlayn biznes ochishi mumkin bo‘ladi © prezident.uz

O‘zbekistonda xorijiy mutaxassislar va investorlarni jalb qilishga qaratilgan «Talent Hub» dasturi ishga tushiriladi. Dastur orqali ular masofadan turib korxona tashkil etish, bank hisobraqami hamda xalqaro karta ochish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda Prezidentga taqdim etilgan davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini joriy etish, startaplar ekotizimini rivojlantirish va telekommunikatsiya sohasida tadbirkorlik muhitini yaxshilashga oid taqdimotda ma’lum qilindi.

Taqdimotda 2030-yilgacha AT xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga yetkazish, mamlakatda 5 mingta faol startap tashkil qilish hamda sohaga 2 milliard dollar investitsiya jalb etish maqsad qilingani ta’kidlandi.

Startaplar uchun yangi imkoniyatlar

Ma’lum qilinishicha, xalqaro «StartupBlink» reytingida O‘zbekiston 31 pog‘ona yuqorilab, eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimlardan biri sifatida qayd etilgan. Toshkent Markaziy Osiyo shaharlari orasida birinchi o‘rinni egallagan.

Shuningdek, Samarqand va Farg‘ona ilk bor dunyoning TOP-1000 startap shaharlari reytingiga kirgan. Soha rivojini qo‘llab-quvvatlash uchun «IT-Park» rezidentlari xodimlariga soliq imtiyozlarini 2040 yilgacha uzaytirish taklif etildi.

Bundan tashqari, «IT visa» va «Zero Risk» dasturlarini kengaytirish, xorijiy buyurtmachilar hamda mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha yangi mexanizmlar ishlab chiqilmoqda.

Eksport va investitsiya rejasi

Rejalarga ko‘ra, AT eksportchi kompaniyalariga oylik ish haqi xarajatlarining bir qismini qoplab berish, xalqaro sertifikatlash xarajatlarini kompensatsiya qilish kabi qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi.

Shu bilan birga, Buxoro va Farg‘onada 20 dan ortiq akseleratsiya dasturlari tashkil etiladi. Mahalliy startaplarni xalqaro bozorlarga olib chiqish ham asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2030 yilgacha venchur investitsiyalar hajmi 2 mlrd dollarga yetkazish belgilangandi.

Teglar

Mavzuga oid