
1 trln so‘mdan ortiq qarz, qurilayotgan pulli tunnel va Qoraqalpog‘istonda mayning uchun maxsus zona — 14 avgust dayjesti
18.08.2025 | 22:019588
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Taxtaqoracha dovonida yangi pulli tunnelni xitoyliklar qurishi mumkin
Xitoyning «Poly Changa» kompaniyasi Taxtaqoracha dovonida yirik pulli tunnel qurish loyihasiga qiziqish bildirmoqda. Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, vazir Ilhom Mahkamov kompaniya bosh direktori Jechun Myao bilan uchrashib, Kitob—Shahrisabz—Qarshi avtomobil yo‘lini qayta qurish hamda Taxtaqorachada tunnel qurish masalalari muhokama qildi. Ushbu kompaniyaning xalqaro tajribasi mazkur yirik infratuzilma loyihasiga jalb etilishi mumkin. Vazir Ilhom Mahkamov 2025 yil iyulida tunnel qurilishi bo‘yicha xalqaro tender o‘tkazilayotganini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, uchta kompaniya da’vogarlik qilmoqda va ulardan biri avgust oyida g‘olib deb topilishi kutilmoqda. Keyinchalik tender g‘olibi bilan shartnoma imzolanib, qurilish ishlari boshlanadi.
Rejaga ko‘ra, tunnel uzunligi 7 kilometrni tashkil etadi va davlat-xususiy sherikchilik asosida barpo etiladi. Loyiha qiymati taxminan 100 mln dollarga baholangan. Yangi tunneldan pulli yo‘l sifatida foydalanish ko‘zda tutilmoqda
.
O‘zbekistonda ishsizlik 5,1 foizga tushdi
O‘zbekistonda 2025 yilning birinchi yarmida ishsizlik darajasi 5,1 foizni tashkil etib, 2024 yilning shu davridagi 5,8 foiz va ikki yil oldingi 8,1 foizdan pastga tushdi. Mehnatga layoqatli aholining 15,4 millioni iqtisodiy jihatdan faol, shundan 14,6 millioni rasmiy ravishda ish bilan band hisoblanadi, 781,6 ming kishi esa ishsiz sifatida qayd etilgan.
Hisobot davrida rasmiy mehnat ulushi 19 foizga oshgan, norasmiy sektor esa 13,6 foizga kamaygan. Norasmiy ish o‘rinlari asosan qishloq xo‘jaligi va qurilishda yuqori bo‘lib, so‘nggi yetti yilda umumiy ulushi 60 foizdan 38 foizga tushgan. Ekspertlar bu holatni rasmiy ish joylaridagi xarajatlarning yuqoriligi bilan izohlaydi, prezident topshirig‘iga ko‘ra esa mehnat bozorida soddalashtirish va samarali shart-sharoit yaratish choralari ko‘rilmoqda.
Qurilish kompaniyalarining soliqdan 1 trln so‘mdan ortiq qarzi bor
2025 yil 1 avgust holatiga ko‘ra, soliq qarzi 100 mln so‘mdan yuqori qurilish korxonalari 1 163 ta, ularning jami qarzi 1 trln so‘mdan ortiq. Shundan 385,3 mlrd so‘mi, ya’ni 38 foizi soliq qarzi eng yirik bo‘lgan 10 ta korxona hisobiga to‘g‘ri keladi. Hududlar kesimida eng ko‘p qarz Toshkent shahrida qayd etilgan — 393,1 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati (123 mlrd so‘m) va Toshkent viloyati (69,9 mlrd so‘m) turibdi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, yirik qarzdor kompaniyalar soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishi davlat byudjeti barqarorligi va iqtisodiyotning shaffofligi uchun muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston biznes muhiti indeksi besh pog‘ona yuqoriladi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining so‘rovnomasiga ko‘ra, har to‘rtinchi tadbirkor oxirgi uch oyda qo‘shimcha xodim ishga olgan. Iyul oyida biznes muhiti indeksi 52 bandni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 bandga yuqori bo‘ldi. Iyun oyidagi holat 47 bandni ko‘rsatgan edi.
Xususan, hozirgi holat indeksi bir yil ichida 44 bandga ko‘tarilib, 14 bandlik o‘sish kuzatildi. Sotuvlar hajmining kengayishi, ishchi kuchiga talabning oshishi va ishlab chiqarish barqarorligi bunni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillar bo‘ldi. So‘rovnomag‘a ko‘ra, kelajakdagi kutilmalar biroz pasaydi — 66 banddan 59 bandga tushdi. O‘tgan oyda esa kutilmalar 6 bandga oshib, 80 band bo‘lishi aytilgan edi. Biroq natijalar kutilgandek bo‘lmadi, aksincha endi pasayish prognoz qilinmoqda.
Qoraqalpog‘istonda mayning uchun maxsus zona tashkil etiladi
Mayning sohasini tartibga solish va rivojlantirish maqsadida Qoraqalpog‘istonda mayning uchun maxsus zona tashkil etiladi. Bu haqda Prezidentning «Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida»gi qarorida keltirilgan.
Qayd etilishicha, maxsus zonada mayning faoliyati faqat qayta tiklanadigan energiya manbalari hisobidan amalga oshiriladi. Shuningdek, yagona energetika tizimiga ulangan holda energiyadan foydalanishda maxsus tariflar joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. Loyiha bo‘yicha hujjatlar Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.





